Jamiyat | 18:21 / 12.03.2019
10948
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonga «Golland» gullarining noqonuniy olib kirilishi fosh etildi

Toshkent viloyati «G‘ishtko‘prik» chegara bojxona postida 43,7 million so‘m qiymatdagi «golland» atirgullarini chegaradan noqonuniy olib o‘tishga uringan shaxs fosh etildi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati xabar bermoqda

«O‘zining Lacetti, Shevrolet Lacetti rusumli avtotransport vositalarini boshqarib, O‘zbekistonga kirib kelgan fuqarolar I.M. va A.A.ning avtotransport vositalari belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi. 

Natijada, mazkur fuqarolarning yo‘lovchi bojxona deklaratsiyalarida yozib ko‘rsatmasdan hamda og‘zaki so‘rovda ma'lum qilmasdan, qiymati 43 750 000 so‘mlik 875 dona har xil rangdagi «Gollandiya» navidagi atirgullarini respublikamizga olib kirayotgani fosh qilindi», — deya ma'lum qilinadi qo‘mita axborotida.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Shuningdek, ushbu chegara post xodimlari tomonidan fuqaro X.M. xolislar ishtirokida shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilganida, yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida yozib ko‘rsatilmagan va og‘zaki so‘rovda aytilmagan, jami og‘irligi 183 gramm bo‘lgan oq metalldan yasalgan, qiymati 5 490 000 so‘mlik 46 dona uzuk, 48 dona kulon, 6 dona zanjir va 1 dona bilakuzuk zargarlik buyumlarini qo‘shni davlatdan yashirib olib kelayotgani aniqlangan.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi qonunlari bilan fuqarolar o‘z ehtiyojlari uchun 65 grammgacha zargarlik buyumlarini olib kirishga ruxsat etiladi.

Mavzuga oid