Chempionlik masalasi ochiq qoldi. APLda tur yakunlari
Yangi yilning dastlabki kunlarida Angliya chempionatida 21-tur uchrashuvlari davom etdi. Turning markaziy uchrashuvi mavsum chempionligi uchun asosiy ikki da'vogar - «Manchester Siti» va «Liverpul» o‘rtasida kechdi.
«Manchester Siti» - «Liverpul» - 2:1 (1:0)
Gollar: Aguero, 40 (1:0). Roberto Firmino, 64 (1:1). Sane, 72 (2:1).
«Manchester Siti»: Ederson, Stouns, Kompani (Otamendi, 88), Lyaport (Uoker, 86), Danilu, Bernardu Silva, Fernandinyu, Silva (Gundo‘g‘an, 65), Sterling, Aguero, Sane.
«Liverpul»: Alisson, Aleksandr-Arnold, Lovren, van Deyk, Robertson, Veynaldum (Starrij, 86), Henderson, Milner (Fabinyu, 57), Saloh, Roberto Firmino, Mane (Shaqiri, 77).
Ogohlantirishlar: Lovren, 20. Kompani, 31. Veynaldum, 38. Lyaport, 45+2. Bernardu Silva, 89. Ederson, 90+5.
Hakam: Teylor.
3 yanvar. Manchester. «Etihad» stadioni.
Gvardiola vs Klopp
«Liverpul» safardan g‘alaba bilan qaytsa, «Manchester Siti» bilan oradagi farqni 10 ochkoga yetkazgan va Chempionlar ligasi pley-offida «Bavariya»ga qarshi kechadigan o‘yinga xotirjamlik bilan tayyorgarlik boshlashi mumkin bo‘lardi.
Ikki jamoa muxlislarini qiziqtiradigan yana bir masala bor edi: Xosep Gvardiola Yurgen Kloppga qarshi o‘yinlardagi statistikasini yaxshilay oladimi? Shu vaqtgacha bu holat Klopp foydasiga 9:5 ko‘rinishida edi (yana ikki o‘yinda durang qayd etilgan). Oxirgi marta Gvardiola o‘zi uchun eng noqulay bo‘lgan Kloppni 2017 yilning sentyabrida mag‘lub etolgandi. O‘shanda birinchi bo‘lim o‘rtalarida mehmonlar hujumchisi Sadio Mane qizil kartochka olib maydonni tark etgan va «Siti» yakunda 5:1 hisobidagi g‘alabaga erishgandi. Shundan keyin ikki jamoa 5 marta uchrashdi, shundan 4tasida mersisaydliklar ustun keldi, beshinchi o‘yinda - joriy chempionatning birinchi davrasida kechgan o‘yinda golsiz durang qayd etildi.
Bunday tarix navbatdagi uchrashuv oldidan katta intriga hosil qilgandi. Gvardiola o‘yindan avvalgi matbuot anjumanida «Liverpul»ni Yevropaning eng kuchli jamoasi sifatida e'tirof etdi, Klopp ham «Manchester Siti» jahondagi eng yaxshi jamoalardan biri ekanini aytdi.
Texnologiya «Siti» foydasiga
Bu o‘yinda ikki murabbiy ham o‘rta chiziqqa e'tibor qaratdi - Fernandino, Bernardu Silva va David Silvaga qarshi Henderson, Milner hamda Veynaldum uchligi. Aynan yarimhimoyachilar o‘z vazifalarini mahorat bilan uddalaganliklari uchun o‘yin teng kurashlar ostida kechdi.
«Siti» darhol mehmonlarni pressing qilishga kirishdi. Mezbonlar bosimni kuchaytirishi bilan Ederson darvozasi oldida xavfli vaziyat yuzaga keldi, bu vaziyatda Fernandino jamoasini qutqardi, lekin bu vaqtga kelib Klopp shogirdlari o‘n kishi bo‘lib pressing uyushtirishga o‘tishgandi.
