Jahon | 00:29 / 12.04.2019
8651
3 daqiqa o‘qiladi

Assanjning o‘lim jazosi mavjud bo‘lgan AQShga topshirilmasligi kerakligi aytildi

Foto: RIA Novosti / Anastasiya Merjanova

11 aprelda Britaniya politsiyasi tomonidan hibsga olingan WikiLeaks asoschisi Julian Assanj o‘lim jazosi mavjud bo‘lgan AQShga topshirilmasligi kerak. Bunday fikrni Xalqaro jurnalistlar federatsiyasi (IFJ) prezidenti Filipp Lerut bildirdi.

“Julian Assanj jurnalist bo‘lmagani sababli, menda bu ish bo‘yicha aniq izohlar yo‘q. Biroq IFJ jurnalistlar kabi xabar beruvchilarni ham himoyalab chiqadi. Assanj AQShga topshirilmasligi muhimdir, chunki AQShda hamon o‘lim jazosi mavjud”, deb vaziyatga izoh bergan Lerut.

Shuningdek, BMT Bosh assambleyasi raisi Mariya Fernanda Espinosa Garses Assanj huquqlari xalqaro standartlarga muvofiq himoyalanishi kutilayotganini aytgan. Bu haqda Garses vakili Monika Greyli ma'lum qilgan. 

“Bosh assambleya raisi istalgan inson uchun bo‘lishi lozimdek, janob Assanjning huquqlari ham xalqaro standartlarga muvofiq himoyalanishi va rioya qilinishini kutmoqda”, deb aytgan Greyli brifingda.

2012 yildan beri Ekvadorning Londondagi elchixonasida yashirinib kelgan Assanj Shvetsiya va AQSh orderlari bilan hibsga olingan. London sudi uni garovga chiqish shartlarini buzishda aybdor deb topib, uning ishi bo‘yicha sud jarayonini 2 may kuniga belgilagan. AQSh Assanjning ekstraditsiya qilinishini talab qilib keladi.

London sudi qaroriga ko‘ra, AQSh Britaniyaga Assanjning ekstraditsiya qilinishi bo‘yicha barcha hujjatlarni 12 iyungacha taqdim qilishi lozim.

Shuningdek, Ekvador prezidenti Lenin Moreno videomurojaatida Assanjning boshpanaga huquqi nima uchun qaytarib olinganini tushuntirib bergan.

Morenoning aytishicha, ushbu qaror Assanj tomonidan xalqaro konvensiya me'yorlarining bir necha marotaba buzilishi bilan bog‘liq holda qabul qilingan. Ekvador prezidentining ta'kidlashicha, Assanj WikiLeaks orqali maxfiy hujjatlarni tarqatishni davom ettirib, boshqa davlatlar ichki ishlariga aralashmaslik xalqaro qoidasini buzgan; elchixonada ruxsat berilmagan “elektron qurilma” o‘rnatgan; elchixonadagi kuzatuv kameralarini bloklagan; qo‘riqchilarga yomon munosabatda bo‘lgan; elchixona hujjatlaridan ruxsatsiz foydalangan; tashqi dunyo bilan aloqa uchun mobil telefondan foydalangan.

Mavzuga oid