Jamiyat | 21:20 / 07.02.2019
33690
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zMU rektori: «Milliy universitet ramzi yer bilan bitta qilinmagan»

Yanvar oyi oxirida internetda O‘zbekiston Milliy universiteti ramzlaridan biri – universitetning asosiy kirish qismidagi marmar kitob buzib tashlangani haqida xabarlar tarqaldi.

Kun.uz muxbiri universitet rektori Avaz Marahimovga shu masalada yuzlandi. «Otaxon universitet» deya ta'riflanuvchi ta'lim dargohining rektori masala yuzasidan izoh berdi.

«Universitetimiz va talabalar shaharchasini global miqyosda ham «flagman» universitetga aylantirish niyatidamiz. Har kun shuning harakatida yugur-yugurdamiz. Talabalar shaharchasining hududi yagona zamonaviy kampusga aylantiriladi.

Marmar kitob monumentining tag qismi buzilgan xolos. Kitob monumenti chetga olib qo‘yilgan. «Beruniy» metrosidan universitetimiz tomonga chiqish qismi, uning atroflari, avval mashinalar qatnov yo‘li bo‘lgan joylar esa sayr uchun yo‘laklariga o‘zgartirilmoqda. Bu ishlar tugaganida, obodonlashtirish loyihasiga ko‘ra yangi qiyofa kasb etadigan kitob monumenti Milliy universitetning markaziy qismi yaqiniga joylashtiriladi», deydi u.

Rektor qurilish va Talabalar shaharchasining markaziy qismi obodonlashtirilishi oqibatida hududda yuzaga kelgan noqulayliklar to‘g‘risida ham o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi: «Obodonlashtirish jarayoni ketayotgan hudud maxsus devorlar bilan ajratilgan. Talabalar aylanib o‘tishi, universitetlariga yetib olishi uchun uch tomondan yo‘llar ochilgan».

Kun.uz muxbiri hududdagi obodonlashtirish ishlari jarayonini borib kuzatdi.

Eslatib o‘tamiz, yanvar oyi oxirida Toshkent shahar hokimligi tomonidan ta'mirtalab bo‘lgan O‘zbekiston Milliy universiteti va talabalar shaharchasi hududlarida keng ko‘lamli qurilish va obodonlashtirish ishlari boshlangandi. Hokimlik matbuot xizmatiga ko‘ra, ta'mirlash va obodonlashtirish ishlari 15 kun ichida o‘z nihoyasiga yetadi. 

«Beruniy» metro bekatining O‘zbekiston Milliy universitet tomoniga olib chiquvchi yerosti yo‘li va chiqish qismi shu kunlarda ta'mirlanmoqda. Hududdagi katta hajmdagi obodonlashtirish ishlari oqibatida piyodalar yo‘lakchalari chiziqlari ko‘rinmas holatga kelgan. Kun.uz odatda Talabalar shaharchasi orqali manziliga boruvchi piyodalarga va haydovchilarga yo‘l-xavfsizlik qoidalariga rioya qilishni tavsiya etadi.

Mavzuga oid