Ikkinchi xavfli vaziyatda «qizillar» hisobni ochishga juda juda yaqin kelishgandi, ammo 18-daqiqada Manening bergan zarbasini Stounz darvoza chizig‘i ustidan qaytarib yubordi. Ko‘rinishidan to‘p darvoza chizig‘ini kesib o‘tgandek edi, ammo Angliyada joriy etilgan VAR (videotakror) va Hawk-Eye (golni aniqlash tizimi) «Siti»ni goldan qutqardi, ehtimol «Liverpul»ni chempionlikdan 12 millimetr ajratib qoldi.
Agueroning barqarorligi
Shundan so‘ng «Siti» yana o‘yinni kuchaytira boshladi. Avvaliga Sterling David Silvani golli vaziyatga chiqardi, ammo ispaniyalik futbolchi bir urinishda to‘pni darvozaga joylay olmadi, uning yo‘liga van Deyk chiqib to‘pni qaytarib yubordi. Keyin ham niderlandiyalik futbolchi nega o‘zini dunyodagi eng kuchli markaziy himoyachi deb atashlarini isbotladi. U pozitsiya tanlashda sovuqqonlik bilan bexato qarorlar qabul qildi va ikki marta jamoasini gollardan qutqardi.
Ammo mezbonlar baribir birinchi bo‘limdayoq hisobni ochishga erishishdi. Hujumlarning ikkinchi bosqichida «shaharliklar» mehmonlarni xato qilishga majbur qilishdi, bu vaziyatda Agueroni van Deyk emas, Lovren qo‘riqlagani ham golga olib kelgandir, balki. Argentinalik hujumchi xorvatiyalik himoyachidan qochib ketdi va Bernardu Silvaning uzatmasini bir urinishda darvoza to‘riga joyladi. Bu gol Aguero uchun «Liverpul» darvozasiga qatorasiga yettinchi uy uchrashuvida urilgan yettinchi gol bo‘ldi.
Chempionlik intrigasi saqlanib qoldi
Hakamning birinchi bo‘lim yakunlangani haqidagi hushtagi «Siti» foydasiga ishladi. «Liverpul» esa javob qaytarishga ulgurmadi. Ikkinchi bo‘lim boshida van Deyk ham xato qildi, Mane uning xatosini tuzatdi. Bir necha daqiqa o‘tib Sterling raqib jarima maydonida yiqildi va penalti so‘radi. Ammo Entoni Teylor bu vaziyatda hech qanaqa qoida buzilishi yo‘qligini ko‘rsatdi. «Liverpul» ikkinchi golni ham o‘tkazishga yaqin keldi, ammo himoyachilar yaxshi harakat qilishdi. Birinchi bo‘lib Klopp futbolchi almashtirishni boshladi, hali to‘liq sog‘aymagan Milner o‘rnini Fabino egalladi.
O‘yin vaqtining bir soati o‘tib boshlagach, Klopp futbolchilarini faollik bilan oldinga unday boshladi. Uning iltimosini eshitishdi - Arnold qarama-qarshi qanotdagi Robertsonni to‘p bilan ta'minladi, shotlandiyalik himoyachi esa raqib darvozasi qarshisida bo‘sh qolgan Firminoni topdi - 1:1.
Lekin bu gol «Liverpul» uchun taqdir hazili bo‘lib chiqdi. Mehmonlar g‘alaba uchun intilib yana katta kuch bilan oldinga o‘tishdi va jazolanishdi. Lovren offsayd hosil qilishda xatoga yo‘l qo‘ydi va «Siti» tezkor qarshi hujumda gol urib ketdi. Agueroni yopish uchun markazga yugargan Arnold qanotda Saneni bo‘sh qoldirdi, germaniyalik futbolchi sovuqqonlik bilan harakat qilib, jamoasi g‘alabasini ta'minladi.
