Sport | 19:26 / 15.02.2019
37899
3 daqiqa o‘qiladi

O‘FA Ignatiy Nesterov bilan bog‘liq doping mojarosi yuzasidan bayonot berdi

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi milliy terma jamoa darvozaboni Ignatiy Nesterovdan Osiyo Kubogi vaqtida olingan tahlillarda taqiqlangan modda topilgani haqidagi xabarlarga aniqlik kiritdi.

Assotsiatsiyaning tasdiqlashicha, haqiqatan ham Nesterovdan Osiyo Kubogi doirasida olingan tahlillar natijasida uning qonida taqiqlangan modda aniqlangani haqida Osiyo Futbol Konfederatsiyasi tomonidan O‘FA va «Uhud» klubiga rasmiy xat yuborilgan. 

«Ammo mazkur xatda bu masala bo‘yicha hozirda OFK Tartib-intizom qo‘mitasi ish olib borayotgani, hali yakuniy qaror qabul qilinmagani, ungacha esa bu ma'lumotni oshkor qilmay turish so‘ralgan.

Tabiiyki, yakuniy qaror qabul qilingunga qadar Ignatiy Nesterov hech qaysi jamoa tarkibida maydonga tusha olmasligi ham xatda ma'lum qilingan.

Shunga qaramay, «Uhud» klubi o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida bu ma'lumotni ommaga oshkor qilib, Nesterov doping qabul qilgani tufayli OFK tomonidan chetlatilgani haqida xabar tarqatdi. Bu esa professional klub maqomiga to‘g‘ri kelmaydigan holatdir», – deyiladi O‘FA bayonotida.

Assotsiatsiyaning xabar qilishicha, terma jamoa shifokorlari Ignatiy Nesterov bilan bu masalada suhbatlashganlarida Nesterov Osiyo Kubogi davomida terma jamoa shifokorlarining ruxsatisiz va ularni ogohlantirmay vazn tashlashga yordam beruvchi dori qabul qilgani ma'lum bo‘lgan.

«O‘FA Ignatiy Nesterovning bu xatti-harakatini qoralaydi, shu bilan birga futbolchining ataylab taqiqlangan moddalarni qabul qilish maqsadi bo‘lmaganini, bu dori tarkibidagi ba'zi moddalar taqiqlanganini bilmaganini ma'lum qiladi», - deyiladi rasmiy bildirishda.

«Vazn tashlash boks, kurash kabi sport turlarida sportchiga natijaga erishish uchun yordam berishi mumkin, ammo futbolda bu holatning natijaga erishishga umuman ta'siri yo‘q.  OFK mana shu jihatlarni ham o‘rganib chiqib, Tartib-intizom qo‘mitasi yig‘ilishidan so‘ng yakuniy qarorni qabul qiladi. Ungacha esa barcha ommaviy axborot vositalaridan Ignatiy Nesterov bo‘yicha xabar yozayotganda mana shu jihatlarga e'tibor qaratish so‘raladi», – deya yakunlangan O‘FA bayonoti.

Ma'lumot uchun, hozirga qadar Nesterov «Uhud» tarkibida 2 marta maydonga tushdi va har ikkala o‘yinda jamoasi g‘alaba qozondi. So‘nggi turdan o‘rin olgan «At-Ta'vun» klubiga qarshi bahsda esa qaydnomaga kiritilmadi.

Goal SA ma'lumotiga ko‘ra, «Uhud» Nesterovning o‘rniga boshqa darvozabonni ro‘yxatdan o‘tkazishni so‘rab, Saudiya Arabistoni futbol federatsiyasiga murojaat qilgan

Mavzuga oid