Sport | 13:14 / 01.05.2019
17727
17 daqiqa o‘qiladi

«Yulduzlar mos kelganda». «Ayaks»ning zafarli yurishiga nazar

«Ayaks» hayron qoldirishda davom etyapti. Bu esa, jamoa atrofidagi turli mulohazalarga sabab bo‘lishi tabiiy. Kimdir 90-yillardagi «Ayaks» qaytganini aytsa, yana kimdir Yevropada yangi kuch paydo bo‘layotganini iddao qilmoqda. Kelasi mavsumda jamoaning asosiy yulduzlari sotilib ketishini o‘ylab, ularga achinayotganlar ham bor. Avvalroq, «Manchester Yunayted» haqidagi maqolalarda «Ayaks» nomi tilga olina boshlandi va 2017 yildagi Yevropa Ligasi finali eslandi. O‘shanda bu ikki jamoa maydonga tushgan va inglizlar 2:0 hisobida g‘alaba qozongandi. «Ikki yilda «MYu» qanaqa ahvolga tushdi-yu, «Ayaks»ning yetib kelgan joyini qarang. Mana menejment, deyiladi» ba'zi mulohazalarda.

Bilasizmi, men bu fikrlarning birortasiga ham qo‘shilmayman va «Ayaks»ning natijalaridan qandaydir olamshumul tendensiya qidirishdan yiroqman. O‘sha 2017 yilda amsterdamliklarni boshqargan Piter Bosh jamoani tark etib, Dortmundga bordi va u yerdan iste'foga chiqib ham ulgurdi. Hozir «Bayyer»da ishlayapti. «Ayaks»ning hozirgi murabbiyi Erik Ten Haag bilan Boshning orasida esa, yana ikki murabbiy ishlab ulgurdi. Erikning «Ayaks»ga kelganiga endi bir yildan o‘tdi, xolos. O‘sha final o‘yinida «Ayaks»ning yetakchi o‘yinchilaridan biri bo‘lgan Davinson Sanches hozir «Tottenhem»da, Devi Klassen esa «Verder»da... O‘sha jamoaning hujumdagi yetakchisi Kasper Dolberg esa, asosiy tarkibdagi o‘rnini David Neresga bo‘shatib bergan. Bugungi yetakchi Tadich «Ayaks»dagi ilk mavsumini o‘tkazyapti.

Ya'ni, «Ayaks»ni uch yil Lui van Gaal qo‘l ostida ma'lum darajaga yetib, Yevropani zabt etgan «Ayaks-95»ga o‘xshatish ham, jamoani 2017 yildagi ko‘chatlarning mevasi sifatida qarash ham xato, menimcha.

«Ayaks» o‘sha biz bilgan har doimgi «Ayaks». Har doimgidek yosh yulduzchalar yetarli bo‘lgan, chiroyli o‘yin namoyish etadigan golland jamoasi. Ular yigirma yildan beri qilib yurgan ishlarini davom ettirishmoqda, bu yilgi natija qandaydir o‘zgarish, qandaydir dohiyona tizim yoki munosabat mahsuli emas.

«Manchester Yunayted» yoki «Barselona»da akademiyadan Matteys de Ligt kabi himoyachi chiqib, superyulduzga aylanishini kutish ham xato. Chunki top-jamoalarda futbolchiga 16 yoshdan imkon berilmaydi, 18 yoshda u jamoa sardoriga aylantirilmaydi. «Ayaks» doim bunday siyosatda ishlay oladi, chunki har 20 yildagi mana shunday muvaffaqiyat butun Yevropa ularga tan berishi uchun yetarli. Top-jamoalarda bunday ustunlik yo‘q, ular har yili, har o‘yinda kuchli bo‘lishlari kerak, har safar da'vogar maqomida qolishlari shart. Shuning uchun ham, ular doimiy ravishda akademiyadan yulduz yasashga urinmaydilar ham, undan ko‘ra tayyor yulduzlarni sotib olish arzonroqqa tushadi va natijaga salbiy ta'sir ko‘rsatmaydi.

Demak, «Ayaks» tizimini futbolda trend sifatida qabul qilish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Bugungi sharoitlarda hech qaysi top-klub bu yo‘ldan bormaydi. «Ayaks» o‘zi kabi «PSV» yoki «Portu» kabi o‘ziga o‘xshagan jamoalarga o‘rnak bo‘lishi mumkin, shundoq ham bu jamoalarning ishlash prinsiplari avvaldan o‘xshash. Jamoa tarkibi ham «talamon» bo‘lib ketishiga ishonmayman. De Ligt va De Yong shundoq ham top-klublar nishonida edi. Bular safiga yana van de Bek va Neres qo‘shilar balki. Ziyosh va Tadich kattaroq yoshda va ular boshqa klublardan kelishgan. Blind va Shyone faoliyatlarini shu yerda tugatishsa kerak. 

