Sport | 14:56 / 13.04.2019
16767
2 daqiqa o‘qiladi

«Yuventus» «Yangi Ronaldu»ni qo‘lga kiritish uchun Dibalani sotib yubormoqchi

Foto: Getty Images

«Yuventus» «Benfika»dan yosh vinger Joau Felishni sotib olish taraddudiga tushdi.

Tuttosport ma'lumotiga ko‘ra, 19 yoshli portugaliyalikning transferi Turin klubiga kamida 100 mln yevroga tushishi mumkin. «Keksa sinora» shu maqsadda hujumchi Paulo Dibalani sotib yuborishga tayyor.

Eslatib o‘tamiz, Felish kuni kecha Yevropa ligasi chorak finali doirasida «Ayntraxt»ga qarshi Lissabonda kechgan ilk o‘yinda (4:2) uchta gol va bitta golli pas muallifi bo‘lgandi. Natijada u musobaqa tarixida het-trik qayd etgan eng yosh futbolchiga aylanish barobarida xalqaro miqyosdagi ilk shaxsiy sovrinini qo‘lga kiritdi – Yevropa ligasida haftaning eng yaxshi futbolchisi bo‘ldi.

Ma'lumot uchun, Joau «Portu» tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U portuliklar akademiyasida 7 yil shug‘ullanib, so‘ng poytaxtga yo‘l olgan va «Benfika» tarkibiga qo‘shilgan. Professional futboldagi debyuti shu mavsum boshiga to‘g‘ri keladi. Hozirga qadar Portugaliya chempionatining 20ta o‘yinida 10ta gol va 4ta samarali uzatma muallifi bo‘lgan.

Mavzuga oid