Jamiyat | 18:52 / 06.05.2019
18829
3 daqiqa o‘qiladi

Amallarni qanday qilib ibodatga aylantirish mumkin?

Kun.uz tahririyati tomonidan Ramazon oyi kirib kelishi munosabati bilan “Kun hadisi” dasturi taqdim etib boriladi. Unda turli mazmunga ega hadislarning sharhi bilan tanishish mumkin. Bugungi hadisning mazmuni niyat va amal masalasida bo‘lib, bu mavzu haqidagi hadisni “Mirzo Yusuf” jome masjidi imom xatibi Sayyid Rahmatulloh Termiziy sharhlab berdi.

Video: Youtube

Video: mover.uz (Tas-IX)

- Bugungi o‘qiydigan hadisimiz aksar hadis kitoblarida eng avval zikr qilinadigan hadisdir. Ulamolar va muhaddislar orasida “Ummu Qaysning muhojiri” degan nom bilan mashhur bo‘lgan ushbu hadisi sharifni buyuk muhaddislar Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Imom Nasaiy hamda Ibn Moja rivoyat qilishgan. Ushbu hadisning mazmuni shundan iborat, ya'ni “amallar niyatlarga bog‘liqdur”. Kim nima amal qilsa, shunga yarasha bo‘ladi. Kimning hijrati Alloh va Rasuli uchun bo‘lgan bo‘lsa, Alloh va Rasuli uchun hijrat qilgan bo‘ladi. Kimning hijrati mol-dunyo uchun bo‘lgan bo‘lsa, shuni topadi. Kimning hijrati bir ayol uchun bo‘lgan bo‘lsa, ayolga uylanishlikni topadi. Kim hijratida nimani niyat qilgan bo‘lsa, niyatiga erishadi, degan mazmundagi hadisi sharif. 

Bu hadis yaxshi va yomonning orasini farqlab bergan. Amallar niyatga qarab, ibodat darajasiga ko‘tarilishi mumkinligini xabarini bergan hadis. Amallar, asosan, uch xil bo‘ladi. Bular: amrlar, nahiylar va muboh amallar. Amrlar – Alloh taoloning buyruqlari, nahiylar – Alloh taolo qaytargan narsalar, uchinchisi – mubohlar amr ham emas, nahiy ham emas bo‘lgan amallar. Niyat bilan bu amallar ibodatga aylanadi, niyatsiz esa yoki niyat buzilgan bo‘lsa, o‘sha ibodatlar riyoga, shirkka aylanib qoladi.

Bu hadisning bugungi kundagi eng manfaatli jihati shuki, agar niyatlar to‘g‘ri bo‘ladigan bo‘lsa, banda qilayotgan har bir amalini ibodatga aylantirishi mumkin. Masalan, moliga qarayotgan kishi “mollarni och qoldirmaslik menga buyurilgan amal, unga suvi va yemini o‘z vaqtida bermasam gunoh bo‘ladi”, degan niyatda yem tashlasa, o‘sha ishi ibodatga aylanadi. Tahorat olib, “Bismillah”ni aytib, uyquga ketsa, uning uyqusi tongacha ibodatga aylanadi. Chunki uning niyati shunga to‘g‘irlangan edi.

Mavzuga oid