“Hisobni nol-nol qiluvchi” firibgarlar qo‘lga olindi
Farg‘ona shahrida yashovchi Sh. Yusupova 24 may kuni noma'lum kishilar pul evaziga Majburiy ijro byurosida ishlovchi tanishlari orqali uning tabiiy gazdan bo‘lgan qarzini yopish va hisoblagich ko‘rsatkichini orqaga qaytarib berishlarini aytayotganliklari haqida ariza bilan murojaat qildi, deb xabar beradi MIB matbuot xizmati.
Xabarda aytilishicha, Majburiy ijro byurosining viloyat boshqarmasi tezkor xodimlari tomonidan tashkil etilgan tadbirda Sh.Yusupovaning xonadoniga muqaddam “Vodiygazta'minot” unitar korxonasi Farg‘ona shahar filialida nazoratchi bo‘lib ishlagan A.Ahmedov va chilangar bo‘lib ishlagan Sh.Axunovlar kelishadi. Ular 200 AQSh dollari va 650 ming so‘m evaziga tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganligi sababli hisoblangan 3 mln so‘m moddiy zararni yo‘q qilib berish hamda gazni hisobga olish uskunasidagi 10647 kub metr ko‘rsatkichni “nol-nol” qilib berish uchun yechib olib ketishadi.
So‘ngra ular gazni hisobga olish uskunasi ko‘rsatkichini 00008 kub metr qilib o‘zgartirib Sh.Yusupovaning xonadoniga o‘rnatishadi va undan kimyoviy ishlov berilgan 200 dollar va 650 ming so‘m pulni olayotgan vaqtlarida tadbir ishtirokchilari tomonidan qo‘lga olingan.
Mazkur holat bo‘yicha A.Ahmedov va Sh.Axunovlarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 2-qismi “b” bandi, 28, 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda Farg‘ona shahar prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mavzuga oid
08:00 / 05.12.2024
321 mln so‘mni talon-toroj qilgan MIB xodimi ushlandi
13:29 / 30.11.2024
MIB Sud ijrochilari xalqaro ittifoqi bilan hamkorlik qiladi
18:40 / 09.11.2024
MIBning Andijon va Farg‘ona viloyatlari boshqarmasi rahbarlari o‘zgardi
07:37 / 08.11.2024