AQShning “asr kelishuvi” detallari oshkor qilindi
AQSh prezidenti Donald Trampning Yaqin Sharqdagi vaziyatni tartibga solish bo‘yicha “asr kelishuvi” nomi bilan ma'lum bo‘lgan rejasi detallari e'lon qilindi. Ta'kidlanishicha, materiallarni jurnalistlarga tashqi ishlar vazirligi xodimlari bergan, hujjat manbasi ma'lum qilinmagan.
Rejaga ko‘ra, Isroil, Falastinni ozod qilish tashkiloti va HAMAS harakati “Yangi Falastin” deb nomlanadigan falastin davlati tashkil etilishi haqidagi kelishuvni imzolaydi. Bu davlat yahudiylar turar joylari egallagan yerlardan tashqari Iordan daryosining g‘arbiy qirg‘og‘i va G‘azo sektorini o‘z ichiga oladi. Yahudiylar turar joylari blokiga chekka qishloqlar kiradi, ular Isroilga tegishli bo‘ladi.
Hujjatda ta'kidlanishicha, Al-Quds bo‘linmaydi va “Yangi Falastin” hamda Isroilning umumiy poytaxti maqomini oladi. Shaharning arab aholisi Falastin davlati fuqarolari bo‘ladi. Ularga yahudiy uylarni, yahudlarga esa arab uylarini sotib olish taqiqlanadi.
“Yangi Falastin” Misrdan G‘azo sektori yaqinidagi yerlarni ijaraga oladi. Ularda aeroport, fabrikalar, qishloq xo‘jaligi ishlari va savdo uchun hududlar yaratiladi. Ijaraga olinadigan hududlarning o‘lchami va narxini kelishuvni qo‘llab-quvvatlovchi tomonlar: AQSh, Yevropa Ittifoqi va Fors ko‘rfazi davlatlari belgilaydi. Bu davlatlar “Yangi Falastin”ga milliy loyihalar uchun 5 yil davomida 30 mlrd dollar taqdim qilishlari kerak bo‘ladi.
Loyihaga ko‘ra, falastin davlatida armiya bo‘lmaydi. Yengil qurolga faqat politsiya xodimlari ega bo‘lishlari ko‘zda tutilgan. HAMAS kelishuv imzolanganda o‘z qurolini topshiradi. Bir yil ichida Falastinda saylovlar bo‘lib o‘tishi kerak bo‘ladi.
Bundan tashqari, Iordan daryosi vodiysi Isroilga tegishli bo‘ladi. HAMAS va Falastinni ozod qilish tashkiloti takliflardan voz kechgudek bo‘lsa, AQSh falastinliklarga moliyaviy yordamni bloklab qo‘yadi. Agar Falastinni ozod qilish tashkiloti kelishuvga rozi bo‘lsa-yu, HAMAS rozi bo‘lmasa, harakat yetakchilari javobgarlikka tortiladi. AQSh, shuningdek, Isroil va HAMAS o‘rtasida ixtiloflar avj olsa, Isroilni qo‘llab-quvvatlashga va'da beradi.
May boshida Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Falastin prezidenti Mahmud Abbosga “asr kelishuvi”ni qo‘llab-quvvatlash uchun 10 mlrd dollar va'da qilgani ma'lum qilingandi. Biroq Abbos bu taklifdan bosh tortgan va bunga rozi bo‘lish uning siyosiy karerasining nihoyasini anglatishini aytgan.
Aprelda AQSh prezidentining kuyovi va maslahatchisi Jared Kushner kelishuv iyunda taqdim qilinishini ma'lum qilgan.
Falastin AQSh 2017 yil dekabrda al-Qudsni Isroil poytaxti deb tan olgandan keyin amerikaliklarning Isroil-Falastin ixtilofini tartibga solishda vositachilik qilishiga qarshi chiqib keladi.
Isroil 1949 yilda mustaqillik uchun urush yakunlangandan keyin Al-Qudsni o‘z poytaxti deb e'lon qilgan. U 1967 yilgi Olti kunlik urushdan keyin Sharqiy Al-Qudsni bosib olib, uni G‘arbiy Al-Quds bilan birlashtirgan. Biroq bu BMT tomonidan tan olinmaydi.
Mavzuga oid
15:21
Isroil HHK qo‘mondoni Yamandagi husiychilarga hujumlarni kuchaytirish bilan tahdid qildi
14:07 / 25.12.2024
Isroilda favqulodda holat yana bir yilga uzaytirildi
16:05 / 24.12.2024
«Mossad» xodimlari «Hizbulloh» peyjerlari va ratsiyalarini portlatish amaliyoti qanday tayyorlanganini aytib berishdi
12:01 / 24.12.2024