Sport | 13:00 / 11.05.2019
10983
4 daqiqa o‘qiladi

Bugun Toshkentda katta o‘yin: «Paxtakor» «Navbahor»ni qabul qiladi

Bugun, 11 may kuni Superligada 8-tur o‘yinlari davom ettiriladi. Turning markaziy bahsida «Paxtakor» Namanganning «Navbahor» klubini qabul qiladi. O‘tgan haftada o‘z stadionida ilk o‘yinni o‘tkazgan «Navbahor» hozir yaxshi holatda. «Persepolis»ni yengib, Osiyo Chempinolar Ligasida guruhdan chiqishni deyarli eplagan «Paxtakor» esa undan ham yaxshiroq holatda. Shu sabab o‘yin juda qiziqarli kechishi kutilmoqda.

«Paxtakor» o‘tgan turdagi «Lokomotiv»ning mag‘lubiyatidan foydalanib ikkinchi o‘rindagi jamoa bilan farqni 3 ochkogacha yetkazdi va Arveladze shogirdlari o‘zlarini biroz xotirjam his qilishlari mumkindek ko‘ringandi. Ammo o‘tgan mavsumda «Paxtakor»ni yengishni uddalagan namanganliklar bu ishni yana eplashsa, poytaxtliklar yetakchilikni boy berishlari ham mumkin.

Andrey Kanchelskis nihoyat Namanganda o‘z jamoasini tuza olgan ko‘rinadi. «Navbahor» mavsum avvalida tushunarsizdek ko‘ringandi, lekin hozir jamoa ancha o‘ziga kelib oldi. Balki Kanchelskis ser Aleksning kiyinish xonasidagi gaplarini yodga olib, yigitlariga yangi motivatsiya topib bergandir. Mo‘minjonov davridagi «Navbahor» ham kuchli edi, lekin Kanchelskisning jamoasi salobatliroq ko‘rinmoqda.

«Navbahor»da o‘ynayotgan legionerlar ham o‘zini oqlayotganini aytish kerak. Aleksandr Kasyan chempionat to‘purarlari qatorida bormoqda. Slavko Lukich qanot himoyachisi bo‘lishiga qaramay, oxirgi o‘yinlarda mudofaa markazida yaxshi o‘ynamoqda. Yetmaganiga u ajoyib gollar urmoqda. Solovyov esa tezligi va ajoyib reydlari bilan ajralib turibdi. Bir so‘z bilan aytganda, «MYu» sobiq futbolchisi «Navbahor»ni kuchli jamoaga aylantira olgan.

«Paxtakor» esa hozir ayni futboldan zavqlanadigan pallada. Arveladze shogirdlari OChLning amaldagi finalchisi, Eronning amaldagi va katta ehtimol bilan bo‘lajak chempionini musobaqadan chiqarib yuborib, o‘zlari nimchorak final yo‘llanmasini deyarli hal qilishdi. Shu sabab «Paxtakor» hozir har qanday jamoani yanchib tashlaydigan holatda. Ayniqsa Igor Sergeyevning hal qiluvchi golni urgani muhim bo‘ldi. «Paxtakor» endi Bikmayev va Cheran qatorida chinakamiga yana bir hujumchiga ega bo‘ldi desak bo‘ladi. Sergeyev katta o‘yindagi goli bilan katta futbolga qaytdi.

Jaloliddin Masharipovning qanday holatda ekanini ko‘ryapsiz. U ayni damda O‘zbekistonning eng yaxshi futbolchisi desak, qo‘shilsangiz kerak. Umuman, butun «Paxtakor» hozir yaxshi holatda va asosiysi yaxshi kayfiyatda. O‘zbek futboli sharafini xalqaro maydonda munosib qilayotgan «sherlar»ni mahalliy muxlislar yana yaxshi ko‘rib qolishmoqda. Ammo jamoa Chempionlar Ligasiga qaraganda ichki o‘yinlarda ko‘proq qiynalayotgani ham bor gap. Chunki hali mag‘lubiyat nimaligini bilmayotgan «Paxtakor»ni birinchi bo‘lib mag‘lub etishni hamma xohlaydi.

«Paxtakor» – «Navbahor» o‘yini 19:45 da «Paxtakor» stadionida boshlanadi. Stadionga o‘yinni tomosha qilish uchun kelgan ro‘zador muxlislar uchun «Paxtakor» iftorlik uyushtirishini ham ta'kidlash kerak. Muqaddas Ramazon oyining farz ibodatini ado etayotgan muxlislar ro‘zalarini sevimli jamoalarining o‘yinini tomosha qilib ochishlari mumkin. O‘yinga kirish bepul va stadionga kirgan muxlislar smartfon yutib olishlari mumkin. Tanaffus vaqtida ikkita smartfon o‘ynaladi.

Mavzuga oid