«Ayaks»ning YeChLning joriy mavsumdagi yurishi esa, futbol uchun qandaydir katta voqea emas. buni aynan bir turnir nuqtai nazaridan, sabablarni ham aynan mana shu o‘yinlardan kelib chiqib tahlil qilgan to‘g‘riroq bo‘lardi, deb o‘ylayman. Xo‘sh, asosan qaysi faktorlar «Ayaks»ni final ostonasiga olib kelib qo‘ydi?

BOSIM YO‘QLIGI VA TARKIB

«Tottenhem»dagi kechagi o‘yindan keyin ko‘pchilik «Ayaks»ning dadil o‘yinini e'tirof etdi va chorak finalda xuddi shu stadionda mehmon bo‘lgan «Manchester Siti» bilan qiyosladi. Esingizda bo‘lsa, Pep Gvardiola o‘sha o‘yinda o‘ta ehtiyotkor taktika tanlagan va o‘yin juda yopiq va zerikarli tus olgandi. Ko‘pchilik o‘shanda ispaniyalik murabbiyni ayblagan ham.

Albatta, gap bu yerda «Ayaks» manchesterliklardan farqli ravishda Londonda hujumkor o‘ynay olish salohiyatiga ega ekanida emas, Erik Ten Haagning holati Gvardiolanikidan keskin farq qilishida. Pep Gvardiola Manchesterga jamoani Yevropaning eng kuchli jamoalaridan biriga aylantirish va shuningdek, Chempionlar Ligasida g‘olib chiqish uchun ham taklif etilgan. O‘tgan mavsumda APLni katta farq bilan yutgan murabbiydan endi yevrokuboklarda ham muvaffaqiyat kutishadi. Har qanday bosqichdagi mag‘lubiyat «Manchester Siti» uchun katta muvaffaqiyatsizlik sanaladi. Gvardiolada «Tottenhem»ga qarshi dadilroq o‘ynash imkoniyati va buning uchun ijrochilar saviyasi «Ayaks»dan ko‘ra kattaroq bo‘lsa-da, aynan shu bosim undan ehtiyotkorlikni taqozo qilardi. Ya'ni, Gvardiola jamoasi natija ustun bo‘lib turgan paytda o‘z o‘yini va uslubiga sodiq qolish imkoniyatidan voz kechdi. Shunga majbur edi.

Nimchorak final va hatto guruh bosqichidan beri bunday talab yuqori qo‘yilmagan va mag‘lubiyatga doim tayyor bo‘lgan «Ayaks» uchun esa, imkon qadar o‘zi o‘rgangan uslubda va dadillik bilan o‘ynash sharoiti mavjud edi. O‘z navbatida, raqiblarda ham «Ayaks»ga bo‘lgan munosabat boshqa top-klublardan ko‘ra biroz pastroq bo‘lgani ham qo‘l keldi. E'tibor bersangiz, Madriddagi o‘yinda ham, Turinda ham «Ayaks»ning kutilmagan tarzda dadil to‘p surishi mezbonlarni dovdiratib qo‘ydi. Vaziyatni o‘zgartirish, taktika yo sxemani emas, aynan munosabatni «perezargruzka» qilish uchun esa, odatda bir o‘yinga ajratilgan daqiqalar yetmay qoladi. «Ayaks» bu dovdirlikdan munosib foydalandi va bir bo‘limda top-klubga aylanib qolaverdi.

Aytmoqchimanki, «Real» ham, «Yuventus» ham, agar qaytadan «Ayaks»ga qarshi o‘ynashsa, buni hisobga olishar va yaxshiroq natijaga erishishgan bo‘lardi. Menimcha.

Shu o‘rinda, jamoa tarkibi ham ideal mutanosiblikda ekanini e'tirof etish kerak. Jamoaning o‘rtacha yoshi 23,4 bo‘lgani bilan, har bir chiziqda tajribali futbolchilar bor. Blind, Shyone, Tadich va o‘rni kelganda Huntelar kabi futbolchilar tarkibdagi muvozanatni saqlaydilar va o‘yin tempini nazorat qiladilar.