Qolgan vaqt ichida Ederson Salohning zarbasini bartaraf etib, «Siti»ni goldan saqladi. Manchesterliklarda ham uchinchi golni urish uchun imkoniyatlar bo‘ldi, ammo Alisson oxirigacha «Liverpul»ga durang uchun umid saqlab turdi.
Lekin Klopp shogirdlari ikkinchi golni ura olishmadi va mavsumda ilk marta mag‘lubiyat alamini totib ko‘rishdi. Chempionlik uchun intriga saqlanib qoladigan bo‘ldi, «Siti» peshqadam bilan oradagi farqni 4 ochkoga qisqartirdi.
«Qizillar»ning mag‘lubiyatsiz seriyasi 20 o‘yin bilan kifoyalandi (17 g‘alaba va 3 durang). Gvardiola uchun bu «Siti» boshqaruvidagi 100-g‘alaba bo‘ldi.
Raneri Emeriga shaxmat o‘yinida yutqazdi
«Arsenal» - «Fulhem» - 4:1 (1:0)
Gollar: Chaka, 25 (1:0). Lyakazett, 55 (2:0). Kamara, 69 (2:1). Remsi, 79 (3:1). Obameyang, 83 (4:1).
«Arsenal»: Leno, Papastatopulos, Mustafi (Torreyra, 46), Koselni, Kolashinats, Chaka, Meytland-Nayls, Genduzi, Lyakazett (Remsi, 75), Obameyang, Ivobi (Saka, 83).
«Fulhem»: Riko, Odua, Rim, Kristi (Fosu-Mensa, 56), Le Marshan, Brayan, Kerni, Sisse (Seri, 61), Sessenon, Shyurrle (Kamara, 61), Mitrovich.
Ogohlantirishlar: Fosu-Mensa, 77.
Hakam: Skott.
1 yanvar. London. «Emireyts» stadioni.
Yangi yil arafasidagi yoqimsizliklar
2018 yil oxiri «Arsenal» uchun og‘ir keldi. 28 dekabr kuni klubni 1982 yildan 2013 yilgacha boshqargan prezident Piter Hill-Vud olamni tark etdi, keyingi kuni esa «Enfild»da 1:5 hisobidagi mag‘lubiyat qayd etildi. Qolaversa, mavsum yarmiga kelib «Arsenal»ning lazereti to‘lib qoldi - O‘zil, Mxitaryan, Uelbek, Nacho Monreal, Ektor Bellerin, Holding, Mavropanis kabi futbolchilar jarohatidan tuzala olishmayapti. «Fulhem»ga qarshi o‘yindan oldin bir daqiqalik sukut saqlanishi uchun yetarlicha sabablar bor edi. Lekin statistika mezbonlar tarafida edi - «Fulhem» «Arsenal» uyida 114 yildan buyon g‘alaba qozona olmagandi. Londonliklar o‘yinni hujumkor tarkib bilan boshlashdi - Obameyang, Ivobi va Lyakazett uchligi ilk daqiqalardanoq maydonda edi.
Aynan ular o‘yin boshidanoq Raneri shogirdlarini himoyaga qamab qo‘yishdi. Lekin mezbonlar bosimni susaytirishi bilan Sessenonda ikkita imkoniyat bo‘ldi. Avvaliga u darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatdan foydalana olmadi, keyin qulay vaziyatda turib to‘pni darvoza to‘riga joylay olmadi. Shundan so‘ng «Arsenal» bu xatolarni jazolashga o‘tdi. Lyakazett o‘z vaqtida Ivobini qanotda oldinga tashladi, niyeriyalik futbolchining uzatmasi esa Chakaga kelib tushdi va hisob ochildi.
Bu gol o‘yin yanada tomoshaboproq kechishini kafolatladi. Tanaffusga qadar mezbonlar ketma-ket hujumlar qilishdi, ammo Chaka va Obameyang o‘z imkoniyatlaridan foydalana olishmadi. Mehmonlarda ham javob golini urish uchun imkoniyat bo‘ldi, ammo Leno o‘z vatandoshi Shyurrlening zarbasini bartaraf etdi.
