Sport | 16:50 / 04.01.2019
11204
2 daqiqa o‘qiladi

Qo‘l jangi bo‘yicha ochiq chempionatga start berildi

Bugun, 4 yanvar kuni Toshkentdagi «O‘zbekiston» sport-sog‘lomlashtirish majmuasida qo‘l jangi bo‘yicha O‘zbekiston Qurolli Kuchlari ochiq chempionatiga start berildi.

Ikki kun davom etadigan mazkur chempionat Prezidentning «O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 27 yilligi hamda Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoyishi ijrosini ta'minlash maqsadida o‘tkazilmoqda.

Chempionatda mamlakat Qurolli Kuchlari vazirlik va idoralarining sakkizta jamoasi o‘zaro kuch sinashmoqda.

Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Davlat bojxona qo‘mitasi, Milliy gvardiya tasarrufidagi «Dinamo» jismoniy tarbiya va sport jamiyati qo‘l jangi ustalari g‘oliblik uchun bahsga kirishdi.

Musobaqa 7ta — -65 kg, -70 kg, - 75 kg, - 80 kg, - 85 kg, - 90 kg, hamda 90 kilogrammdan yuqori vazn toifasida tashkil etildi.

Dastlabki saralash va yarim final bahslari natjalariga ko‘ra, -70 kg hamda 90 kilogrammdan yuqori bo‘lgan vazn toifasida kurash olib borgan Mudofaa vazirligi Sport klubining ikki nafar sportchisi final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Final janglari hamda g‘olib va sovrindorlarni taqdirlash marosimi ertaga o‘tkaziladi.

Mavzuga oid