RAQIBLAR HOLATI

«Ayaks» har qancha hayron qoldirmasin, Yevropada eng yaxshi futbolni namoyish etmayapti, ijrochilar borasida ham aytaylik, ikki yil oldingi «Monako»dan ancha uzoq. «Monako»da Silva, Fabino, Mbappe, Lemar, Mendi va Bakayoko kabi tayyor yulduzga aylangan individuallar ko‘proq edi, «Ayaks»da esa, jamoaviy o‘yin yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Top-darajadan pastroq ijrochilar bilan yuqori jamoaviy futbol natija ko‘rsatish uchun esa, albatta top-raqiblarda muammolar bo‘lishi kerak. Nazarimda, bu mavsum mukammallikka yaqin o‘yin ko‘rsatayotgan «Barselona» yoki «Liverpul» jamoalariga qarshi «Ayaks»da imkoniyat bo‘lmasdi. Balki finalda bunga amin bo‘larmiz ham.

Kuzdagi «Bavariya», hozirgi «Real» va «Yuventus» ham avvalo, o‘ziga mag‘lub bo‘lgandi. «Real»da mavsumni qanday o‘tkazayotganini va ancha kuchsizroq jamoalar ham madridliklarga muammo tug‘dirayotganini alohida ta'kidlash shart emas. Buning ustiga «Real» futbolchilarida mensimaslik holati ham bo‘lgan, buni biz masalan, Ramosning javob o‘yinini o‘tkazib yuborib, chorak finalga tayyor bo‘lishni niyat qilganida ham ko‘rishimiz mumkin. Shundoq ham muammoli o‘yin, motivatsiyada ham kamchiliklar bilan maydonga tushish, «Ayaks» kabi shakllangan jamoa uchun tayyor o‘lja edi.

«Yuventus» aksincha xulosa uyg‘otishi mumkin, so‘nggi besh YeChL finalini boy bergan va nihoyat Krishtianuning kelishi bilan aynan shu sovrinni yutishga bel bog‘lagan turinliklar go‘yoki mukammal jamoadek ko‘rinishlari mumkin. Ayniqsa, «Atletiko» bilan javob o‘yini buni tasdiqlaydi ham. Lekin birinchidan, bu taqlid emotsional o‘yinlar ruhan teskari ta'sir qiladi va o‘ta qiyin vazifani bajargan jamoalarda o‘ziga nisbatan xaddan tashqari ishonch paydo bo‘lib, keyingi o‘yinlarga tayyorlana olmay qoladi. «PSJ»ga qarshi tarixiy kambekni amalga oshirgan «Barselona» ham shunday qopqonga tushganini eslash mumkin.

Ikkinchidan esa, aslida bu yilgi «Yuventus» jamoa sifatida o‘tgan yilgisidan kuchsizroq, nazarimda. Krishtianuning kelishi va asosiy planga chiqishi boshqa yetakchilarning ayniqsa, samarali harakatlar borasida pasayishiga sabab bo‘ldi. O‘tgan yili biz Dibaladan ham, Manjukichdan ham, boshqa futbolchilardan ham xavf kutishimiz mumkin edi. Masalan, YeChLning 2017/18 yilgi mavsumida turinliklarning nimchorak va chorak finaldagi gollarini Iguain (2), Dibala (2), Manjukich (2) va Matiyudi urishgan. Bu safar esa, barcha besh gol Ronalduning hisobiga yozildi.

Faqat YeChLda emas, A Seriyadagi o‘yinlarda, Krishtianu jarohat olib maydonga tushmagan paytlarda katta sahnaga kim chiqdi? Dibalami? Manjukichmi? Yo‘q. 18 yoshli Moyze Kin. «Yuventus»dek yuqori ambitsiyali klub uchun mavsumning eng muhim pallasida 18 yoshli futbolchining gollariga suyanib qolish, menimcha, yaxshi holatdan darak bermaydi.

Hali javob o‘yinida hammasi o‘zgarishi mumkin, lekin agar kechagi o‘yindan kelib chiqsak, «Tottenhem»da ham tarkibda katta muammolar borligi, jamoa mavsumdagi eng yomon holatida ekanini ko‘rish mumkin. Birinchidan, Vanyama, Dayyer va Uinskning jarohatlari sabab, maydon markazida umuman futbolchi qolmagan. Hujum chizig‘ida esa, asosiy kuch – Harri Keyn jarohatda, Son Xon Min diskvalifikatsiya tufayli o‘ynolmadi.