Tanaffusda Emeri futbolchilarning joylashuvini o‘zgartirdi. Himoyachi Shkodran Mustafi o‘rniga yarimhimoyachi Lukas Torreyra tushirildi. Shu tariqa, mezbonlar uch markaziy himoyachi sxemasidan voz kechishdi va maydon markazini mustahkamlashdi. Bu o‘zgarish «kanonirlar» ustunligini ta'minladi, ikkinchi bo‘lim boshidayoq to‘p autdan o‘yinga kiritilgan mahalda to‘p Lyakazettga kelib tushdi va fransiyalik hujumchi qaytarib bo‘lmas zarba berib, hisobni oshirdi. Ko‘p o‘tmay u hisobni yiriklashtirishi ham mumkin edi, ammo u bu safar Rikoni alday olmadi.
Ikkinchi goldan keyin Raneri 5 daqiqa ichida 3 futbolchini almashtirdi. Kristi, Shyurrle va Sisse o‘rniga Fosu-Mensa, Kamara va Seri tushirildi. Italiyalik mutaxassisning futbolchi almashtirishlari izsiz ketmadi, Abubakar Kamara javob goli muallifi bo‘ldi.
«Fulhem» o‘yinni qutqarib qoladigandek ko‘ringandi, ammo Emeri ham to‘g‘ri futbolchi almashtirishni amalga oshirdi. Remsi maydonga tushishidan 4 daqiqa o‘tib uchinchi golni urdi. Uelslik bu futbolchi keyingi mavsumda «Arsenal»da bo‘lmasligi haqiqatga aylanib bormoqda. Ammo u kerakli vaqtda jamoaga yordam berishda davom etmoqda. Ko‘p o‘tmasdan Obameyang o‘yinga nuqta qo‘ydi - 4:1.
Bu gol gabonlik hujumchi uchun Premer-liganing joriy mavsumidagi 14-gol bo‘ldi. «Arsenal» futbolchisi liga to‘purarlari ro‘yxatini boshqarmoqda. «Kanonirlar» yilni ishonchli g‘alaba bilan boshlashdi, ammo 19-o‘rindagi «Fulhem» ustidan qozonilgan yirik g‘alaba hali ko‘p narsani anglatmaydi. Ayniqsa, yaqindagina «Liverpul»dan 5ta gol o‘tkazilganidan keyin.
Vardi Runi va Keyn bilan bir kompaniyada
«Everton» - «Lester» - 0:1 (0:0).
Gol: Vardi, 58.
«Everton» yilning birinchi kunida «Lester»ni qabul qildi. Mehmonlar bu o‘yinga yaxshi kayfiyatda yetib kelishgandi. Ular keyingi 3 o‘yinda 6 ochko jamg‘arishgan, «Chelsi» va «Manchester Siti»ni mag‘lub etishgandi (kutilmaganda «Kardiff»ga qarshi o‘yinda mag‘lub bo‘lindi). Liverpulliklar esa boksing-deyda «Tottenhem» (2:6) va «Brayton»ga (0:1) yutqazishgan, «Byornli» darvozasiga 6 gol urib g‘alaba qozonishgandi (6:1).
O‘yin davomida mezbonlar hujumkor o‘ynashgan bo‘lishsada, Shmeyxel jamoasini gollardan saqlab turdi. Mehmonlar esa yuzaga kelgan ilk imkoniyatdanoq foydalanib qolishdi. Perreyra Vardini qulay vaziyatga chiqardi, tajribali hujumchi jamoasi g‘alabasini ta'minlagan golni urdi. APLda yilning eng birinchi goliga mualliflik qilgan angliyalik hujumchi 2011 yilda va 2017 yillarda yilning birinchi gollariga muallif bo‘lgan Ueyn Runi va Harri Keyn bilan bir kompaniyada.
