O‘zbekiston | 18:43 / 18.01.2019
14218
8 daqiqa o‘qiladi

O‘qituvchi maktabda o‘quvchilarga etikani o‘rgatishni taklif qilmoqda

Boshlang‘ich sinfda bola xotirasida ko‘proq ma'lumotlar saqlanib qoladi, muhim hayotiy ko‘nikmalar oson o‘zlashtiriladi. Bu davrda ularni o‘qish va bilim olishdan chalg‘ituvchi vositalar nisbatan kamroq bo‘ladi. Shu sababli boshlang‘ich ta'limda asosiy e'tiborni butun davr davomida asqotadigan bilim va ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratish maqsadga muvofiq. 

Deylik, o‘quvchiga did-farosat, tartib-intizom, o‘zini tutish. Favqulodda holatlarda to‘g‘ri harakatlanish, hayot xavfsizligi, ijtimoiy munosabatlarni to‘g‘ri shakllantirish va munosib muloqot yuritish kabi ko‘nikmalarni bir necha yo‘nalishlarga ajratgan holda sinfdan tashqari mashg‘ulotlarda singdirib borish katta ahamiyat kasb etadi, deb yozadi Baliqchi tumanidagi 6-maktab o‘qituvchisi​ Shoira Mirzayeva «Ma'rifat» gazetasida e'lon qilingan maqolasida​.

Imzo qo‘yish. Imzo — inson umri davomida turli hujjatlarda uning roziligi, istak-xohishi belgisi sifatida qo‘yiladigan «muhr». U shunchaki yozuv yoki tasdiq belgisi emas, balki insonning shaxsi, savodxonlik darajasi, did-farosatini namoyish etadi. Boshlang‘ich sinfdayoq qanday qilib imzo chekish bo‘yicha dastlabki mashg‘ulotlar o‘tkazilsa, keyinchalik imzoni o‘zgartirish yoki undan uyalish kabi holatlarga duch kelinmaydi. Har bir o‘quvchi o‘z imzosi namunalarini ishlab chiqadi hamda ustozlari va ota-onasi bilan maslahatlashgan holda ulardan birini tanlaydi.

Rasmga tushish. Ba'zi kishilar pasport yoki boshqa rasmiy hujjatlardagi yoki shunchaki esdalik uchun tushgan rasmlarini ko‘rishni uncha xushlamaydi. Butun umrga esdalik bo‘lgani yoki o‘zgartirish imkoni yo‘qligi uchun ham ulardan voz kecha olmaymiz. Vaholanki, boshqa mamlakat fuqarolari hatto rasmiy hujjatlarga ham istagan holatida, jilmayib suratga tushadi.

Qo‘shiq aytish. Hammamiz musiqa darslarida turli qo‘shiqlarni yod olganmiz, birgalikda kuylaganmiz. Lekin negadir barchamiz ayta oladigan birgalikda kuylaydigan qo‘shiqlarimiz yo‘q hisob. Bu, ayniqsa, xorij safarlariga chiqqanda yaqqol seziladi. Qaysi mavzu, qaysi yo‘nalishda bo‘lishidan qat'iy nazar, qo‘shiq ayta olmayman, deya uyalmasdan, o‘z ovoz imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda jo‘rovoz qo‘shiq ayta olish millat vakillarini jipslashtirishga yordam beradi.

Suzish. Istiqomat qiladigan joyimizda tabiiy yoki sun'iy suzish havzalari bo‘lish-bo‘lmasidan qat'iy nazar, farzandlarimiz yaxshi suza olishi, to‘g‘ri kelganda boshqalarning hayotini qutqara olishi kerak. Suv havzalari mavjud bo‘lmagan hududlarda hech bo‘lmasa havo bilan to‘ldirib shishiriluvchi sun'iy hovuzchalar orqali suzishni o‘rgatish mumkin.

Bu borada maxsus dastur qabul qilsa ham bo‘ladi. Chunki bolalar va kattalarning suv havzalarida cho‘kib, hayotdan ko‘z yumish holatlari tez-tez sodir bo‘lib turadi.

Etika qoidalari. Hayot davomida turli tadbir, to‘y-tantana, ziyofat va qabullarda ishtirok etadi. Bunday paytda o‘zini to‘g‘ri tutishi, ovqatlanish, suhbatlarga aralashishi qoidalarini bolalikda o‘zlashtirishi maqsadga muvofiq. To‘g‘ri, oila davrasida, kattalar bilan o‘tirganda bu kabi qoidalar o‘rgatiladi, ammo etika qoidalari kompleks ravishda, turli qiziqarli mashg‘ulotlar orqali o‘rgatilsa, kelgusida faqat foyda keltiradi.

