Jamiyat | 19:13 / 28.03.2019
5500
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ta'lim va mutaxassislik yo‘nalishida xalqaro ko‘rgazma boshlandi

28-30 mart kunlari “Yoshlar ijod saroyi”da O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamkorligida “Ta'lim va mutaxassislik” XX xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda.

Foto: Rustam Nazarmatov\O‘zbekiston yoshlar ittifoqi matbuot xizmati

Ko‘rgazma ta'lim va bandlik yo‘nalishlarida tashkil etilib, unda AQSh, Xitoy, Fransiya, Hindiston, Yaponiya, Germaniya, Latviya, Chexiya, Polsha, Angliya, Malayziya, Vengriya, Ispaniya, Rossiya, Kanada, Shveytsariya, Singapur kabi davlatlardagi 70 ga yaqin nufuzli oliy o‘quv yurtlari va ularning O‘zbekistondagi filiallari, 40 dan ortiq O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan oliy ta'lim muassasalari, 40 dan ortiq xorijda ta'lim olishga ko‘maklashuvchi tashkilotlar, nodavlat ta'lim muassasalari hamda o‘quv kurslari ishtirok etmoqda.

Foto: Rustam Nazarmatov\O‘zbekiston yoshlar ittifoqi matbuot xizmati

Dastlabki kun xalqaro ko‘rgazmaning rasmiy ochilish marosimini O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi bo‘lim mudiri Bunyodbek G‘ofurov va O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi boshqarma boshlig‘i Isomiddin Nuriddinov ochib berdi. Ular O‘zbekiston va xorijiy mamlakatlar o‘quv yurtlarida mavjud mutaxassisliklar bo‘yicha ta'lim olishning imkoniyatlari hamda qo‘shimcha hunar o‘rganish yoki malaka oshirish istagida bo‘lgan yoshlarga respublikamizda faoliyat olib borayotgan o‘quv markazlari to‘g‘risida qisqacha ma'lumot berishdi. 

Foto: Rustam Nazarmatov\O‘zbekiston yoshlar ittifoqi matbuot xizmati

AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati boshlig‘i Syuzanna Vud, Latviyaning O‘zbekistondagi  elchixonasi birinchi kotibi Jidra Liyepina, O‘zbekistonda Britaniya Kengashi direktori Reychel Aylend  ko‘rgazmaning ahamiyati va unda yoshlarning ishtiroki haqida so‘z yuritdi. 

Foto: Rustam Nazarmatov\O‘zbekiston yoshlar ittifoqi matbuot xizmati

— Hozirda 570 nafar o‘zbekistonlik talaba AQShda tahsil olmoqda. Biz ularning safini yanada kengaytirmoqchimiz. Chunki dunyoning bir qator nufuzli oliy ta'lim muassasalari aynan Amerikada joylashgan. Shu sababli, o‘zbekistonlik talabalarda  bizning mamlakatda o‘qish ishtiyoqi baland, – deydi AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati  boshlig‘i  Syuzanna Vud. — O‘zbekistondan o‘qishga borayotgan talabalar asosan, biznes, muhandislik va texnologiyalar bo‘yicha tahsil olishadi. Magistratura yo‘nalishida o‘qimoqchi bo‘lganlar ham ko‘pchilikni tashkil etadi. 

Foto: Rustam Nazarmatov\O‘zbekiston yoshlar ittifoqi matbuot xizmati

Shuningdek, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi qoshidagi markazlar tomonidan yoshlarda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish, axborot texnologiyalari sohasidagi bilimlarini oshirish va xorijiy tillarni o‘rgatishga qaratilgan bepul to‘garaklar va o‘quv kurslarida ta'lim olish to‘g‘risidagi taqdimotlar umumta'lim maktablari, kasb-hunar kollejlari va akademik litsey o‘quvchilari, abituriyentlar hamda talabalarda katta qiziqish uyg‘otdi. 

Foto: Rustam Nazarmatov\O‘zbekiston yoshlar ittifoqi matbuot xizmati

– Ushbu ko‘rgazmaga o‘zbekistonlik yoshlarni Germaniyada ta'lim jarayonlari,  ilmiy izlar olib borish va mavjud stipendiyalar bilan tanishtirish uchun tashrif buyurdik, – deydi Germaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi vakili Simon Kretchmer. —Bu ko‘rgazmada bir necha yildan buyon qatnashib kelyapmiz. Ishtirokimiz davomida mazkur mamlakat yoshlarining ilm olishga qiziqishi, ertangi kuni, kelajagi uchun harakatda ekaniga guvoh bo‘ldim. 

Foto: Rustam Nazarmatov\O‘zbekiston yoshlar ittifoqi matbuot xizmati

Tadbir doirasida bandlikka ko‘maklashuvchi markazlar, yirik kompaniyalar ishtirokida “Bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi” tashkil etilib, Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) hamda Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi  ham qatnashdi.  

Foto: Rustam Nazarmatov\O‘zbekiston yoshlar ittifoqi matbuot xizmati

— Kechagina shu ko‘rgazma haqida xabar topgandim. Bugun esa bir qancha xorijiy universitetlar haqida ma'lumotga ega bo‘ldim, – deydi  ko‘rgazma qatnashchisi Kumush Nazarmatova. —Bu yerda men uchun yaxshi imkoniyat tug‘ildi. Xitoyda 1 yillik til kursida o‘qiydigan bo‘ldim. 

Foto: Rustam Nazarmatov\O‘zbekiston yoshlar ittifoqi matbuot xizmati

Birinchi kundanoq ko‘rgazmaga 3 ming nafardan ortiq yoshlar tashrif buyurdi.

Foto: Rustam Nazarmatov\O‘zbekiston yoshlar ittifoqi matbuot xizmati

Mavzuga oid