«Everton» oxirigacha mag‘lubiyatdan qutulib qolishga harakat qildi, ammo o‘yinda hisob saqlanib qoldi. Bu liverpulliklarning oxirgi beshta o‘yindagi to‘rtinchi mag‘lubiyati bo‘ldi.
Kardiff – Tottenhem 0:3 (0:3, 0:0)
Gollar: 0:1 – 3 Keyn, 0:2 – 12 Eriksen, 0:3 – 26 Son Hyon Min.
Kardiff – Eterij, Manga, Morrison, Bamba, Kanningem, Gunnarsson, Paterson, Kamarasa (Rolls, 59), Arter, Merfi (Xoylett, 46), Rid (Mendes-Leyng, 72).
Tottenhem –Loris, Tripper, Sanches, Alderveyreld, Rouz, Uinks, Sissoko, Eriksen, Alli (Lorente, 86), Son Hyon Min (Skipp, 76), Keyn.
Ogohlantirish: Bamba (53).
O‘tgan turda kutilmaganda o‘z uyida «Vulverhempton»ga imkoniyatni boy berib, uchinchi o‘ringa tushib qolgan «Tottenhem» yana g‘alaba qozonishni boshladi. «Shporlar» bu turda «Kardiff» maydonida yirik hisobda g‘alaba qozonishdi – 3:0. Harri Keyn, Kristian Eriksen va Son Hyon Min birinchi bo‘limning ilk 26 daqiqasidayoq o‘z nomlariga bittadan gol yozib qo‘yib, o‘yin taqdirini ancha erta hal etib bo‘lishdi.
«Shporlar» Premer-liganing ushbu mavsumida safarda o‘tkazgan 12ta o‘yinidan 10tasida g‘alaba qozondi. Bu bilan klub o‘z rekordini yangiladi. Bunga qadar londonliklar 2012/13, 2013/14 va 2017/18 mavsumlari boshidan oxiriga qadar mehmondagi 10ta o‘yinda uch ochko olishgan, bular hozirgacha eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lib qolayotgandi.
Shu bilan birga, kechagi bahsning 3-daqiqasida hisobni ochgan Harri Keyn ham o‘ziga xos natija sohibiga aylandi. Endilikda APLda angliyalik ushbu hujumchidan gol o‘tkazmagan klub qolmadi. Keyn «Kardiff»ga qarshi bahsgacha 27ta raqib darvozasini kamida bir martadan ishg‘ol etib ulgurgan edi.
Maurisio Pochettino jamoasini keyingi turda 13 yanvar kuni o‘zini murabbiylikka nomzod sifatida ko‘rayotgan «Manchester Yunayted»ga qarshi boshlab tushadi. Ungacha esa londonliklar Angliya Kubogi 3-bosqichi doirasida «Tranmere» (4 yanvar), Angliya Liga kubogi yarimfinalida «Chelsi» bilan (8 yanvar) to‘qnash kelishadi.
Sulsherning g‘alabali seriyasi
«Nyukasl» – «Manchester Yunayted» – 0:2 (0:0).
Gollar: Lukaku, 64 (0:1). Reshford, 80 (0:2).
«Manchester Yunayted»: de Xea, Valensiya, Djouns, Shou, Lindelef, Mata (Sanches, 63), Errera, Pogba, Matich, Marsiyal (Lukaku, 63), Reshford (Lingard, 87).
2 yanvarning markaziy uchrashuvi Nyukaslda kechdi. Boksing-deyni odatda yuqori formada o‘tkazadigan «qizil iblislar» bu safar umuman yo‘qotishlarga uchramadi. Rafa Benites himoyaviy taktika qo‘lladi, birinchi bo‘limda Mourino ketgach, 4ta gol urib, 3 golga uzatma bergan Pogba ham, asosiy tarkibga qaytarilgan Markus Reshford ham, Ole Gunner Sulsherning qolgan futbolchilari ham mezbonlarning zich himoyasini yorib o‘ta olishmadi.
