Sport | 21:21 / 16.01.2019
30699
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston terma jamoasi Yaponiya bilan o‘yinga tayyor (fotoreportaj)

Ertaga, 17 yanvar kuni Osiyo Kubogida guruh bosqichi yakuniga yetadi. Muddatidan oldin pley-off yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan O‘zbekiston terma jamoasi so‘nggi turda «F» guruhidan nimchorak finalga chiqqan yana bir jamoa – Yaponiyaga qarshi bahs olib boradi.

16 yanvar kuni Al-Ayndagi «Xalifa bin Zayd» sport majmuasida o‘yinoldi rasmiy tadbirlari bo‘lib o‘tdi. Dastlab uchrashuv rasmiylari ishtirokida o‘tgan mitingda ma'lum bo‘ldiki, ertangi bahsda O‘zbekiston oq, Yaponiya ko‘k rangli libosda to‘p suradi. Shundan so‘ng matbuot anjumanining dastlabki qismi Yaponiya termasi bosh murabbiyi Hadzime Moriyasu va yarimhimoyachi Toshihiro Aoyama ishtirokida o‘tdi. Unda yaponlar ustozi nimchorak finalda Avstraliyaga to‘qnash kelishni istamasligi, shu bois o‘yinda g‘olib chiqib, guruh peshqadami bo‘lish niyatida ekanini qayd etdi. JCh-2018dan keyin Yaponiya termasi boshqaruviga kelgan murabbiy, shuningdek, Osiyo Kubogidagi 7ta o‘yin yordamida jamoasi o‘yinini takomillashtirib olishni ham maqsad qilganini qo‘shimcha qildi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Ektor Kuper va yarimhimoyachi Javohir Sidiqov jurnalistlar savollariga javob berdi. Kuper o‘z so‘zida minimum vazifa uddalab bo‘linganidan kelib chiqib, pley-off bosqichi haqida hozirdan o‘ylay boshlagani, shu boisdan jarohatlardan ehtiyot bo‘lishga urinishiga urg‘u berdi. U Misr terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida Afrika Kubogiga borgan vaqtida jarohatlar bilan bog‘liq tajribasidan saboq chiqarganini ta'kidladi. Shu bilan birga, Kuper pley-offning ilk raundidayoq Avstraliya duch kelishi mumkinligiga ahamiyat qaratmayotganini aytdi va raqib tanlamasligini yana bir bor takrorladi.

Kuper qayd etganidek, O‘zbekiston termasining barcha 23 a'zosi sog‘lom va o‘yinga shay holatda.

Anjumanda e'tiborga molik yana bir gap Sidiqov tomonidan yangradi. U o‘smirlar va yoshlar terma jamoalari miqyosida Yaponiyaga qarshi bir necha marta to‘qnash kelganini aytib, ulardan hali birortasida mag‘lub bo‘lmaganini ta'kidladi. Javohir bu haqda yaponiyalik jurnalistning bir yil oldin Xitoyda bo‘lib o‘tgan U-23 Osiyo chempionatini eslatib bergan savoliga javoban gapirgan edi. Eslatib o‘tamiz, 2018 yilning yanvar oyi o‘rtalarida O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi Osiyo chempionati chorak finalida Yaponiya ustidan 4:0 hisobida g‘alaba qozongan, gollardan biriga Javohir Sidiqov mualliflik qilgandi.

Matbuot anjumanidan so‘ng o‘yinoldi rasmiy mashg‘uloti o‘tkazildi. Jarayonni kuzatgan Kun.uz fotomuxbiri Al-Ayndagi stadiondan bir qator e'tiborli lahzalar aks etgan suratlarni taqdim etdi.

Eslatib o‘tamiz, Yaponiya–O‘zbekiston o‘yini ertaga, 17 yanvar kuni Toshkent vaqti bilan soat 18:30da boshlanadi. O‘yinni mezbon BAA vakili Muhammad Abdulla Hassan Muhammad boshqarib boradi.

O‘zbekiston bu uchrashuvda g‘alaba yoki durang qayd etgan taqdirda guruh g‘olibi sifatida keyingi bosqichga yo‘l oladi va nimchorak finalda Qatar yoki Saudiya Arabistoni termasiga qarshi bahs olib boradi; mag‘lubiyat qayd etilgan taqdirda esa chorak final yo‘lida Avstraliya bilan o‘ynashga to‘g‘ri keladi.

Mavzuga oid