Jahon | 21:26 / 28.02.2019
33671
2 daqiqa o‘qiladi

Bag‘dodda dunyodagi eng baland bino qurilishi mumkin

Foto: novate.ru

Iroq poytaxti Bag‘dodda dunyodagi eng baland osmono‘par bino qurilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Bag‘dod viloyati gubernatori Faloh al-Jazoiriy ma'lum qildi. 

“Majmuaning qurilishi poytaxtda uy-joy muammosini hal qilishda yordam beradi va Iroqdagi bunday ilk obekt bo‘ladi. Biz g‘oyani amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlaymiz. Ilg‘or muhandislik brigadalari shakllantirildi, ishlar uchun zarur sharoitlar yaratilgan va Bag‘dodning janubida qurilish uchun yer ajratilgan”, deb ma'lum qilgan gubernator. 

Ayni vaqtda yangi loyiha haqida shu ma'lumki, u 1350 metr balandlikka ega 275 qavatli inshoot bo‘ladi. Loyihaning na arxitektori, na narxi, na muddatlari ma'lum qilingan. Agar g‘oya amalga oshsa, Bag‘doddagi yangi bino dunyo rekordchisi hisoblangan, Dubaydagi 828 metrlik “Burj-Halifa”ni ancha ortda qoldiradi. 

Foto:  novate.ru

Bu loyiha Iroq hukumati Bag‘dodda yaqin yillarda amalga oshirishni rejalashtirayotgan yagona yirik loyiha emas. Rejalarda, jumladan, 100 ming tomoshabinga mo‘ljallangan stadionga ega sport shaharchasi barpo etish bor. Bu qurilishga Saudiya Arabistoni homiylik qiladi.

Mavzuga oid