O‘zbekiston | 16:42 / 15.01.2019
7434
2 daqiqa o‘qiladi

Abdulaziz Komilov Jumaxon G‘iyosov bilan uchrashdi

Foto: TIV axborot xizmati

2019 yilning 15 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Shanxay hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlar rahbarlari kengashining qaroriga binoan 1 yanvardan boshlab Toshkent shahrida joylashgan ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi (MATT) Ijroiya qo‘mitasi direktori lavozimini bajarishga kirishgan Jumaxon G‘iyosov bilan uchrashdi.

TIV xabariga ko‘ra, vazir Tojikiston Respublikasi vakilining uch yillik muddatga ushbu lavozimga kirishgani bilan tabriklagan va O‘zbekiston tomonidan terrorizm, ekstremizm va separatizmga qarshi kurashishda a'zo davlatlar hamkorligini ta'minlash bo‘yicha ShHTning asosiy organi hisoblanuvchi MATT faoliyatiga muhim ahamiyat qaratilishini ta'kidlagan.

Uchrashuvda tarixan qisqa muddat ichida birgalikdagi sa'y-harakatlar bilan MATT faoliyatini institutsional rivojlantirish va takomillashtirish borasida ulkan ishlar qilingani, natijada u o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarni to‘laqonli amalga oshirishga qodir tuzilma sifatida shakllangani qayd etildi.

Suhbat davomida 2019 yilda ShHT MATT doirasida o‘tkaziladigan tadbirlar va istiqboldagi rejalar yuzasidan fikr almashildi, deyiladi xabarda.

Mavzuga oid