Bularning hammasi «Ayaks»ning xizmatlariga ko‘z yumushga sabab bo‘lmaydi, albatta. Raqibda har qanday kamchilik bo‘lmasin, bundan foydalanish ham katta ish. Xulosa qilib aytganda, aynan shu muammolar fonida «Ayaks»ning yuqori saviyali jamoaviy o‘yini samarali bo‘lib chiqdi. 

EReDIVIZIYa VA USLUB

«Ayaks» bosh murabbiyi Erik ten Haag
Foto: Erwin Spek/Soccrates/Getty Images

«Monako» o‘z vaqtida hujum chizig‘idagi futbolchilarning yuqori ijro mahorati evaziga yarim finalgacha borgan. Aytaylik, Mourinoning «Portu»si tartibli himoya, «Atletiko» o‘z vaqtida tajovuzkor o‘yin yordamida yuqori darajaga chiqqandi. Hujumchilarning ijro mahoratiga nazar tashlasak, vaziyatlardan foydalanishda kamchiliklar ko‘p, ijrochilar haqiqiy top-hujumchi emasliklari bilinib turadi. Deyli Blind yoki Veltman to‘p surayotgan himoyani «Atletiko» bilan solishtirish ham noo‘rindek.

«Ayaks»ning o‘yinida ko‘zga tashlanadigan asosiy jihat nimada?

Nazarimda, «Ayaks» o‘yinida barchani jalb qilib turgan asosiy faktor – ishonch. Ba'zida Manchesterga sig‘magan Blindning xotirjamligi, APLda hech kimga kerak bo‘lmagan Tadichning «Messi»ga aylanib ketishida o‘sha ishonchni ko‘rasiz. Hayron bo‘lasiz, bu oddiy futbolchilar nega bu qadar xotirjam, nega haqiqiy top-jamoalardek to‘pni nazorat qilishyapti?

E'tibor bersangiz, Madridda ham, Turindagi o‘yinda ham, kechayam, mezbonlarda vaziyatni o‘zgartirish uchun yetarli vaqt bo‘lgan. «Ayaks» maqomidagi har qanday jamoa raqibning darajasini his qilar va balki o‘zi amalga oshirib qo‘ygan ishdan qo‘rqib ketib, berkilardi. Ammo «Ayaks»ning o‘yinlarida bunday ko‘rmayapmiz, hisobdan qat'i nazar jamoa o‘z uslubiga sodiq qolyapti, hujum qilishni unutmayapti, raqib darvozasiga xavf solishda davom etyapti.

Bu yerda «Ayaks»da umuman boshqacha o‘ynash amaliyoti yo‘qligini ham ta'kidlash kerak. Erediviziya boshqa ligalar bilan solishtirilganda ancha pastroq saviyadagi turnir, u yerdagi raqiblar ham shunga yarasha. Mavsumdagi deyarli barcha o‘yinlarda «Ayaks» birinchi raqamda to‘p suradi. Bor kuch bilan himoyalanishga ehtiyoj sezmaydi. Butun mavsum davomidagi bu tajriba esa, eng muhim pallada qo‘l keldi.

Chempionat saviyasi «Ayaks»ning aynan bugungi kunda yuqori sport formada yetib kelishiga ham sabab bo‘ldi, albatta. «Tottenhem» murabbiyi buni ham e'tibordan chetda qoldirmadi – «Biz Angliyada har hafta keskin o‘yinlarda maydonga tushayotganimizda, «Ayaks» Erediviziyada dam olyapti, bu ularga imtiyoz beradi», - dedi Pochettino.

Lekin Ten Haagning javobi ham uzoq kuttirmadi – «Biz Erediviziyadamiz, to‘g‘ri, lekin Ligadan translatsiyalar daromadi sifatida inglizlardan o‘n barobar kam pul olamiz. Tarkibni shakllantirish uchun o‘n barobar kam imkoniyatga egamiz. Bu boradagi tenglikchi?».

Albatta, bunday mantiq bilan Belgiya, Shotlandiya, Portugaliya kabi kuchsizroq ligalardan har yili yangi «Ayaks»lar chiqishini kutishimiz mumkindek. Unday bo‘lmayaptimi, demak «Ayaks»ga qoyil qolish kerak. Masala ham shunda, bu faktorlar faqat birgalikda va bir nechtasi yig‘ilib qolganida ish beryapti xolos. Boshqa paytlar hatto shu «Ayaks»ni ham bahorgi yevrokuboklarda ko‘rmayapmiz-ku, to‘g‘rimi?

Qahramon Aslanov

Mavzuga oid