O‘zbekiston | 23:23 / 03.05.2019
20445
4 daqiqa o‘qiladi

“Molochnaya kuxnya” ishi bo‘yicha sud davom etmoqda

25 aprel kuni Chilonzor tumani ma'muriy sudi Diyor Biznes kompaniyasining (“Molochnaya kuxnya” brendi) Respublika davlat san-epidem nazorat markazi qarorini bekor qilish yuzasidan kiritgan arizasiga muvofiq sud ishi boshlangandi. 2 may kuni davom etgan sud ishi muhokamali o‘tdi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Kompaniya faoliyati Respublika DSENM vakillari tekshiruvidan so‘ng to‘xtatilgandi. Diyor Biznes rahbari Shuhrat Qayumov tashkilot qarori xato va kamchiliklar bilan tuzilganini iddao qilib, uni bekor qilishni so‘rab sudga murojaat qilgan.

“Korxona joylashgan joyda sanitariya himoya masofasi mavjud emas, amaldagi 0350-17 sonli SanQvaM talabi bo‘yicha masofa aholi yashash joyidan 100 metr uzoqlikda bo‘lishi lozim”, — deya fikr bildirdi Yunusobod tuman DSENM xodimi, tekshiruv guruhi a'zosi bo‘lgan Voris Ibrohimov.

Guvoh sifatida ko‘rsatma berayotgan Ibrohimovdan korxona va aholi yashash punkti oralig‘i qanday hisoblangani, haqiqiy masofa qancha chiqqani so‘ralganda, u quyidagicha javob berdi:

“Haqiqiy masofani bilmayman, biroq 100 metrdan kam edi”.

Korxona yuristi esa qo‘shimcha ma'lumotlar bilan vaziyatga oydinlik kiritdi.

“0350-17 sonli SanQvaM talabi bo‘yicha qishloq xo‘jaligi mahsulotini qayta ishlab, zamonaviy mini texnologiya va ixcham uskunalardan foydalanadigan korxonalar uchun sanitariya himoya masofasi 50 metrni tashkil etadi. Shuningdek, bizning korxona kuniga 1 tonnadan kam sutni qayta ishlashi tufayli, qonun bilan sanitariya himoya masofasini ikki baravarga qisqartirishga ruxsat beriladi.

Toshkent shahar Yunusobod tuman hokimligi ma'lumotiga ko‘ra, Diyor Biznes kichik korxona toifasiga kiritiladi, ammo nega bu omillar inobatga olinmayapti? Sizning ayblovingizda barchasi sut ishlab chiqarish zavodiga oid talablar-ku. Qolaversa, kimdir 15 yillik faoliyatimiz davomida bizning mahsulotlardan zaharlandimi yo shikoyat qildimi?”, — deydi yurist.

Voris Ibrohimovning ta'kidlashicha, tekshiruv paytida korxona vakillar aynan shu vajlarni bildirmagan va hujjatlar taqdim etilmagandi.

“Shunga qaramay, korxonada ishlab chiqarish ketma-ketligiga e'tibor qilinmagan. Masalan, xom va tayyor mahsulot ishlab chiqarish ketma-ketligida to‘qnash kelishi mumkin”, — deydi Ibrohimov.

Diyor Biznes kompaniyasi sexida ishlab chiqarish ketma-ketligi bo‘yicha izoh bergan tadbirkor Shuhrat Qayumovning ta'kidlashicha, xom sut sterilizatsiyadan o‘tgunga qadar, u yagona quvurda harakatlanadi. U ketma-ketlik aks etgan sxemalarni sudyaga taqdim etdi.

Sudyaning savollariga javob bergan Yunusobod tuman DSENM vakillari garchi korxona faoliyatini tekshiruvdan o‘tkazgan bo‘lsa-da, ishlab chiqarish yaqinida Bekkari o‘rasi haqida ma'lumotga ega emasligini bildirishdi.

O‘ra va xavfli mikrobiologik, bakteriologik va immunobiologik dorilar qoldig‘i topilgani haqida ma'lumot berishi mumkin bo‘lgan Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori sudga chaqirtirilishi ma'lum bo‘ldi. Sud o‘z ishini 8 may kuni davom ettirishga qaror qiladi.

Mavzuga oid