Jamiyat | 09:30 / 27.01.2019
32007
12 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda eskicha fikrlash nima degani? - Ekspertlar fikri

Shavkat Mirziyoyev o‘z chiqishlarida hanuzgacha ko‘plab amaldorlar eskicha fikrlayotgani va O‘zbekistonda muayayn islohotlar amalga oshirilishini istashmasligi haqida ko‘p ta'kidlab o‘tgan.

«Islohotlar albatta eskicha yashash, eskicha ishlashga o‘rganib qolgan ayrim mansabdorlarga yoqmaydi. Buniyam ochiq aytishimiz kerak. Chunki o‘zgarish, yangilanish ularning tinchi va oromini, huzur-halovatini buzadi. Lekin hayot davom etar ekan, hayot talabi bo‘lgan islohotlar ham izchil davom etishi muqarrar. Bu haqiqatni va talabni barcha darajadagi rahbarlar chuqur anglab olishlari zarur», — degan edi prezident 2018 yilning 7 dekabrida.

Umuman olganda, prezident haq. E'tibor bering, atrofda shov-shuv ko‘p, lekin o‘zgarishlar kam. Mavzuning dolzarbligidan kelib chiqib, turli sohalarda faoliyat ko‘rsatayotgan ekspertlar va mutaxassislarga murojaat qildik.

Ular «eskicha fikrlash» borasidagi o‘z mulohazalari bilan o‘rtoqlashishdi.

Sayyora Xo‘jayeva, Demokratiya va inson huquqlari instituti direktori, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Maslahat Kengashi a'zosi:

— Fojia shundaki, amaldorlarga eskicha, ya'ni o‘zgarishlarsiz ishlash juda qulay. Axir o‘zgarish va iliqlashuv — bu ortodokslarni (mustahkam e'tiqodlilar – tahr.) cho‘chituvchi yangilik. Bunday holat yosh tanlamaydi, u katta yoshdagi avlod uchun ham, yosh avlodning ayrim qismi uchun bir xil ta'sir kuchiga ega.

Axir har qanday yangilik — mavhum narsa va u cho‘chitadi.

Faqatgina yuragida o‘ti bor va o‘z vatanini sevuvchilargina har qanday syurprizlardan cho‘chimasdan jangga kirishishga, oldinga intilishga qodir. Mazkur satrlar muallifi ham ana shundaylardan biri. Bundaylar derazalarni ochib, ichkariga toza havo kiritib, o‘z uyini tozalaydigan inson singaridir.

Prezident atrofidagilardan ayrimlar unga pand berib qo‘yayotgani juda taassufli... Ular prezidentga pand bera turib, ajoyib mamlakatimizga nisbatan salbiy munosabat shakllantirishayotgani haqida o‘ylab ham ko‘rishmaydi. Axir prezident — bu vatanning yuzi. Inglizlarda qirolni mulozimlar shakllantiradi, degan gap bor. Davlat rahbari yonidagi mulozimlarga Xudo insof berishini so‘rayman.

Yuliy Yusupov, Iqtisodiy yuksalishga ko‘maklashish markazi direktori:

Men eskicha fikrlash deganda quyidagilarni tushunaman:

·       ochiq-oydin ko‘rinib turgan muammolarni ko‘rmaslik, «lekin bosh uzra osmonimiz musaffo-ku?» kabi uylab topilgan vaj-korsonlar bilan ulardan qochish;

·       sabab-oqibat bog‘liqligini ilg‘ay olmaslik, sabablarga emas, namoyon bo‘lish shakllariga qarshi kurashish;

·       o‘zgarishlardan cho‘chish, «boshga bitgan balo bo‘lmasa edi» qabilida mushohada yuritish;

·       «Yaramas G‘arb nega endi bizga biror foydali narsa taklif etar ekan, axir ular mudom bizni xarob qilishni o‘ylashadi-ku?», «Erkinlik bersak, bu erkinlikdan faqat boyvachchalar va imperialistlar, xalq dushmanlari foydalanishadi — hamma narsani sotib olishadi, talon-toroj qilishadi, xususiylashtirishadi. Yaxshisi hech narsa qilmagan ma'qul…», «Chegaralarni ochsak, bu yaramas imperialistlar kelib hamma narsani sotib olishadi va barcha boyliklarimizni olib ketishadi. Xorijlik baronlarning qo‘lida xizmatchi bo‘lguncha, yaxshisi faqirona hayot kechirgan afzal», kabi turli propagandalar tomonidan singdirilgan qo‘rqinchli stereotiplar orqali fikrlar va yashash;

·       infantilizm, ya'ni «meni o‘sha baxtli kelajakka olib boringlar, lekin men hech narsa qilmasdan o‘sha baxtni darhol va to‘liq qo‘lga kiritay. O‘shanda ham men naqadar baxtli inson bo‘lganimni tanqidiy nuqtai nazardan baholab ko‘raman», kabi fikrlash.

