Jamiyat | 07:58 / 21.05.2019
106576
5 daqiqa o‘qiladi

Erkinjon Turdimov: «Bu o‘ta mudhish voqelik barchamiz uchun sharmandali holat»

Keyingi kunlarda ko‘p tilga olinayotgan, eshitgan kishi borki qalbini larzaga solayotgan Ishtixon tumani Chimqo‘rg‘on qishlog‘ida sodir etilgan qotillik jinoyati bo‘yicha gumon qilinuvchilar ushlangach, mazkur hodisa ushbu qishloq ahli hamda tuman jamoatchiligi ishtirokida muhokama qilindi, deb yozmoqda O‘zA.

Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik A.Toshpo‘latovning ta'kidlashicha, 2019 yilning 15 may kuni Qo‘shrabot tumanida Boqichig‘atoy mahallasi hududidagi “Oltin-meros” fermer xo‘jaligi yer maydonida qarovsiz qoldirilgan “Damas” rusumli avtomashina ichida bir nechta shaxslarning jasadlari tashlab ketilganligi haqida ichki ishlar bo‘limiga xabar kelib tushadi.

Voqea joyiga zudlik bilan tezkor guruh yetib borib, vaziyatni o‘rganadi. Avtomashina Ishtixon tumani Chimqo‘rg‘on qishlog‘ida yashovchi, 1998 yilda tug‘ilgan I.J.ga tegishli ekanligi, mashina ichida I.J. hamda uning oila a'zolari – 1969 yilda tug‘ilgan otasi A.X., 1974 yilda tug‘ilgan onasi X.Z., ukalari – 2002 yilda tug‘ilgan I.A. va 2006 yilda tug‘ilgan I.O.ning jasadlari borligi ma'lum bo‘ldi.

Mazkur holat yuzasidan shu kuni jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ichki ishlar idoralari va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tezkor-tergov harakatlari olib borildi. Jinoyatni keltirib chiqargan sabab va omillar o‘rganildi, qotillarni topish yuzasidan qishloq aholisi, hududga yaqin mahallalarda yashovchi fuqarolar bilan suhbatlashildi.

Uch kundan buyon tunu kun olib borilgan harakatlar natijasida ushbu qotillik jinoyati fosh etildi. Jinoyatni Ishtixon tumani Chimqo‘rg‘on qishlog‘ida yashovchi, 1981 yilda tug‘ilgan T.G‘., 1995 yilda tug‘ilgan E.Sh., 1993 yilda tug‘ilgan U.J. va Qo‘shrabot tumanida yashovchi, 1996 yilda tug‘ilgan N.X. sodir etganligi aniqlanib, daliliy ashyolar olingan va ular ushlangan.

Gumon qilinuvchilarning iqrorlik ko‘rsatuvlari, hodisa joyida o‘tkazilgan tekshirish tergov harakatlarida ma'lum bo‘lishicha, ular bu jinoyatni ushbu xonadondan pul va boshqa qimmatli ashyolarni o‘g‘irlash niyatida amalga oshirgan. Buning uchun uzoq vaqt tayyorgarlik ko‘rgan. Joriy yilning 14 mayidan 15 mayga o‘tar kechasi marhum A.X.ning xonadoniga yashirincha kirib, oila a'zolarining uxlab yotganligidan foydalanib, o‘zlari bilan olib kelgan temir bo‘laklari bilan ularning bosh, yuz va jag‘ qismlariga bir necha marotaba urib, qasddan o‘ldirib, xonadondan 22 million so‘m va “Samsung Galaxy A8” rusumli telefonni qo‘lga kiritishgan.

Shundan so‘ng, ular jinoyat izlarini yashirish maqsadida marhum J.I.ga tegishli “Damas” rusumli avtomashinaga jasadlarni yuklab, avtomashinani Qo‘shrabot tumanidagi Boqichig‘atoy qishlog‘idagi dalaga tashlab ketgan.

– Bu o‘ta mudhish voqelik barchamiz uchun sharmandali holat, – dedi viloyat hokimi E.Turdimov. – To‘rt nafar yosh yigitlarning pul ilinjida besh kishining qotiliga aylanishi tasavvur qilish qiyin bo‘lgan holat. Ming afsuski, ana shu tasavvur qilib bo‘lmaydigan holat siz-u bizning ko‘z o‘ngimizda ro‘y berdi. Odam bolasining shunchalik vahshiylikka borishini xayolga keltirishning o‘zi dahshat. Buning ildizi avvalo odamlarning bir-biriga befarqligi, atrofda bo‘layotgan voqea-hodisalarga e'tiborsizligiga borib taqalmoqda. Sen menga tegma, men senga tegmayman, degan qarash mana, nima oqibatga olib keldi. Axir Chimqo‘rg‘onda ham mahalla bor, oqsoqollar bor. Profilaktika inspektori, uning yordamchisi faoliyat ko‘rsatadi. Nahotki, mahallada hech kim odamlarning bir-biriga bunday munosabati shakllanganini sezmagan? Bu faqat chimqo‘rg‘onliklar uchun emas, butun Ishtixon tumani aholisi, barchamiz uchun achchiq saboq bo‘lishi kerak.

Bunday og‘ir jinoyatlarga qarshi barchamiz birgalikda kurashishimiz, joylarda profilaktik tadbirlarni kuchaytirish lozim. Albatta, jinoyatni sodir etgan qonunda belgilangan jazosini oladi. Lekin bu jinoyat Chimqo‘rg‘ondagi muhitga, odamlarning munosabatlariga salbiy ta'sir ko‘rsatmasligi, aksincha odamlarni jipslashtirishi, ogohlik va hushyorlikka chorlashi lozim.

Mavzuga oid