O‘zbekiston | 17:06 / 05.03.2019
6552
3 daqiqa o‘qiladi

Davlat sirlarining muayyan ro‘yxatini shakllantirish taklif etildi 

«Advokat» jurnali bosh muharriri tomonidan davlat sirlarining aniq ro‘yxatini shakllantirish bo‘yicha taklif bildirildi. Unga ko‘ra, «davlat sirlari deganda, aynan qaysi axborotlarning nazarda tutilishi mavhum» va bu jurnalistlar uchun noqulaylik paydo qiladi.

5 mart kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida jurnalistika sohasiga oid huquqiy-normativ aktlarga o‘zgartirish kiritish orqali ularni takomillashtirish bo‘yicha davra suhbati muhokamalari bo‘lib o‘tmoqda. Yig‘ilishda ishtirok etayotgan Kun.uz muxbirining xabar berishicha, jurnalist ma'lumot olish uchun tashkilotlarga murojaat qilganda, turli vajlar bilan so‘rov rad etilishi ma'lum qilingan.

«Ba'zi masalalar bo‘yicha ma'lumot olish uchun tashkilotlarga murojaat qilganimizda, «bu axborot faqat idoraviy foydalanish uchun, ommalashtirilmaydi», degan gaplar, hatto «bu davlat siri», degan javoblarni ham eshitamiz. Bunday vaziyatda jurnalist nima qila oladi?», — deb davraga savol tashlagan «Advokat» jurnali bosh muharriri Nurbek Toshniyoz.

Shu tufayli, jurnal bosh muharriri davlat siri tushunchasiga aniq izoh berib, ro‘yxatni shakllantirishni taklif qildi. 

Amalda shunday holat yuqori lavozimda ishlagan sobiq amaldorlarga nisbatan olib borilayotgan tergov, sud ishlarida yuz beradi. Shuningdek, O‘zbekiston ijtimoiy-iqtisodiy parametrlari, ayrim raqamlar hanuzgacha sir saqlanadi. 

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari - Moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov O‘zbekiston oltin zaxirasi to‘g‘risidagi ma'lumotlar tez kunlarda e'lon qilinishini ma'lum qilgandi. Uning aytishicha, O‘zbekiston ochiq jamiyat sharoitida yashashni o‘rganmoqda. 

«Hukumat barcha bloklarda, xususan iqtisodiyot bloki haqida gap ketganda, doimiy ravishda hamma ma'lumotlarni ochiq-oydin e'lon qilish tartibiga o‘tdi. Hozircha berkitilgan hech nima qolmadi», —degan u.

Mavzuga oid