Aziza Umarova, Smartgov Consulting ijrochi direktori:

— Ha, shubhasiz, ijobiy siljishlar bor. Yangi formatdagi insonlar ham paydo bo‘ldi. Lekin tilga olib o‘tilgan eskicha fikrlash turli insonlarda turlicha dozalarda hamon mavjudligi bilan bog‘liq murakkabliklar ham bor.

Nazarimda, eskicha fikrlashda uchta shartli belgi bo‘ladi.

Birinchisi — imitatsiya, ya'ni jamiyatdagi tub muammolarni tan olishdan bosh tortish, buning o‘rniga yuzaki sabablar va uning oqibatlariga diqqatni jamlash. Ya'ni, vaqt kardinal choralar ko‘rish va fundamental o‘zgarishlarni talab etib turgan bir paytda, inson shunchaki buqalamun kabi vaziyatga moslashib, imitatsiya jarayonlarini davom ettirishi va mavjud holatni (status-kvo) yanada mustahkamlashga urinishidir. «O‘zgartirmasdan o‘zgartirish?». Menimcha, bu shunday nomlansa kerak. Eng kambag‘al va nochor qatlamga qarang — yolg‘iz qariyalar, yetimlar, nogironligi bor insonlar — ularning hayotida ko‘p narsa o‘zgargani yo‘q. Eski rahbariyat davrida ijtimoiy himoyaga pul yo‘q deyishardi. Hozirgi ritorika ham shunaqa yangramoqda. Davlat budjeti taqsimlanishi — boshqaruv paradigmasi uchun yaxshi lakmus qog‘ozi.

Ikkinchisi — o‘zi, oilasi va mamlakat uchun rejalashtirishning uzoq gorizontiga ega bo‘lmagan muvaqqat amaldorlarning mentalitetidir. Bulgakovga ko‘ra, «vayronalik hojatxonalarda emas, kallalarda». Muvaqqat amaldorlarning o‘zini tutish modeli jamiyat uchun biror narsani ko‘paytirish emas, imkon qadar ko‘proq yulib qolishga diqqat qaratgan. Butun bir mamlakat taqdirlari kategoriyalar uctida kengroq o‘ylash fursati kelmadimi? O‘n yillar uchun. Keyingi avlodlar uchun. 2040 yilda qayerda bo‘lamiz? 2050 yilda-chi? Mamlakatimizni qanday tasavvur etamiz? Butun Markaziy Osiyo mintaqasini-chi? Bu — har kuni o‘zimizga berishimiz lozim bo‘lgan vizionerlik savollarining darajasi. «Shu yerda va hoziroq» deb, fursatni poylab katta moyanani qo‘lga kiritib, xorijda hashamatli ko‘chmas mulk xarid qilib, farzandlarni o‘sha yoqqa jo‘natib yuborib, o‘zi ham pensiya yoshiga yetgach sekin chiqib ketish, kabi o‘ylamaslik kerak.

Uchinchi belgi — jamiyat manfaatini tor doira manfaatidan yuqori qo‘yishga tayyor emaslik. Shunchaki, prezident minbarlardan turib tilga olayotgan ishlarni bajarish. Elita ezgu maqsadlar atrofida birlasha olmasligi. Holbuki, bu holda jamiyat manfaatlari juda konkretlashgan. Bu shahar va qishloqlardagi uylarda yorug‘lik va issiqlik; yorug‘ va issiq maktab sinfida sifatli ta'limga ega bo‘lish; har qadamda masalalarni tanish-bilish yoki pora evaziga hal qilish zaruriyatidan xalos bo‘lish; bu davlatning iqtisodiyotdagi rolini qisqartirish va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash; bu qonunning shubhasiz ustuvorligi. Oddiy fuqarolarning hayotidagi har qanday o‘zgarishlar korrupsiyaga hamda strukturaviy islohotlarni turli darajada jimgina, biroq sabot bilan sabotaj qilayotganlarga qarshi izchil choralar ko‘rishni taqozo etadi.

