O‘zbekiston | 16:18 / 30.05.2019
36203
3 daqiqa o‘qiladi

MIB Caravan Group restoranlari bo‘yicha rasmiy bayonot berdi

Foto: Myday.uz

Ijtimoiy tarmoqlarda “Caravan Group” MChJ restoranlari bilan bog‘liq vaziyat borasida tarqalgan ma'lumot yuzasidan MIB rasmiy axborot berdi.

Qayd etilishicha, Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining (20.11.2018, 16.01.2019, 28.01.2019 va 05.03.2019) qarorlariga asosan qarzdor “Kreative Studio Caravan” MChJ,  “Protekt Konsalt” MChJ, “Caravan Group” MChJ va “Karavan Art” MChJlardan AT “Asakabank” foydasiga jami 15,5 mlrd. so‘m, ATB “Kapital bank” foydasiga 3,7 mlrd. so‘m va davlat foydasiga 77,2 mln. so‘m undirish, kredit qarzdorligi bo‘yicha undiruvni jami bahosi 21,6 mlrd. so‘mga teng garovda bo‘lgan: Mirzo Ulug‘bek tumani, Sho‘rtepa ko‘chasi 253-uy, Yakkasaroy tumani A.Qahhor ko‘chasi 25-uy, Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumani, Xo‘jakent mavzesi hamda Xo‘jakent QFY xududida joylashgan bino-inshootlarga qaratish belgilangan.
 
“Ijro hujjatlari bo‘yicha tegishli tartibda ijro ishlari qo‘zg‘atilib, qarzdor korxonalarga ijro hujjati talablarini bajarish uchun 15 kungacha bo‘lgan ixtiyoriy muddatlar belgilangan va qaror nusxalari tegishli tartibda korxona rahbarlariga topshirilib, ular xabardor qilingan. Shuningdek, ijro harakatlari haqida shaxsan Timur Musinga ham MIB xodimlari tomonidan tushuntirish berilgan”, - deyiladi xabarda.

Bildirilishicha, qarzdorlar tomonidan ijro hujjatlari talablari ixtiyoriy bajarilmaganligi sababli davlat ijrochisi tomonidan majburiy ijro harakatlari olib borilgan. Qarzdor korxona rahbarining Byuro xodimlari harakatlariga e'tiroz bildirishi o‘rinsiz. Majburiy ijro Byurosi mazkur qarzdor korxonaga nisbatan ijro harakatlarini faqatgina sud qarori ijrosini qat'iy ta'minlash doirasida amalga oshirmoqda, deyiladi xabarda.

Majburiy ijro harakatlari davomida Yakkasaroy tumani A.Qahhor ko‘chasi 25-uy (Chelsea ARMS, bahosi 4 mlrd. so‘m) hamda Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumani, Xo‘jakent mavzesida joylashgan (Cinara`s, 6 mlrd. so‘m) bino inshootlar xatlanib, qarzdor korxona rahbarlariga tegishli tartibda xabarnoma yuborilgan holda 14.05.2019 yilda elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarilgan. Ushbu ko‘chmas mulklarning auksion savdolari joriy yilning 13 va 14 iyun kunlari o‘tkazilishi belgilangan.

Hozirda sud qarorlari ijrosini ta'minlash bo‘yicha harakatlar davom ettirilmoqda, deya yakunlangan MIB bayonoti.

Bundan oldin, Caravan Group restoranlar tarmog‘i asoschisi Timur Musin Facebook’dagi o‘z sahifasida video e'lon qilgandi, unda restoraniga bir guruh shaxslar kelgani tasvirlangan.

Mavzuga oid