Jamiyat | 19:24 / 09.05.2019
21928
6 daqiqa o‘qiladi

Mujmal so‘zlar, dudmal lafzlar zamoni

So‘nggi kunlarning eng ilg‘or mavzulari ikkita: Til bo‘yicha tashabbus va «O‘lmas polk». Bir qarashda har ikkisi bo‘yicha ham muhokamaga o‘rin yo‘qdek, hammasiga nuqta qo‘yilgandek. Lekin nega bu ikki tadbir-tashabbus bu qadar og‘izga tushdi?

Bu tobora urchiyotgan bir illat tufayli tug‘ilyapti, nazarimda.

Biz aniq va boshqacha talqin qilib bo‘lmaydigan tarzda so‘zlashni, bayonot berishni unutdik. Nozik mavzularda kesib-kesib, uzil-kesil nuqta qo‘yib gapirish o‘rniga mavhum so‘zlar, mujmal va'dalar va talqini tovlanuvchi lafzlar berishga o‘rganib qoldik.

E'tibor bering, rus tiliga rasmiy maqom berish bo‘yicha «bir guruh ziyoli»larning tashabbusi ilgari surildi. Dastlabki kunlari kichik-kichik noroziliklar, ijtimoiy tarmoqlar doirasidagi qarshi xitoblargina yangradi. O‘shanda rasmiy sukunat hukmron edi, tashabbuskorlar ham jim edi. Bir necha kundan keyin rasmiy idoralar, mashhur shaxslar ham birin-ketin o‘z pozitsiyalarini bildira boshlashdi, bu tashabbusning tagi puchligini bayon qilishdi.

O‘shanda eng qizig‘i sodir bo‘ldi: tashabbuskorlar ro‘yxatida keltirilganlar birin-ketin bunday fikr bildirmaganliklarini bildirish bo‘yicha «estafeta»ga kirishdilar. Hammalari. Bir ovozdan! Birortasi bo‘lmadiki, men fikrimda sobitman, o‘shanda ham shunday degandim, hozir ham o‘zgarmadim, deydigan.

Go‘yoki rus tilining ahamiyati haqida so‘ralgan ekanu, tashabbuskorlar bu tilning imkoniyatlari kattaligi, o‘rganish zarar qilmasligi haqida fikr bildirgan ekanlar. Qandaydir «qora kuchlar» boshqacha talqin qilib, rus tiliga rasmiy maqom so‘ralgan tashabbus ostiga bularning ism-sharifini tirkab qo‘yibdi.

Lekin o‘zini oqlash ham juda ajoyib: «men uni nazarda tutmagandim» qabilida. Rus tiliga rasmiy maqom berilishiga qarshiman, degan dangal gap yo‘q. Aminmanki, shu tashabbusni ko‘pchilik qo‘llaganida va bu ish amalga oshganida o‘sha tashabbuskorlar yutuqni ko‘z-ko‘z qilib ot solardilar.

Ikkinchi misol – «O‘lmas polk». Aynan mana shu mavzu dastlab bu yil hisobidan 3 aprel kuni Toshkent shahar hokimining Mirzo Ulug‘bek tumanida o‘tkazgan sayyor qabulida ko‘tarildi. Bir guruh faollar hokimdan 9 may bayrami munosabati bilan «Birodarlik qabristoni»dan «Mustaqillik maydoni»gacha bo‘lgan yo‘lda yurish uyushtirishni so‘rashdi. Qizig‘i, tadbirning rasmiy nomi ishlatilmadi, tilga olinmadi.

Hokim va tashabbuskorning suhbati quyidagicha kechdi (mazmun saqlangan holda tarjimaviy ma'nosi):

Hokim: bu aksiya bizga nima beradi?

Tashabbuskor: bayram... yoshlar vatanparvarlik ruhini his qilishadi.

Hokim: bemalol bayram qilishaversin, hech kim xalaqit qilmaydi.

Tashabbuskor: yo‘lni yopish uchun maxsus ruxsat kerak ekan. Shuni so‘rayotgandik.

Hokim: kim bayram qilmoqchi bo‘lsa, Toshkent hammaga ochiq. 9 may bayrami har doim o‘tkazilib kelinadi. Buning uchun shunday katta yo‘lni yopish shart emas.

Tashabbuskor: odam ko‘payib ketadi, xavfsizlik masalasi, ichki ishlar xodimlari kuzatib borishlari kerak...

Hokim: Xodimlar bayramda albatta bo‘ladi. Odam ko‘paysa, ichki ishlar xodimlari ham ko‘paytiriladi.

Bo‘lgan suhbat shundan iborat.

Lekin tez orada o‘sha tashabbuskorlar guruhi Toshkent ma'muriyati «O‘lmas polk» aksiyasi keng ko‘lamda o‘tkazilishiga qarshi emasligi to‘g‘risida e'lon qilishdi. Hokimiyat esa bunday mitingga rasman ruxsat berilmaganini bildirdi. Har kim bitta vaziyatni o‘zicha talqin qildi va oxir-oqibat bu ham yirik bahsga aylanib ketdi.

Eng qizig‘i, tashabuskorlar bu aksiyani baribir o‘tkazdilar, hokimiyat bunga qarshi chora ko‘radimi, yo‘qmi, hali noma'lum.

Ko‘rinib turibdiki, har ikki holatdayam aniq savolga aniq javob yo‘qligi, har kim o‘zicha talqin qilib, mazmunni o‘z irmog‘iga burib ketgani oqibatida mana shunday bahslar paydo bo‘lyapti.

Siyosatda «navbatchi jumlalar» degan ibora bor. Biror muhim masala bo‘yicha savol berilganida umumiy va tumtaroq so‘zlar bilan cheklaniladi, aniq javob yo‘qligi tufayli vaziyatdan shunday chiqib ketiladi. Buni ko‘p kuzatgansiz va bir misol tariqasida eslab olishimiz mumkin:

– Mahallamiz yo‘llari o‘ydim-chuqur, ichimlik suvi keltirilmagan, gaz yo‘q. Bu muammolar hal qilinadimi?

– Ha, bu mahalladagi ahvoldan yaxshi xabardormiz, ishchi guruh bir necha marta o‘rgangan, aholi bilan uchrashgan. Mavjud muammolarni davlat dasturiga kiritganmiz va hal qilish rejalashtirilgan. Qolaversa, Prezidentimiz tashabbusi bilan keng qamrovli «Obod qishloq» dasturi bosqichma-bosqich amalga oshirib kelinmoqda!

Qalay? Qoyilmisiz?!

Ha, biz bugun ana shunday mujmal so‘zlar, dudmal jumlalar, aniqlikka mahtal lafzlarga o‘rganib oldik. O‘zimiz o‘z so‘zimiz turlicha talqin qilinishiga zamin yaratib beryapmiz. Vaziyat bizning foydamizga ishlasa, ko‘ksimizga mushtlab bo‘ynimizni cho‘zamiz. Teskari ketsa, bizni noto‘g‘ri tushunishganini aytib dod solamiz.

Erkakning cho‘rtkesarligi, ayolning bir so‘zliligi tobora kamyoblashib bormoqda. So‘zimiz qadri tushmoqda, undan qog‘oz va video ustun bo‘lmoqda...

Abror Zohidov

Mavzuga oid