O‘zbekiston | 09:36 / 21.04.2019
29134
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston prezidentiga hamdardlik bildirdi

Shavkat Mirziyoyev Qozog‘istonning Jambul viloyatida yo‘l-transport hodisasi oqibatida insonlar halok bo‘lgani munosabati bilan prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayevga hamdardlik bildirdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati ma'lum qildi.

Qozog‘istonning Jambil viloyati Qorday tumanidagi «Toshkent—Olma-ota» trassasining 181-kilometrida 20 aprel shanba kuni mahalliy vaqt bilan tonggi soat 05:09 da 49 nafar yo‘lovchini olib ketayotgan Van Hool rusumli avtobus ishtirokida yo‘l-transport hodisasi ro‘y berdi.

Bu fojia oqibatida 11 kishi halok bo‘ldi. Ulardan 8 nafari Qozog‘iston, 3 nafari O‘zbekiston fuqarosi edi.

32 nafar kishi turli darajadagi tan jarohati olgan, ularning 13 nafari O‘zbekiston fuqarolaridir. Barcha jabrlanganlar Qorday tuman kasalxonasiga yetkazilgan.

«Jarohatlanganlarning uch nafari og‘ir ahvolda», — deyiladi O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma'lumotida.

«O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga ko‘ra favqulodda vaziyatlar, tashqi ishlar, ichki ishlar, sog‘liqni saqlash vazirliklari va boshqa idoralar vakillaridan iborat hukumat komissiyasi tuzildi. Komissiya a'zolari jabrlanganlarga yordam ko‘rsatilishini tashkil qilish va YTH sabablarini o‘rganish maqsadida voqea joyiga yetib keldi. Hukumat komissiyasiga Qozog‘iston tomoni bilan kelishilgan holda halok bo‘lganlar va jabrlanganlarni Vatanga olib kelish, ularning oilalariga zarur yordam ko‘rsatishni tashkil etish vazifasi topshirildi», — deyiladi Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati axborotida.

Mavzuga oid