Bundan tashqari, ilk golli vaziyatni aynan «Nyukasl» futbolchilari yuzaga keltirishdi. Avvaliga kulgili harakati bilan to‘pni yo‘qotgan Fil Jons to‘pni darvozaga yo‘llashga chog‘langan Muhammad Diamening oyoqlari ostidan olib qo‘ydi. Martin Dubravka qo‘riqlagan darvoza yaqinida esa birinchi bo‘limda golga tortuvchi vaziyatlar bo‘lmadi.
Ikkinchi bo‘limda Sulsherning futbolchilarni almashtirishlari o‘z so‘zini aytdi. Mata va Marsiyal o‘rniga Sanches va Lukaku tushirildi. Birinchi gol jarima zarbasi amalga oshirilgan vaqtda, Reshfordning zarbasidan keyin darvozabon to‘pni qo‘lidan chiqarib yubordi va unga birinchi bo‘lib yetib kelgan Lukaku hisobni ochdi. Belgiyalik hujumchi ikkinchi marta zaxiradan tushib ikkinchi marta ham gol urmoqda. Ko‘p o‘tmay Lukaku, Sanches va Reshford kombinatsiyasi gol bilan yakunlandi. «MYu» Sulsher boshqaruvida g‘alabali seriya qayd etmoqda - 4 o‘yinda 4 g‘alaba.
Bornmutdagi yong‘in
«Bornmut» – «Uotford» – 3:3 (3:3)
Gollar: Dini, 14 (0:1). Dini, 27 (0:2). Ake, 34 (1:2). Uilson, 37 (2:2). Sema, 38 (2:3). Freyzer, 40 (3:3).
2 yanvar. Bornmut. Vitality Stadium (Dean Court).
Angliya chempionati muxlislari uchun haqiqiy boksing-dey o‘yinini Bornmutda tashkil etib berishdi.
O‘yin o‘ziga xos tarzda yong‘in bilan boshlandi. Bornmutda kimdir hazillashishga qaror qildi va «Din Kort» stadionining sharqiy tribunasida olov chaqnadi. Shu tufayli «Uotford»ga qarshi o‘yin 15 daqiqaga kech boshlandi.
Asosiy yong‘in esa o‘yinda bo‘ldi. «Bornmut» va «Uotford» bu kecha himoyani unutgan holda o‘ynashga qaror qilishgandi. O‘yinning birinchi bo‘limining birinchi yarmida mehmonlar hujumchisi Troy Dini ikki gol urib ulgurdi. Mehmonlar oktabr oyida Uotforddagi yirik mag‘lubiyat (0:4) uchun revansh olish uchun tushishgandek edi.
Ammo «Bornmut» Natan Ake va Kallum Uilsonning 3 daqiqa ichida urilgan ikki goli bilan javob qaytardi. Dini esa to‘xtay demadi va uning pasidan keyin shvetsiyalik yarimhimoyachi Kenu Sema uchinchi golni urdi. Ammo bir daqiqa o‘tmasdan Rayan Freyzer birinchi bo‘limdagi oltinchi golni darvozaga yo‘lladi. Hech kim, ayniqsa darvozabonlar Asmir Begovich va Ben Fosterlar atrofda nima bo‘layotganini tushunmay qolishgandi. Ular jami 6 gol o‘tkazishgan bo‘lishsada, ko‘plab zarbalarni bartaraf etishgandi. Mezbonlar tanaffusga g‘alabali hisob bilan chiqishi ham mumkin bo‘lgandi, ammo Foster yana bir necha marta jamoasini goldan saqladi.
