O‘zbekistonda bir yilda o‘rtacha qancha hajmda suv ishlatilishi ma'lum bo‘ldi
2019 yilning 26 aprel kuni Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida “Suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini keng qo‘llashdagi muammolar va ularning yechimi” mavzusida konferensiya o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining axborot xizmati xabariga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatda foydalanilayotgan suvning qariyb 20 foizi respublika hududida shakllanib, qolgan 80 foizi transchegaraviy daryolar – Amudaryo va Sirdaryodan olinadi.
Mamlakatda bir yilda o‘rtacha 55-56 milliard kub metr hajmida suv ishlatilib, suv resurslarining asosiy qismi yoki 85 foizidan ortig‘i qishloq xo‘jaligida sug‘orish ishlariga sarflanadi. Qishloq xo‘jaligida foydalanadigan suvning asosiy qismi respublika hududiga qo‘shni davlatlar orqali kirib keladi. Bu zaxiralardan imkon qadar samarali foydalanish, tejamkor sug‘orish texnologiyalarini joriy qilish, ya'ni tomchilatib, yomg‘irlatib, tuproq ostidan, egatlarga plyonka to‘shab va ko‘chma egiluvchan plastik quvurlar yordamida sug‘orish usullarini keng joriy qilishni talab etadi.
Shu maqsadda mamlakatda qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishda resurs tejovchi ilg‘or texnologiyalarni joriy qilgan dehqon va fermer xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga qaratilgan qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan. Biroq ko‘rilayotgan choralarga qaramay, bu yo‘nalishda erishilayotgan natijalarni qoniqarli deb bo‘lmaydi. Dehqon va fermer xo‘jaliklariga suvni yetkazib berish xizmati davlat hisobidan amalga oshirilayotganligi sababli fermer xo‘jaliklarining suv tejashga bo‘lgan mas'uliyati yetarli darajada emas. Buning oqibatida mamlakatda mavjud jami 4,3 million gektar sug‘oriladigan yerlarning 328 ming gektarida yoki umumiy ekin maydonining bor yo‘g‘i 7 foizida tejamkor sug‘orish texnologiyalari joriy qilingan.
Shundan kelib chiqib, konferensiyada suv zaxiralaridan oqilona foydalanish va uni muhofaza qilish, jumladan maxsus iste'mol qilish uchun ruxsatnomalar berish bilan bog‘liq faoliyatni tanqidiy ko‘rib chiqish va bu borada davlat nazoratini yanada kuchaytirish choralarini ko‘rish lozimligi ta'kidlandi.
Mavzuga oid
18:05 / 20.12.2024
Sadir Japarov: Qirg‘izistonda tejalgan har bir litr suv qo‘shnilarimizga yordamdir
12:10 / 20.11.2024
O‘zbekistonda foydalaniladigan suv resurslari 90 foizi qishloq xo‘jaligiga to‘g‘ri kelyapti
20:54 / 11.11.2024
Qozog‘iston bahorda Markaziy Osiyo davlatlaridan 11 milliard kub metr suv oladi
08:48 / 08.11.2024