Jahon | 09:33 / 02.01.2019
7892
2 daqiqa o‘qiladi

Kuba inqilobning 60 yilligini nishonlamoqda

Seshanba kuni tungi soat 24:00da (Toshkent vaqti bilan 09:00) Gavana ko‘rfaziga kirishni qo‘riqlovchi San-Karlos-de-la-Kabanya qadimiy qal'asi devoridan artilleriya zalpi otildi, u Kubada inqilob g‘alabasining 60 yilligi va yangi yil kirib kelganidan darak beradi.

Kuba hukumati mamlakat poytaxtidagi an'anaviy salyut bilan cheklanib, Santyago-de-Kuba sharqiy shahrida bayram tantanalarini tashkil qildi. 60 yil muqaddam Fidel Kastro inqilob g‘alabasini e'lon qilgan maydonda, tungi soat 24:00da milliy madhiya sadolari ostida Kubaning ulkan bayrog‘i ko‘tarildi. Ushbu marosimda minglab fuqarolar qatnashdi.

Foto: Twitter
Foto: AP

Asosiy tadbirlar inqilob yetakchisi Fidel Kastro dafn etilgan Santa-Ifigeniya qabristonida bo‘lib o‘tadi: kutilishicha, marosimda uning ukasi Raul va davlat rahbari Migel Dias-Kanel ishtirok etadi. «Ha - Kuba xalqi va inqilobiy hukumati birgalikda qurgan hamma narsaning quvonchi, himoyasi va bayramiga. 1959 yil yanvar oyida Batista uzoq diktaturasiga chek qo‘ygan hamda Kuba uchun Ozodlik oroli nomini qo‘lga kiritganlarga hurmat va shon-sharaf!» - deya yozgan Dias-Kanel Twitter’dagi sahifasida.

Foto: AP
Foto: AP

1959 yil 1 yanvarda diktator Fulxensio Batista Kubadan qochganligi ma'lum bo‘ldi. Santyago-de-Kubadagi shahar munitsipaliteti binosi balkonidan Fidel Kastro inqilob g‘alabasini e'lon qildi. Shundan so‘ng, uning boshchiligidagi qo‘shinlar 8 yanvarda tantanali ravishda Gavanaga kirdi. Yangi yilning birinchi kuni - Ozodlik kuni - Kubada asosiy milliy bayramlardan biri hisoblanadi.

Mavzuga oid