Ammo ikkinchi bo‘limda jamoalar ehtiyotkorona harakat qilishni ma'qul ko‘rishdi va muxlislar boshqa gol ko‘rishmadi. Dini yana gol urdi, ammo hakam hushtagi chalingandan keyin. Qo‘shimcha vaqtlar davom etayotgan vaqtda mezbonlar darvozasi tomon penalti belgilanishi kerak edi, ammo hakamlar Ake to‘pni qo‘li bilan o‘ynaganini ko‘rmaganga olishdi. «Uotford» durang natija uchun Ben Fosterdan minnatdor bo‘lishi kerak, u ikkinchi bo‘limda ham bir necha marta jamoasini goldan qutqardi.
«Chelsi»ning hujumdagi yo‘qotishlari davom etmoqda
«Chelsi» – «Sauthempton» – 0:0.
«Chelsi»: Arrisabalaga, David Luiz, Aspilikueta, Alonso, Ryudiger, Barkli (Fabregas, 68), Jorjinyu, Kante, Villian (Loftus-Chik, 38), Azar, Morata.
2 yanvar. London. Stamford Bridge.
«Stemford Brij»da turning eng zerikarli o‘yinlaridan biri bo‘lib o‘tdi. Bunga asosiy sabablardan biri jarohatlar edi. «Kristal Pelas»ga qarshi o‘yindan oldin Olive Jiru jarohat olgandi. «Sauthempton»ga qarshi o‘yin arafasida esa Maurisio Sarri Villiandan ayrildi.
«Chelsi» muxlislari uchun yangi yildagi yagona yaxshi yangilik «Borussiya» Dortmunddan 64 million Kristian Pulishich transfer qilingani bo‘ldi. Ammo amerikalik futbolchi keyingi mavsumdan safga qo‘shiladi, uning transferi «Chelsi»ning hujumdagi muammolarini yechib bera olmaydi. Londonliklar «Sauthempton»da debyut qilgan Angus Gann darvozasi tomon 8 marta aniq zarba yo‘llagan bo‘lishsada, bitta ham gol ura olishmadi.
«Vulverhempton» – «Kristal Pelas» – 0:2 (0:0).
Gollar: Ayyu, 83 (0:1). Milivoyevich, 90+5 – s penalti (0:2).
«Haddersfild» – «Byornli» – 1:2 (1:1).
Gollar: Mune, 33 (1:0). Vud, 40 (1:1). Barns, 74 (1:2).
«Vest Hem» – «Brayton» – 2:2 (0:0).
Gollar: Stivens, 56 (0:1). Daffi, 58 (0:2). Arnautovich, 66 (1:2). Arnautovich, 68 (2:2).
Turning qolgan uchrashuvlari APLning yangi yil o‘yinlariga xos tarzda kechdi. «Vest Hem» va «Brayton» o‘rtasida kechgan kichik London derbisida ham ikkinchi bo‘limda 4 gol urildi. Mehmonlar 56 va 58-daqiqalarda ikkita gol urishdi, ammo mezbonlar iroda ko‘rsatib 66 va 68-daqiqalarda Arnautovich tomonidan urilgan gollar evaziga mag‘lubiyatdan qutulib qolishdi.
«Kristal Pelas» esa o‘tgan turda «Tottenhem» maydonidan 3:1 hisobidagi g‘alaba bilan qaytgan «Vulverhempton»ni safarda 2:0 hisobida mag‘lub etdi. «Haddersfild» o‘z uyida «Byornli»ga mag‘lub bo‘lib (1:2), turnir jadvalining eng quyi qismidan mustahkam o‘rin oldi.
Turnirning eng yaxshi assistentlari
Turnir to‘purarlari
Turnir jadvali
Mavzuga oid
19:35 / 23.12.2024
«Siti»dagi inqiroz. Nimalar bo‘lmoqda va nima qilish kerak?
12:02 / 22.12.2024
«Barsa»da inqiroz, «Siti»da antirekord. Kun o‘yinlari
12:24 / 16.12.2024
«Barsa» yana autsayderga yutqazdi, «Siti» kambek qurboni. Kun o‘yinlari
11:17 / 12.12.2024