Jahon | 21:00 / 17.02.2019
29552
2 daqiqa o‘qiladi

Skripalning ahvoli yomonlashgan. U vafot etgan bo‘lishi ham mumkin

Foto: wsbuzz.com / Global Look Press

Rossiya razvedka boshqarmasining sobiq polkovnigi, 2018 yilning martida Britaniyaning Solsberi shahrida zaharlangan Sergey Skripalning ahvoli og‘irlashgan. Bu haqda razvedka xizmatidagi manbasiga asoslangan holda The Sunday Times xabar bermoqda.

Skripal qariyb bir yildan buyon shifokorlarning doimiy nazorati ostida qolmoqda. Ayni vaqtda 67 yoshda bo‘lgan Skripal qachondir to‘liq tuzalishi, zaharli modda ta'siridan butkul forig‘ bo‘lishi ma'lum emas. Skripal ishi bilan tanish manbalarga ko‘ra, u yana «muayyan vaqt davomida» tibbiy yordam olishda davom etadi.

Gazeta suhbatdoshining tan olishicha, hech kim Skripalning taqdiridan xabardor emas.

«Uning tanasidan zaharli modda chiqarib tashlangan, ammo uning oqibatlari uzoq vaqt saqlanib qolishi mumkin», deydi Notingem universiteti dotsenti Ueyn Karter.

Qayd etish kerakki, qizi Yuliyadan farqli ravishda Sergey Skripal zaharlanish voqeasidan keyin ommaga ko‘rinish bermagan.

Daily Mail xabarida bu uning o‘limi haqidagi shubhalarga asos bo‘la olishi aytilgan, politsiya esa bunday ehtimolni rad etgan.

Britaniya hukumati iddaosiga ko‘ra, Sergey Skripal va uning qizi Yuliya Rossiya razvedkasi xodimlari tomonidan SSSR hududida ishlab chiqarilgan, asab tizimini falajlovchi «Novichok» moddasi orqali zaharlangan. Londondagilar bu hujum Rossiya oliy rahbariyati topshirig‘i asosida amalga oshirilganini taxmin qilgan. Rasmiy Moskva esa bu hodisaga aloqadorligini qat'iyan rad etgan.

«Novichok» tufayli ingliz politsiyachisi Nik Beyli, shuningdek, oddiy fuqarolar Charli Rouli hamda Don Sterjyess ham zaharlangan. Sterjyess tezda vafot etgan, Beyli va Rouli esa uzoq muddat davomida tiklanish jarayonini o‘tagan, ularning sog‘ligiga jiddiy zarar yetgan.

Mavzuga oid