Jamiyat | 14:25 / 14.04.2019
20919
2 daqiqa o‘qiladi

Askarlar Registonda qasamyod qildi

Foto: O‘zA

«...So‘nggi nafasim qolguncha ona Vatanimning sadoqatli farzandi bo‘lib qolishga, harbiy xizmatning butun mashaqqati va qiyinchiliklarini sabot bilan yengishga, davlat va harbiy sirlarni mustahkam saqlashga ajdodlarim ruhi oldida qasamyod qilaman.

Jonajon O‘zbekistonimning nurli istiqboli uchun uning davlat manfaatlari va mustaqilligining himoyachisi bo‘lishga qasamyod qilaman...»

Foto: O‘zA

Samarqand garnizonidagi harbiy qismlarda muddatli harbiy xizmatni o‘tashga kirishgan bir guruh oddiy askarlar ona Vatanga sodiq xizmat qilishga Samarqand shahridagi Registon maydonida tantanali ravishda harbiy qasamyod qabul qilishdi.

Foto: O‘zA

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan marosimda so‘zga chiqqan Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov, Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni, polkovnik A. Saidov va boshqalar O‘zbekiston milliy armiyasi har tomonlama bugungi talablariga mos shakllanganligi, harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan sharoitlar, harbiylarimizning jangovar tayyorgarligi va salohiyati sarhadlar daxlsizligini ta'minlashga qodir ekanligini alohida ta'kidlab o‘tishdi, deb xabar beradi O‘zA

Foto: O‘zA

— Harbiy xizmat har bir yigit kishini burchi, — deydi oddiy askar Nizom Mamajonov. — Mana shunday burchni o‘tash uchun ajdodlarimizning bebaho merosi muazzam Registon maydonida harbiy qasamyod qabul qilganligimiz bizga yanada mas'uliyat, shijoat va g‘urur bag‘ishlaydi. 

Foto: O‘zA

Registon maydonida harbiy qasamyod qabul qilgan askarlarga Prezident sovg‘asi — « Temur tuzuklari» , «O‘zbekiston tarixi»  kitoblari topshirildi.

Mavzuga oid