Men barchaga bunday eskicha fikrlashdan ongli ravishda chekinishini tilayman. Shu yo‘l bilan biz eski yaralarni tezroq davolab, xalq, millat, davlat sifatida faol rivojlanish fazasiga o‘tamiz.

Rasul Kusherbayev, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati:

— Eskicha fikrlovchi insonlar barchasini shunchaki xo‘jako‘rsinga bajarishadi. 2017 yilning 12 iyulida Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar hamda O‘zbekiston Ekologik harakati vakillari bilan videoselektor yig‘ilishida shunday degan edi: «mumkinmi» degan so‘zni unuting, shablonlarni tark eting». Taassufki, ko‘pchilikda hanuzgacha hadik bor: agar men bu ishni qilsam yoki anavi narsani gapirsam, rahbarim nima derkan? Aynan shuning uchun ayrim joylarda hanuzgacha mansabdorlarning zo‘ravonligi va tahqirlovchi fe'l-atvori saqlanib qolmoqda. Bu demokratik kelajak sari odimlayotgan O‘zbekiston uchun xos bo‘lmasligi kerak. Prezident eskicha fikrlash haqida gapirganida bu feodallarcha boshqaruv va fikrlashdan voz kechish kerakligi tushunilgan edi. Insonlar demokratik jamiyat fuqarolari sifatida fikrlashlari kerak.

Nigora Oqilova, Nestle Uzbekistan kompaniyasining jamoatchilik bilan aloqalar va korporativ kommunikatsiyalar bo‘yicha menejyeri:

— Eskicha fikrlash — dunyoning qolgan qismi bilan birgalikda o‘zgarishlarga tayyor emaslik, degani. Mamlakatning faqatgina qoloqlikka sabab bo‘luvchi yopiqligini saqlashga urinish. Bu qo‘rqish, erinish, o‘ziga ishonmaslik. O‘z ustida ishlash xohishi yo‘qligi, mas'uliyatni gardaniga olishni, birgalikda rivojlanishni istamaslik.

Umid G‘afurov, bloger:

— Hozirgi zamon realliklarini anglamaslik. Yangilik va o‘zgarishlardan qo‘rqish.

Gulsara Sharipova, marketolog:

— Eskicha fikrlash — allaqachon amalda bo‘lmagan reglament bo‘yicha ishlash. U go‘yoki jang allaqachon tugab bo‘lgan bo‘lsa-da, jang maydonida qolib ketgan askarga o‘xshaydi.

Davlat xizmatchisi (ismi va ish joyini e'lon qilmaslikni so‘radi):

— Muammoni ko‘rish, lekin unga e'tibor bermaslik. Davlat idoralarida soat tungi 12gacha qoladigan insonlar ishlashadi, deb o‘ylaysizmi? Yo‘q. Shovqin ko‘p, samara kam. Binobarin, bu insonlar ham eskicha fikrlashadi.

Moliyachi (u ham ismi va ish joyini e'lon qilmaslikni so‘radi):

— Qonunlar va bir talay hujjatlar qabul qilish. Hammasi qog‘ozda, hayotda esa hech narsa o‘zgarmaydi. Bu tekshiruvlar, soliqchilar, hokimliklar bezor qilib bo‘lishdi. Uni qil, buni qil. Tekshirishadi, qo‘ng‘iroq qilishadi. Qanday bo‘lsa, shundayligicha qolgan. Ehtimol, «yuqori» o‘zgargandir, lekin viloyat va tumanlarda eski amaldorlarning barchasi o‘z o‘rnida. Eskicha ishlashda davom etishmoqda.

Biz davlatning boshqa xizmatchilari fikri bilan ham tanishmoqchi edik, lekin ular rahbariyatdan ruxsat so‘rashi kerakligi, ish joylarida ortiqcha muammoga duchor bo‘lishni xohlashmayotganini aytishdi. Garchi biz ularning shaxsiy fikrini so‘rasak-da, ayrimlari hatto har qanday sharh berish ularga taqiqlanganini bildirishdi. Tasavvur qiling, odamlar nimadir deyishga ham qo‘rqishmoqda.

Vaziyat mana shunday. O‘z navbatida, Kun.uz o‘z fikrini bildirishdan cho‘chimagan barcha ekspert va mutaxassislarga minnatdorchiligini bildirib qoladi.

Ulug‘bek Akbarov tayyorladi

Mavzuga oid