Jahon | 14:23 / 29.03.2019
8623
3 daqiqa o‘qiladi

Tereza Meyning ehtimoliy vorislari ma'lum qilindi

Foto: REUTERS

Buyuk Britaniya bosh vaziri lavozimi uchun to‘rt nafar nomzod kurash olib boradi. Bu haqda Financial Times yozmoqda.

Tereza Meyning iste'fosidan so‘ng, bu lavozimga to‘rt nafar siyosatchi asosiy nomzod bo‘lishi mumkin. Ular orasida sobiq tashqi ishlar vaziri Boris Jonson, amaldagi tashqi ishlar vaziri Jyeremi Xant, Brexit ishlari bo‘yicha sobiq vazir Dominik Raab hamda atrof-muhit, oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi vaziri Maykl Gouv bor.

Xabar qilinishicha, so‘nggi nomzodni Yevroittifoqdan chiqib ketgandan keyin kontinental Yevropa bilan munosabatlarga pragmatik yondashuv tarafdori bo‘lgan konservatorlarning parlamentdagi fraksiyasi a'zolari qo‘llab-quvvatlamoqda. Bukmekerlar fikricha, Gouvda g‘alaba qozonish uchun eng katta imkoniyat mavjud. Xant esa partiyaning mo‘'tadil qanoti nomzodi sanaladi.

Gazeta bildirishicha, Meyning ketish haqidagi va'dalaridan so‘ng, agar parlament u tomonidan YeIdan chiqish bo‘yicha taklif etilgan kelishuv shartlarini ma'qullasa, lavozim uchun «shafqatsiz poyga» boshlanadi.

27 mart kuni bosh vazir «mamlakat va partiya uchun zarur bo‘lgan narsaga erishish uchun rejalashtirgandan ko‘ra ertaroq lavozimni tark etishga tayyor»ligi haqida e'lon qildi.

Bunga qadar Buyuk Britaniyadagi qator vazirlar hukumatning amaldagi rahbarini lavozimdan chetlatishga kelishib olgani ma'lum bo‘lgandi.

Yevroittifoq davlatlari yetakchilari 21 mart kuni Buyuk Britaniyaning ittifoqdan chiqib ketishini kechiktirish haqida kelishib oldilar. Agar Britaniya parlamenti YeI bilan kelishuvni tasdiqlasa, unda Brexit 22 mayga qadar qoldiriladi. Aks holda, jarayon faqat ikki haftaga kechiktiriladi va 12 aprel kuni boshlanadi.

Rasman Buyuk Britaniya 2019 yil 29 mart kuni YeIdan chiqib ketishi kerak. Biroq, britaniyalik siyosatchilar mamlakat Yevroittifoqdan qachon, qanday ajralib chiqishi borasida bir yechimga kela olmayapti. Natijada parlament ikki marta Meyning kelishuv bo‘yicha taklifini rad etdi, bu hukumat inqiroziga olib keldi.

Bundan oldin, Yevroittifoq Brexit'ni kechiktirish bo‘yicha ikkita variantni ma'qullagani xabar qilingandi.

Mavzuga oid