Jamiyat | 20:58 / 21.02.2019
32919
2 daqiqa o‘qiladi

Zokirjon Almatov: Bugungi kunlar osonlikcha kelmagan

Foto: O‘zbekiston Milliy universiteti matbuot xizmati

Ichki ishlar vaziri maslahatchisi, general-polkovnik Zokirjon Almatov O‘zbekiston Milliy universitetda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda mustaqillikning dastlabki kunlaridagi qiyinchiliklar haqida so‘zlab berdi.

O‘zbekiston Milliy universiteti matbuot xizmati xabar bermoqda.

«1991 yil. Mustaqillik e'lon qilindi. Oziq-ovqat zaxirasi nari borsa bir haftaga yetar-yetmas qolgan. Hukumat rahbarlari oldida bir masala: nima qilamiz va vaziyatdan qanday chiqamiz?

Bosh urilmagan eshik qolmadi. Qaysidir davlatlar do‘stlik qildi... kimdir tomoshabin, kimdir... Bu kunlardan o‘tdik.

Hali yosh, oyoqqa turib ulgurmagan davlatga «men egalik qilishim kerak», degan iddaolar bilan minbarga chiqib yoshlarni yo‘ldan uruvchi, soxta siyosatchilar paytdan foydalanish payiga tushdilar. Bu ham o‘tdi...

Xalq ichida uyushgan jinoyatchilik, reket degan to‘dalar yoyildi. Ular xalqning mol-mulkiga hech ikkilanmay egalik qilishi holatlari, qotilliklar avj ola boshladi. Ularni jilovlashga erishish ham oson bo‘lmadi...

Terrorizm, islom niqobi ostida ekstremistlar guruhi, missionerlar faoliyati pana-panalarda yoshlarni zaharlashga o‘tdi.

Millatni ichidan yemiruvchi illat giyohvandlik, narkotik moddalar oldi-sotdisiga qarshi tizimli kurashish kerak bo‘ldi.

Bu tinch va xotirjamligimiz bor kunlarimizga yetish oson bo‘lmagan. Yetarlicha qurbonliklar bo‘lgan. Bugun misli ko‘rilmagan yangilanishlar, izlanishlar ketyapti. Uning ortida esa uyqusiz tunlar, zahmatli mehnatlar yotibdi. Bor harakatlarimiz esa siz yoshlar uchun. Sizlar yurtimiz egasisiz. Kuchli davlatga chuqur bilim, tinimsiz izlanish, fidoyilik va vatanparvarlik bilan erishamiz»,-generalning so‘zlarini keltirmoqda Milliy universitet matbuot xizmati.

Mavzuga oid