O‘zbekiston | 13:55 / 09.05.2019
58262
3 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston pansionatlar bo‘yicha sudda O‘zbekistonga yutqazdimi?

Issiqko‘l/Foto: sputnik.kg

Qirg‘iziston Respublikasi hukumati arbitraj sudda pansionatlar masalasi bo‘yicha O‘zbekiston tomoniga yutqazgani to‘g‘risida tarqalgan ma'lumotlar haqiqatdan yiroqdir. Bu haqda Qirg‘iziston hukumati apparatining axborot ta'minoti bo‘limi xabar qildi.

«Qator axborot agentliklari va ijtimoiy tarmoqlarda Qirg‘iziston hukumati xalqaro arbitraj sudda o‘zbek tomoniga Issiqko‘l viloyatidagi pansionatlar masalasi bo‘yicha mag‘lub bo‘lgani haqida tarqalgan ma'lumotlar yuzasidan quyidagilarni xabar qilamiz.

Bugungi kunda ushbu ishni Xalqaro arbitraj sudida ko‘rib chiqish davom etmoqda.

Shuni ta'kidlash kerakki, bu kabi da'vo arizalarni ko‘rib chiqishda dastlab da'voning o‘zi emas, bu da'voni Halqaro arbitraj ko‘rib chiqish vakolatiga ega yoki ega emasligi muhokama qilinadi. Shundan so‘ng masalani ko‘rib chiqish jarayoni boshlanadi.

Joriy yilning may oyi boshida birinchi bosqich yakuniga yetdi, unda xalqaro arbitraj bu masalani ko‘rib chiqishga vakolatli ekani to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Shu munosabat bilan Qirg‘iziston hukumatining xalqaro arbitraj sudda bu masala bo‘yicha yutqazgani haqidagi ma'lumot haqiqatdan yiroqdir.

Bugungi kunda hukumat tomonidan keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda va dalillar bazasini yaratish hamda da'vogarning dalillarini o‘rganish bo‘yicha ishlar davom etmoqda», - deya xabar berilgan ushbu davlat hukumati apparatidan.

2016 yil 4 aprelida Qirg‘izistonning o‘sha paytdagi bosh vaziri Temir Sariyev Issiqko‘ldagi O‘zbekistonga qarashli «Dilorom», «Rohat», «Oltin qum» va «Bo‘ston» pansionatlarini Qirg‘iziston ixtiyoriga o‘tkazish to‘g‘risida qaror imzolagan edi.

2017 yilning dekabrida Qirg‘iziston parlamenti pansionatlarni O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha Toshkent bilan imzolangan shartnomani ratifikatsiya qildi. O‘sha paytdagi bosh vazir Sapar Isaqov to‘rt pansionatni O‘zbekistonga qaytarish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Mavzuga oid