Jahon | 19:45 / 17.01.2019
16592
2 daqiqa o‘qiladi

Olimlar kassa cheklarining sog‘liq uchun zararligidan ogohlantirishdi

Illyustrativ foto

Olimlar kassa cheklarini bosish uchun termoqog‘oz tarkibida endokrin tizim kasalliklari bilan bog‘langan bisfenol A kimyoviy moddasini aniqlashdi. Bu haqda Genetic Engineering & Biotechnology News portali ma'lum qildi.

Granada universiteti olimlari boshchiligidagi tadqiqotchilar guruhi Ispaniya, Braziliya va Fransiyadagi do‘konlar va restoranlarda berilgan cheklarni tahlil qilishgan. Ispaniya va Braziliyada bisfenol A moddasi 90 foiz chek namunalarida, Fransiyada esa taxminan yarmida aniqlangan.

O‘rganilgan namunalarda ushbu moddaning miqdori Yevrokomissiya tomonidan o‘rnatilgan me'yordan 30-100 marta ko‘proq bo‘lgani aniqlangan.

Ba'zi cheklarda bisfenol A’ning “zararsiz” muqobili hisoblangan bisfenol S aniqlangan, biroq bu modda ham gormonal buzilishlarga olib keladi.

“Siz mahsulotlarni ochganingizda cheklar mahsulotlarga tegmasligini nazorat qilishingiz kerak. Bundan tashqari, bu cheklarni axlat chelakka tashlash, ularga yozish va mashinalar, karmon yoki sumkalarda saqlash kerak emas”, deb aytgan universitet professori Nikolas Olea.

Olimlarning ta'kidlashicha, bisfenol A bir qator gormonal buzilishlarga olib keladi va onkologik kasalliklar, bepushtlik, autizm, ikkinchi turdagi qand kasalligi va boshqa kasalliklar rivojlanish xavfi bilan bog‘langan. 

Mavzuga oid