Jahon | 23:01 / 18.03.2019
15408
2 daqiqa o‘qiladi

Hindistonlik olimlar tarixdagi eng kuchli momaqaldiroqni qayd qilishdi

Hindistonlik olimlar manfiy elektr zaryadga ega nobarqaror elementar zarracha – myuon yordamida kuzatuvlar tarixidagi eng kuchli momaqaldiroqni qayd qilishdi. Olimlar bunda GRAPES-3 teleskopidan foydalanishgan.

Olimlarning ta'kidlashicha, ular rekord kuchdagi momaqaldiroqni, ya'ni 1,3 mlrd volt kuchlanishga ega elektr energiyani qayd qilishgan.

Olimlar bunda o‘lchashning mutlaq yangi usulidan foydalanishgan. Bu usul ularga myuonlarni o‘lchashga yordam bergan. Myuonlar elektronlarga o‘xshash bo‘lsa-da, ulardan ancha og‘irroq va ularning tahlili olimlarga aniqroq natijalarni olishga imkon beradi.

Teleskop odatda daqiqasiga 2,5 mlnta myuonni qayd qila oladi, biroq momaqaldiroq vaqtida ularning miqdori ancha o‘zgaradi. Olimlar birorta zarrani ham o‘tkazib yubormaslik uchun kuzatuv punktiga qo‘shimcha ravishda elektr maydoni monitorlarini o‘rnatishgan, chunki myuonlar unda sekinroq harakatlanadi va o‘z energiyasini yo‘qotib boradi. Buning evaziga potensiallar farqini hisoblab chiqishga muvaffaq bo‘linadi. 

Yuqoridagi natija bir chaqmoq shunday ulkan miqdordagi elektr energiyani saqlaganini anglatmaydi. Voltlar elektr maydon qanchalik kuchli bo‘lgani ko‘rsatadi, chunki musbat zaryadlangan suv molekulalari dovulli bulut cho‘qqisiga itarib chiqariladi, manfiy zaryadlangan muz esa pastda joylashadi.

Mutaxassislarning aytishicha, qayd qilingan momaqaldiroqning kuchini bir yadro reaktori kuchiga qiyoslasa bo‘ladi.

Mavzuga oid