Light | 21:47 / 04.03.2019
23341
7 daqiqa o‘qiladi

«Iblis sindromi»​ga Dostoyevskiy tashxisi 

«Iblislar»​ asari nafaqat rus, balki jahon adabiyotining «o‘qilishi kerak bo‘lgan»​ asarlar ro‘yxatiga kiritilgan. Nega? Bu savolga javob izlab, mutolaani boshladim.  

Ikkita «semizgina»​ kitobdan iborat asar dastlab o‘ta zerikarlidek tuyuladi. Rus adabiyotining 19-asrdagi ruhi, shuningdek, Dostoyevskiyning dastxati yaqqol seziladi: ruhiyati o‘ta yupqalashib qolgan personajlar, «oh-voh»​li suhbatlar, kulrang-qora bo‘yoqlarda chizilgan syujyet, tushkunlik kayfiyati.

Lekin asar tarixiy ahamiyatga ega, unda 19-asrdagi inqilob oqimining dastlabki to‘lqinlari tasvirlangan. Rus intelligensiyasi orasidagi radikal harakatlar, siyosiy fikrlar qarama-qarshiligi aks etgan.

Asar fabulasiga asos bo‘lib, 1869 yilda sodir bo‘lgan hodisa – talaba Ivanovning Nechayev tomonidan o‘ldirilishi xizmat qilgan.

Sergey Nechayev XIX asr revolyutsioneri, nigilist. «Xalq jazosi»​ (Narodnaya Rasprava) radikal oqimi yetakchisi. U jamiyatdagi tartib-qoidalarni buzishga harakat qilgan, atrofidagilarni ham shunga da'vat etgan. Kichik guruhlar tuzib, tartibsizlik keltirib chiqarishga harakat qilgan. Uning g‘oyalari keyinchalik nechayevchilik harakati orqali yoyiladi.

«Har qanday davlatchilik shaklini va davlatchilik an'analarini tag-tomiri bilan yo‘qotib yubora oladigan inqilobgina xalqqa yordam beradi», —​ degan edi Nechayev.

Asarning markaziy personaji Petr Stepanovich Verxovenskiy Sergey Nechayev prototipi asosida gavdalanadi. U «dohiyona qobiliyatlar egasi»​. U aslida nechtaligi o‘zidan boshqa hech kimga ma'lum bo‘lmagan beshlik dastalar tuzib, «Yerni o‘z o‘qidan chiqarishga»​ intiladi. Dasta a'zolari Liputin, Virginskiy, Lyamshin, Tolkachenka, Shigalevning (real hayotda Nechayev, Uspenskiy, Pryjov, Kuznetsov va Nikolayev) har biri g‘oyaning asl mohiyatini teran anglamasa-da, uning amalga oshishi uchun jahd qiladi.

Verxovenskiy, Shatov, Krillov va Stavrogin personajlari eng ziddiyatli shaxslar. Ularga harakatning qanday kechishi muhim emasdek tuyuladi, lekin barchasi o‘sha g‘oya uchun xizmat qiladi.

Stavroginda jamiyatga beparvolik hissi hukmron. Shatovda esa butkul apatiya – atrofga befarqlik. Krillov esa g‘irt mizantrop – u jamiyatdan nafratlanadi, bu tuzumdan xalos bo‘lish yo‘li sifatida o‘limni ko‘radi. Bularning barchasi asardagi «iblis sindromi»​​ning alohida simptomlari»​.

Asarda tasvirlangan radikal harakatning butun mohiyati «beshlik»​ a'zolaridan birining nutqida namoyon bo‘ladi: «bulardan ko‘zlangan maqsad, ijtimoiy asablarni muntazam larzaga solish, jamiyat va uning barcha tizimlarini muntazam izdan chiqarish edi, hammani sarosimaga solish va barcha narsalarni bo‘tqaga aylantirish edi.

