Sport | 23:40 / 16.01.2019
12183
2 daqiqa o‘qiladi

Osiyo Kubogi. Eron-Iroq to‘qnashuvida durang, Qirg‘iziston pley-offga chiqdi

Birlashgan Arab Amirliklarida Osiyo Kubogining guruh bosqichi nihoyasiga yetmoqda. Bugun «D» guruhida ham so‘nggi tur o‘yinlari bo‘lib o‘tdi.

Guruh bosqichining eng markaziy o‘yinlaridan biri – Eron-Iroq bahsida golsiz durang qayd etildi. Natijada, har ikkala jamoa 7tadan ochko jamg‘ardi. To‘plar nisbatiga ko‘ra eronliklar birinchi, iroqliklar ikkinchi o‘rin bilan pley-offga chiqishdi.

Parallel kechgan bahsda Vetnam terma jamoasi Yaman bilan bellashib, 2:0 hisobida yutdi. Natijada, 3 ochko bilan uchinchi o‘rinni egalladi. Bu jamoa taqdiri guruh bosqichining boshqa o‘yinlari yakunlangach ma'lum bo‘ladi. Yaman birorta ochko jamg‘armay uyiga ravona bo‘ldi.

Vetnam ilk ochkolarini ishlab olish bilan birga to‘plar nisbatini 4:5 ko‘rinishiga keltirdi. Bundan avvalroq «S» guruhida Qirg‘iziston terma jamoasi Filippinni 3:1 hisobida mag‘lub etib, 3 ochko va 4:4 to‘plar nisbati bilan uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan edi. Vetnam qayd etgan natijadan so‘ng, qirg‘izistonliklarning uchinchi o‘rinni egallagan eng yaxshi to‘rtta jamoa ichiga kirishi va pley-off yo‘llanmasini qo‘lga kiritgani oydinlashdi.

Ma'lumot uchun, Qirg‘iziston Osiyo Kubogida ilk marotaba ishtirok etmoqda.

1/8 finalda Qirg‘iziston terma jamoasiga BAA terma jamoasi raqib bo‘ladi. Bunga qadar pley-offning ilk juftligi Tailand–Xitoy qarama-qarshiligi bo‘lishi oydinlashgan edi.

Eslatib o‘tamiz, ertaga «E» va «F» guruhlarida to‘rtta o‘yin bo‘lib o‘tgach, guruh bosqichiga yakun yasaladi. Nimchorak final o‘yinlari 20-22 yanvar kunlariga belgilangan.

Mavzuga oid