Light | 16:06 / 14.05.2019
10006
8 daqiqa o‘qiladi

Universitetni ish tajribasi bilan bitirishning  11 usuli

Bu maslahatlar bilan rezyumega nima yozish borasida bosh qotirmaysiz.

Foto: Layfxaker

1. Oliygohingizning matbuot markaziga ishga joylashing

Agar muallif yoki jurnalistga aylanishni istasangiz, bu eng yutuqli variant. Ish beruvchilar bunda karerangizning mantiqan to‘g‘ri boshlanganini ko‘rishadi.

Yangilik, matn va reklama tayyorlash orzuingiz bo‘lmasa ham universitetning jamoat ishlarida ishtirok etish sizga foyda keltirishi aniq. Yangi insonlar bilan tanishasiz, foydali aloqalar, hayotiy tajriba va qimmatli ko‘nikmalar orttirasiz. Ehtimol, mashhur kishiga aylanarsiz.

2. Kasaba uyushmasiga a'zo bo‘ling

O‘quv muassasangiz kasaba uyushmasining bir qismiga aylanib, muayyan mas'uliyatni bo‘yningizga olasiz va faol hayotiy o‘ringa ega bo‘lasiz. Mas'uliyat va faollik – ish beruvchilar qadrlaydigan xususiyatlar.

3. Tadqiqotlar o‘tkazing

Agar akademik qiziqishlaringiz bo‘lajak kasbingizga aloqador bo‘lsa, buni rezyumeda ko‘rsatishni unutmang. Bu ilmiy jurnallardagi maqolalar, tadqiqotlar va diplom ishi ham bo‘lishi mumkin. Muhimi, ular sizning mavzuga professional qiziqishingizni aks ettirsin.

4. Ishlab chiqarish amaliyotiga befarq bo‘lmang

Ayrim talabalar hech qanday ish buyurmaydigan, kerakli qog‘ozlarni imzo uchun olib borish kerak bo‘lgan kompaniyalarni izlashga harakat qilishadi. Boshqalar esa o‘zini qiziqtirgan kasbda sinab ko‘rishni istaydilar, biroq korxona boshdanoq amaliyotchiga ehtiyoj sezmaganligiga duch kelishadi. Natijada talaba hech narsa bilan shug‘ullanmaydi, vaqtini besamar o‘tkazadi.

Har ikki holat ham – vaqtni bekorga o‘tkazish. Buning o‘rniga uni karera yo‘lida sarflash mumkin.

Amaliyot uchun ish joyini mustaqil izlab topishga harakat qiling. Kelajakda bormoqchi bo‘lgan joyingiz bo‘lsa juda yaxshi. Kompaniya xodimi bilan bog‘laning. Nima ish bilan shug‘ullanishingiz, vazifalaringiz nimadan iborat ekanini oldindan aniqlang.

Foto: Layfxaker

5. Tajriba almashish

Amaliyotning tajriba almashishdan farqi, u shaxsiy istak va tashabbusga ko‘ra o‘taladi. U o‘quv jarayoni bilan bog‘liq bo‘lmaydi va odatda 2-3 oy davom etadi. Bundan tashqari, tajriba almashish uchun haq to‘lanadi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tajriba almashish mavzusiga bag‘ishlangan guruhlarni izlab toping.

O‘zingiz ishlashni istagan kompaniyalarga bevosita murojaat qiling. Ulardan ayrimlari vakant o‘rinlarni e'lon qilmaydi, biroq sizni taklif etishlari imkoniyati mavjud bo‘ladi.

Yozgi ta'til uchun mo‘ljallangan dasturlar ham mavjud.

6. Ko‘ngilliga aylaning

Ko‘ngillilik yordamga ehtiyoji bo‘lganlarga ko‘mak berish, yangi tanishlar orttirish, ma'naviy qoniqish olish va dunyo bo‘ylab sayohat qilish imkonini beradi. Bundan tashqari, rezyumega ham kiritish mumkin. Bu tajriba sizni tashabbuskor va zo‘riqishlarga chidamli shaxs sifatida namoyish etadi.