Liqirlab omonat bo‘lib qolgan, bitta hukmron yo‘lchi g‘oyaga cheksiz tashna jamiyatni birdan qo‘lga olish, beshlik dastalar tarmog‘iga tayangan holda isyon bayrog‘ini ko‘tarish edi»​.

«Iblislar»​ Dostoyevskiyning siyosiy ruhdagi asarlaridan biri. Rus adiblarining an'anasini munosib davom ettirgan holda muallif polemikani kiritadi – siyosat, ijtimoiy hayot, adabiyot haqida jonli bahs-munozaralar asosiy voqealar fonida kechadi. 

«Jinoyat va jazo»​, «Kambag‘allar»​ asarlarida voqealar mohiyati, personajlarning ruhiyati asosan ichki monologlarda aks etadi, «Iblislar»​da esa muallif ayni maqsadga qahramonlarni muloqotga olib kirib, dialoglar hosil qilish orqali erishadi. 

Asarning ahamiyatli nuqtalaridan biri – undagi ayollar obrazi. Varvara Petrovna, Darya Pavlovna, Lizaveta Nikolayevna va Mariya Lebyadkina – ular voqealar rivojiga ta'sir ko‘rsatmaydi, umumiy syujyetga daxl qilmaydi. 

Lekin protogonistlar – asar markaziy qahramonlarining xulqi, xarakteri aynan ayollar bilan bo‘lgan suhbatlarda, ularning qarshisidagi harakatlarida bor bo‘yicha namoyon bo‘ladi. Nikolay Vsevolodovichning Darya Pavlovnaga qarata aytgan «faqat sizning oldingizdagina men o‘zim haqimda so‘zlay oldim»​, degan so‘zlari ham buni isbotlaydi. 

Eng qizig‘i nimada, bilasizmi? Asarni hikoya qilayotgan «men»​ – Anton Lavrentevich haqida hech qayerda ma'lumot uchramaydi. U voqealarda ishtirok etadi, lekin ularning rivojiga hech qanday ta'sir ko‘rsatmaydi. Faqatgina kitobxonning qo‘lidan yetaklab yurib, hikoya qiladi, syujyet xaritasini chizib beradi.

«Iblis»​larning xulq-atvorida paradoksal holatni kuzatish mumkin: ular uchiga chiqqan ateist, Xudoni hech qanday ko‘rinishda​ tan olmaydi. Ularda Xudoni rad etish hissi shunchalar kuchliki, shu o‘yning o‘zi ularning ilohga qanchalar bog‘liqligini ko‘rsatadi. 

«Mening ilohim ​bu —​ mening mayllarim. Men maylim izmiga ko‘ra ish tutaman», —​ deydi Krillov. Lekin u Xudoga bo‘lgan ishonch hayotiy zarurat ekanligini ham e'tirof etadi.

Zero, «Xudoni inkor qilgan odam Xudoga kashishdan ham ko‘proq ishonadi»​. 

Asar kulminatsiyasi – Verxovenskiy o‘z maqsadini «qon bilan mustahkamlashi»​ uchun​ sobiq talaba Shatovning o‘ldirilishi kerakli harakat edi. U chakana g‘oyalarni targ‘ib qilmayotganini shu orqali isbotlamoqchi bo‘ladi. «Hali yana ko‘p Shatovlar bo‘ladi»​...

Dunyo jamiyatida doim mavjud bo‘lgan va yana tug‘ilishi haqiqatdan uzoq bo‘lmagan mazkur «iblis sindromini»​ asarni o‘zbek tiliga o‘girgan Ibrohim G‘ofurov shunday izohlaydi:

«Yo‘q, bu maxsus rus og‘rig‘i, rus kasali emas. Bu kasal o‘sha paytda ham, hozir ham keng yoyilgan. Dostoyevskiy faqat bu ong og‘rig‘ini uning rus o‘chog‘iga qarab tasvirlagan va jahon uchun shafqatsiz xulosa chiqargan. Bu xulosa tirik haqiqat va doimo harakatda...».

Kitobxon
«Iblislar», Dostoyevskiy

Mavzuga oid