Kiyim tanlash. Libos ham insonning shaxsi, ijtimoiy darajasi, did-farosati va boshqa shaxsiy xususiyatlari to‘g‘risida ma'lumot beradi. Bolalikdan qaysi tur va rangdagi kiyimlar bir-biriga mos kelishi, bo‘y, vazn va boshqa individual xususiyatlarga ko‘ra, shuningdek, boriladigan joyning turiga ko‘ra kiyim tanlash o‘rgatilsa, o‘quvchiga butun umr davomida asqatadi.

Xat, tabrik va tilaklar yozish. Zamonaviy dunyoda axborot almashish keskin tezlashdi. Xat-xabar jo‘natishda vaqt va makon kabi tushunchalar mohiyatini yo‘qotdi. Birgina xabarchani yozish hamda jo‘natish tugmasini bosish bilan u manzilga, o‘z egasining qo‘liga yetib boradi. Muammo ularni to‘g‘ri va bexato yozishda qoladi, xolos. Nazarimda, har bir kishi xat va tabrik yozishda o‘z uslubiga ega bo‘lishi kerak. Bugun o‘quvchi-yoshlarning o‘zaro yozishmalarida toqat qilish qiyin bo‘lgan darajada ko‘plab imlo xatolarini, tabrik va dil so‘zlarini yozishdan erinib, rasmli jo‘natmalarni «kopi-past» qilib yuborish kabi holatlarni uchratamiz. Bu nafaqat tilga, millatga, balki xat va tabriklarni jo‘natayotgan kishilarga nisbatan ham hurmatsizlikdir. Boshlang‘ich sinfda bolalar o‘git va maslahatlarga quloq tutishi, gapga kirishi osonroq bo‘ladi. Savodi endigina shakllanib, so‘zlarni so‘zlarga qo‘shayotgan vaqtda kichik xat va tabriklar yozishni birgalikda mashq qilish orqali bugun aksariyat mukkasidan ketgan savodsizlik, xato va kamchiliklarga chek qo‘yish mumkin.

Telefonda gaplashish qoidalari. Bolalikda bu boradagi ko‘nikmalarni to‘g‘ri shakllantirish, qo‘ng‘iroq qilish, salomlashish, suhbatlashish qoidalarini o‘rgatish, boshqalarni hurmat qilish, vaqtini olmaslik kabilar o‘rgatilishi zarur. Jumladan, telefon qilgan odam birinchi bo‘lib salom berishi, o‘zini tanishtirishi, maqsad-muddaosini aytishi, qo‘ng‘iroqqa javob bo‘lmasa, ketma-ket telefon qilavermasligi zarurligi odatga aylantirilishi kerak.

Notiqlik. Tadbirlar, bayramlar, yig‘ilishlar, davra suhbatlari — hayotimizning bir qismi. Davralarda sizga so‘z berilsa, cho‘chib ketasiz, nima deyishni bilmay, shoshilib qolasiz. Hayajoningiz titrayotgan qo‘llaringizdan sezilib qoladi. Har bir inson o‘z fikri, tilak va istaklari, munosabati, nuqtai nazarini omma oldida dadil ayta olishi kerak. Qolaversa, ommaviy axborot vositalarida intervyu berishning ham uddasidan chiqishimiz lozim. To‘g‘ri, hayajon, qo‘rquv va hadik hammada bo‘ladi. Ammo bularni mashg‘ulotlar, kichik davralar, maktabda uyushtiriluvchi tadbirlar orqali yo‘qotish, notiqlik ko‘nikmalarini shakllantirish mumkin. Muhimi, o‘quvchida o‘ziga ishonchni uyg‘ota olishda.

Shaxsiy gigiyena. Badan, libos, uy-joy, narsa-buyumlar tozaligi — salomatlik va yaxshi kayfiyat garovi. Ular kishining tashrif qog‘ozi ham. Kir-chir, badbo‘y odamdan hamma o‘zini tortadi. Bolalar butun umri davomida toza va ozoda yurish eng muhim masalalardan biri ekanligini bilishlari, toza yurishga odatlanishlari lozim. Maktablarda esa ularga qanday qilib toza yurish, badan, libos va buyumlarni ozoda tutish qoidalari o‘rgatilishi foydadan xoli bo‘lmaydi.

Ko‘pchilik umri davomida shunday kamchiliklardan aziyat chekadi. Bola shaxs sifatida shakllanayotgan davrda shu kabi oddiy, ammo ahamiyatli ko‘nikmalarni shakllantirish faqatgina foydaga xizmat qiladi.

Mavzuga oid