Ko‘ngillilik tajribasining mavjudligi ish beruvchiga har bir xodim uchun zarur ko‘nikmalar – jamoada ishlay bilish, muddatlarga amal qilish va mas'uliyatni namoyish etadi. Muhimi, uning muayyan vakansiyaga muvofiqligini ko‘rsata bilish.

Foto: Layfxaker

7. Xobbini afzallikka aylantiring

Aktyorlik to‘garagiga qatnayapsiz yoki videoo‘yinlar o‘ynaysiz. Hayron qoladigan joyi yo‘q. Biroq ayrim kasblar uchun buning ahamiyati bor. Muhimi, bo‘lajak kasb bilan bog‘liq jihatlarini topa bilish.

Agar omma oldida o‘zingizni a'lo darajada tutsangiz, aktyorlik tajribasi boshlovchilik kasbida yordam beradi. Ishontira olish qobiliyati esa – xaridlar bo‘yicha menejyerlikda.

Shuning uchun ham xobbini rivojlantiring va uni kelajakda kasbiy faoliyatda qo‘llash usulini toping. Buni esa rezyumeda albatta qayd eting.

8. Blog yuriting

Blogda tadqiqotlar o‘tkazish, shaxsiy kuzatuvlarni tasvirlash, ularni akademik talablarsiz ommaga taqdim etish mumkin.

O‘zingiz uchun yozing. Do‘stlar va tanishlarni taklif eting, ularni muhokamalarga jalb eting. Ish beruvchilar rivojlanish istagini e'tibordan chetda qoldirishmaydi.

Agar muallif va jurnalist bo‘lishni istasangiz, blog – yozish ko‘nikmasini namoyish etishning a'lo darajadagi usuli. Bo‘lajak SMM-mutaxassislari va marketologlar uchun esa bu kontent-rejani tuzish, axborotni tarqatish va yangi obunachilarni jalb etish usuli hamdir. Blog bilan ishlash ham ish, uni ham rezyumeda aks ettirish mumkin.

9. Frilansda ish toping

Mos keluvchi frilans birjasini izlab toping.

Katta pul va tajriba orttirmaysiz. Bu boshlanishiga xolos. Ammo tajribaga qancha vaqt sarflashni o‘zingiz belgilaysiz. To‘g‘ri, noaniq jadval bo‘yicha mehnat qilish juda murakkab bo‘ladi.

Intizomli bo‘lsangiz, bu yaxshi. Bir necha ishni misol tariqasida to‘plab, o‘zingizni qiziqtirgan vakansiya bo‘yicha suhbatga borishingiz mumkin.

Foto: Layfxaker

10. Shaxsiy loyihangizni o‘ylab toping

O‘zingizga o‘zingiz ish o‘ylab toping: sayt yarating, kimningdir sahifasida audit o‘tkazing,  biror firmaning rivojlanish strategiyasini tayyorlang, hamjamiyatni ijtimoiy tarmoqda ommalashtiring, bir necha maqola yozing, tadbir tashkil qiling.

Ha, siz bularning barini bepul amalga oshirasiz. Biroq dastlab o‘rganish, keyin esa tajriba orttirishga erishasiz. Ish beruvchi esa buni yuqori baholaydi.

11. Yarim stavkali ish toping

Kundek ravshan variant – kompaniyaga to‘liqsiz kunga ishga joylashish. Talabani ishga olishga rozilik beradigan ish beruvchini izlab topish oson emas, biroq albatta harakat qilib ko‘rish kerak.

Yuqoridagi maslahatlarni qo‘llang: ishga joylashishga qanchalik qiziqayotganingizni ko‘rsating va boshliqni to‘liq shtatli mutaxassis kabi ishlashingizga ishontiring.

Ushbu maslahatlar sizga talabalik davrini bekorga o‘tkazmaslik, oliygohni bitirgach, qaysi yo‘nalishda ishlashni aniq bilish va faoliyatni darhol boshlashda yordam beradi.

Mavzuga oid