O‘zbekiston | 15:40 / 18.02.2019
6360
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent vokzallarida Wi-Fi paydo bo‘ldi

Foto: KUN.UZ

«Toshkent-Markaziy» va «Toshkent-Janubiy» temir yo‘l vokzallarida tezligi 100 Mb/s bo‘lgan bepul internet Wi-Fi xizmati tashkil etildi. Ushbu xizmat bosqichma-bosqich amalga oshirilib, kelgusida yurtimizdagi barcha vokzallarda joriy etiladi. Bu haqda «O‘zbekiston temir yo‘llari» axborot xizmati xabar bermoqda.

Ushbu xizmatdan vokzal hududida joylashgan va har qanday uyali aloqa operatorining abonentlari bo‘lgan yo‘lovchilar erkin foydalanishlari mumkin. Temir yo‘l chiptasi bor xorijlik sayyohlar uchun esa, maxsus vaucher hamda bepul internetga kirish imkoni beriladi. Ayni paytda mamlakatdagi barcha temir yo‘l vokzallarida internetga bepul ulanishni kengaytirish bo‘yicha jadal ishlar olib borilmoqda.

Bundan tashqari, Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida ham mazkur Wi-Fi texnologiyasidan foydalanish imkoniyati mavjud. Oliygoh talabalari va professor-o‘qituvchilar uchun internetga ulanish bo‘yicha 70ta nuqta joriy etilgan. Shu bilan birga, ushbu texnologiya «Sihatgoh» sanatoriy-profilaktoriyasida ham qo‘llanilmoqda.

Loyiha «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ hamda SOLA savdo belgisi ostida tanilgan Asia Wireless Group qo‘shma korxonasi bilan birgalikda amalga oshirildi. 

Qayd etilishicha, Wi-Fi'dan bepul foydalanish belgilangan vaqt ichida amal qiladi, so‘ng lozim bo‘lsa PayMe, Click, Paynet to‘lov tizimlari orqali kerakli pul o‘tkazmalari orqali amalga oshiriladi. Visa xalqaro to‘lov tizimi bilan integratsiyasi 2019 yilning o‘rtalarida joriy etish rejalashtirilgan.

Mavzuga oid