Jahon | 00:37 / 09.04.2019
11096
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp AQSh maxfiy xizmati rahbarini iste'foga jo‘natdi – OAV

AQSh prezidenti Donald Tramp AQSh maxfiy xizmati rahbari lavozimidan Rendolf Allesni oldi. Bu haqda AQSh ma'muriyatidagi rasmiy shaxslarga iqtibos keltirgan holda CNN telekanali xabar berdi.  

Ta'kidlanishicha, Tramp Oq uy rahbari lavozimini bajaruvchi Mik Malveyniga Allesning iste'fosini rasmiylashtirishni buyurgan. Biroq Alles hozircha lavozimini egallab turibdi. 

Oq uy va maxfiy xizmat ushbu axborotga izoh bermagan.

Allesning iste'fosiga nima sabab bo‘lgani noma'lum, biroq bu yaqinda Xitoy pasportiga va zararli dastur saqlangan flesh-xotiraga ega xitoylik ayol Trampning Floridadagi Mar-a-Lago maskaniga kira olgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Alles xizmatga 2017 yil apreldan rahbarlik qilgan.

Maxfiy xizmat AQSh pullari qalbakilashtirilishining oldini olish va prezident hamda boshqa yuqori lavozimli shaxslar, muhim hukumat va infratuzilma obektlarini qo‘riqlash uchun javob beradi. Oxirgi vaqtlarda xizmat kiberjinoyatlarni tergov qilish bilan ham shug‘ullanib keladi.

Mavzuga oid