Sport | 21:37 / 26.05.2019
3660
2 daqiqa o‘qiladi

Formula-1: Xemilton navbatdagi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi

Foto: AFP

“Mersedes” jamoasining britaniyalik poygachisi Lyuis Xemilton “Formula-1” poygasining 6-bosqichi – Monako Gran-prisida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

2-o‘rinni “Ferrari” a'zosi Sebastyan Fettel, 3-o‘rinni finlyandiyalik poygachi, Xemiltonning jamoadoshi Valtteri Bottas egalladi.  

“Mersedes” joriy mavsumda poyga yakuniga ko‘ra birinchi marta ilk ikkita o‘rinni egallay olmadi. Bungacha jamoa poygachilari ilk beshta bosqichda 1- va 2-o‘rinni egallashga muvaffaq bo‘lishgandi.   

Umumiy hisobda Xemilton 137 ochko bilan peshqadam bo‘lib qolmoqda. 2-o‘rinni Bottas 120 ochko bilan, 3-o‘rinni esa Fettel 82 ochko bilan egallamoqda.

E'tiborlisi, poyga “Formula-1”ning uch karra chempioni, 20 may kuni 71 yoshida vafot etgan avstriyalik Nika Lauda xotirasiga bir daqiqalik sukut saqlash bilan boshlangan.

Poyganing keyingi bosqichi Monrealda (Kanada) 7-9 iyun kunlari bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid