O‘zbekiston | 15:00 / 03.02.2019
52400
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda biznes «o‘yin qoidalari» o‘zgaryaptimi? 

Toshkent shahridagi «Yakkasaroy kichik sanoat zonasini boshqarish direksiyasi» DUK hududida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar tushunarsiz, bir vaqtning o‘zida ancha qiyin vaziyatda qoldi.

Kun.uz muxbiriga ma'lum bo‘lishicha, kichik sanoat zonasi rahbariyati 2019 yil yanvar oyidan boshlab ko‘rsatilayotgan direksiya xizmatlari uchun to‘lovni 500 foizga, ya'ni har metr kvadrat uchun 7800 so‘mga oshirgan. 

«Bundan tashqari ijara markaziga to‘laydigan to‘lovimiz ham faoliyat turiga qarab, davlat tomonidan 70 foizgacha oshirilganini inobatga olsak, ekspluatatsiya xarajatlari bunchalik ko‘p miqdorda oshayotganini qanday tushunish mumkin?», — deydi Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan tadbirkorlardan biri. 

Ushbu masalaga oydinlik kiritish maqsadida «Yakkasaroy kichik sanoat zonasini boshqarish direksiyasi» DUK bosh iqtisodchisiga yuzlandik. 

«Direksiya 2018 yilda taxminan 1,1 mlrd. so‘mga teng soliqlarni to‘lagan bo‘lsa, 2019 yilda bizning xarajatlarimiz 19 mlrd. so‘mdan oshmoqda. Shuning 67 foizi soliq yukini tashkil etadi», — deydi u.

Ma'lum qilinishicha, prezident imzolagan «Iqtisodiy rivojlanish sohasida davlat siyosatini amalga oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonda Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasining takliflariga rozilik berilgan. 

Gap shundaki, unda ilgari surilgan «kichik sanoat zonalari ishtirokchilari uchun imtiyoz va preferensiyalarni ularni amaldagi ishtirokchilar uchun 2020 yil 1 yanvargacha saqlab qolgan holda bekor qilish» taklifi ham ma'qullangan. Chunki, kichik sanoat zonalari ishtirokchilariga quyidagi huquqlarni berildi:

  • o‘z mablag‘lari hisobiga qurilgan bino va inshootlarga (yoki ularning qismlariga) mulk huquqini o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtirish;
  • investitsiya va boshqa ijtimoiy majburiyatlarni to‘liq bajargan taqdirda, biroq kichik sanoat zonasi ishtirokchisi maqomini olgan davridan boshlab kamida 5 yil muddat o‘tgandan keyin, o‘zlariga berilgan binolar va inshootlarni (yoki ularning qismlarini) xususiylashtirish;
  • rekonstruksiya qilish yoki kapital ta'mirlashni o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshirgan taqdirda, biroq kichik sanoat zonasi ishtirokchisi maqomini olgan davridan boshlab kamida 3 yil muddat o‘tgandan keyin, binolar va inshootlarni (yoki ularning qismlarini) xususiylashtirish;
  • bino va inshootlarni (yoki ularning qismlarini) rekonstruksiya qilish yoki kapital ta'mirlash uchun kichik sanoat zonasi ishtirokchisi tomonidan ajratilgan mablag‘lar ularni xususiylashtirishda hisobga olinadi.

Muammo nimada, deysizmi? Asosiy masala imtiyoz va preferensiyalar ishtirokchilar uchun saqlanib qolgan holda direksiya uchun bekor qilingan. Endilikda «Yakkasaroy kichik sanoat zonasini boshqarish direksiyasi» DUK yer solig‘i, mulk solig‘i, suv solig‘i, QQS to‘lovchisiga aylangan. DUKning asosiy daromad manbasi faqat zona ishtirokchilariga xizmat ko‘rsatish ekan, u o‘zini bankrotlikdan saqlab qolish xizmat narxlarini oshirishga majbur. Axir bir yilda, deyarli, 18 baravar oshib ketgan xarajatlarni nimadir yo‘l bilan qoplash kerak-ku?

Tadbirkorlar xaroba misoli tashlab qo‘yilgan sobiq To‘qimachilik kombinati negizida qanchalar chiroyli binolar barpo etishganini achinib so‘zlab berishdi. 

«Men bu yerga kelganimda boy edim. Ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yaman, deb qimmatbaho uyimni ham, mashina va do‘konlarimni ham sotdim. Shu yillar davomida qand kasalligini orttirib oldim. Hali sezilarli daromadga kirmadim, lekin ishimga mehrim, kuchimni berdim», — deydi ulardan biri. 

Boshqa tadbirkorning so‘ziga ko‘ra, «xaroba binolarni ishlab chiqarish sharoitlariga moslashtirishga ketgan quvvatdan tashqari, bozor raqobatiga dosh berish ham qiyin masala».

«Malakali ishchilardan yaxshi jamoa tuzish, ishlab chiqarish liniyasini yo‘lga qo‘yish bilan ish bitmaydi. Bozorning shafqatsiz kurashi va raqobatiga dosh berish lozim. Har oy soliqlarni to‘lash, ishchilarga oylik maosh yetkazib turish kerak. Barcha qiyinchiliklardan o‘tganimda ishimni tashlab ketaymi?», — deydi tadbirkor.

O‘zbekiston Prezidenti farmoni, Vazirlar Mahkamasi qaroriga muvofiq, tadbirkorlar o‘zlariga ijaraga berilgan binolarni ta'mirlash, qurish, yangi texnologiyalarni kiritish orqali sarmoyalashi va yangi ish o‘rinlarni tashkil etishi, kichik sanoat zonasi esa o‘z navbatida 10 yil davomida tadbirkorlarga qulayliklar taqdim etishi, jumladan imtiyozlarni ijara shartlarini 10 yil o‘zgarishsiz saqlab turishi lozim edi. 

Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan manbaning aytishicha, «o‘yin qoidalari» shunday o‘zgaryapti: tadbirkorlar oshirilgan narxga ko‘nmasa, «u joyda ishlashni ko‘zlayotganlar juda ko‘p». Bundan tashqari, asosiy masala soliq islohotlari va davlat rahbari imzolagan yuqorida ta'kidlangan hujjatga borib taqalarkan, demak, muammo faqat Toshkent hududida emas, boshqa yerlarda ham kuzatilishi mumkin.

Ammo direksiya talab etayotgan oshirilgan narxga ko‘nib ishlagan tadbirkorlar o‘zining narx siyosatini ham qayta ko‘rib chiqmasligiga kim kafolat beradi? Oxir-oqibat shu oshirishning «jazosi» iste'molchi gardaniga tushmaydimi? 

Bu borada Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasidan izoh so‘rab, murojaat etdik. Afsuski, hozirgacha izohni kutish bilan cheklanishga majburmiz.   ​

Alisher Ro‘zioxunov

Mavzuga oid