Jahon | 08:22 / 14.03.2019
4089
2 daqiqa o‘qiladi

Lotin Amerikasi davlatlarida Boeing 737 MAX parvozlari taqiqlandi

Foto: David Ryder/Bloomberg

Braziliya, Meksika, Chili, Kosta-Rika, Kolumbiya, Yamayka fuqarolik aviatsiyasi idoralari Boeing 737 MAX samolyotlaridan foydalanishni vaqtincha taqiqlashdi. Bu haqda RIA «Novosti» xabar bermoqda.

Shu bilan birga, ta'kidlanishicha, Meksika Efiopiyada qulagan laynerga o‘xshash bo‘lgan Boeing 737 MAX 8 hamda Boeing 737 MAX 9’dan foydalanishni taqiqlab qo‘ydi.

Avvalroq, AQSh prezidenti Donald Tramp Qo‘shma Shtatlar hududida Boeing 737 MAX parvozlarini to‘xtatgandi.

10 mart kuni ertalab Boeing 737 samolyoti Efiopiyaning Debre-Zeyt shahri yaqinida halokatga uchradi. Samolyotda 157 kishi bo‘lgan. Halok bo‘lganlar orasida 35ta davlat vakili bor.

Shunga o‘xshash yana bir avialayner 2018 yil Indoneziyada halokatga uchragan. Samolyot parvoz qilganidan 13 daqiqa o‘tib qulagan, 189 kishi halok bo‘lgan.

Boeing 737 MAX - Boeing 737 samolyotlarining to‘rtinchi, eng yangi avlodi. Ushbu seriyadagi samolyotlardan foydalanish 2017 yilda boshlangan. 737 MAX 8 varianti Boeing tarixidagi eng ko‘p sotiluvchi layner sanaladi.

Bundan oldin, Qozog‘istonda Boeing 737 MAX parvozlari to‘xtatilgandi.

Mavzuga oid