Ortiqxo‘jayev: "Nega men Akfa'dagi ulushimni berib yuborishim kerak?"
Toshkent shahar hokimi J.Ortiqxo‘jayev Tashkent City loyihasini amalga oshirishda ishtirok etayotgan kompaniyalarning ayrimlari uning Akfa kompaniyasiga tegishli ekanini tasdiqladi. Shu bilan birga, u hokim sifatida tayinlanayotganida Akfa Group holding kompaniyasi aksiyalarini sotish talab etilmaganini bildirdi. Ortiqxo‘jayev bu haqda Tashkent City loyihasiga doir tashkil etilgan matbuot anjumanida bayonot berdi, deb xabar qilmoqda Kun.uz muxbiri.
Shahar hokimi OpenDemocracy saytida e'lon qilingan maqoladagi faktlar yuzasidan berilgan ochiqlovchi savolga javob berar ekan, Akfa holding kompaniyasi qimmatli qog‘ozlariga ega ekanini ta'kidladi. U, shuningdek, hokim bo‘lishi, aksiyalardan voz kechishini anglatmasligini bildirdi.
«Haqiqatdan Akfa 20 yillik kompaniyam. O‘zim tashkil etganman kompaniyani. To‘g‘risini aytsam, hokim bo‘lish tushimga ham kirmagan. Yarim soat oldin eshitganman hokim bo‘lishimni. Ammo, 20 yillik kompaniyani, to‘g‘risini aytaman, 31 ming ishchisi bilan shundoq tashlab ketish...
Men hokim bo‘lganimda, prezidentimiz shu yerda (kompaniyada-tahr.) orttirgan tajribalaringni, deb hokim sifatida tayinlaganlar. Kompaniya boshqaruvini boshqa insonlarga, shogirdlaringa tashlab ketgin, degan talab bo‘lgan. Lekin hissangni bergin, degan talab bo‘lmagan.
Agar, menda Boeing aksiyasi bo‘lsa, hokim bo‘lib, berib yuborishim kerakmi? Yoki Apple aksiyasi bo‘lsa qo‘limda, men ishni boshqarmayman u kompaniyada, hokim bo‘ldim, uni ham sotishim kerakmi?», - deya javob berdi Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev.
Eslatib o‘tamiz, Buyuk Britaniyaning OpenDemocracy sayti Tashkent City loyihasi tarkibida barpo etilayotgan 2ta turarjoy majmualarini sotish bilan shug‘ullanayotgan Dream City Development sayti J-United korxonasi nomiga ro‘yxatdan o‘tganini, bu yuridik shaxs esa, Ortiqxo‘jayevga tegishli ekani haqida yozgan edi.
Tashkent City loyihasi sarmoyadorlari orasida, Akfa Dream World kompaniyasi ham bo‘lib, u Congress Hall hamda 5 yulduzli Hilton mehmonxonasini barpo etmoqda. Ortiqxo‘jayevga ko‘ra, ushbu ikki bino barpo etilib, foydalanishga topshirilgach, davlatga beg‘araz topshiriladi.
Mavzuga oid
16:35 / 23.12.2024
1 yanvarga o‘tar kechasi Toshkent metropoliteni ish jadvali 2 soatga uzaytiriladi
18:02 / 21.12.2024
Faoliyatda qonun buzilishi, sertifikatsiz o‘qituvchilar va norozi ota-onalar – “NEWTON ACADEMY” o‘quv markazi haqida nimalar ma’lum?
18:36 / 20.12.2024
Toshkentdagi elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini demontaj qilish buyurildi
13:54 / 19.12.2024