Jamiyat | 07:34 / 01.06.2019
30443
3 daqiqa o‘qiladi

Yaxshilik va yomonlikda inson o‘zini aldamasligi lozim

“Kun hadisi” dasturining bugungi sonida taqdim etiladigan hadis mazmuni “Yaxshilik va yomonlik”, deb nomlanadi. Bu mavzu haqidagi hadisni Toshkent shahridagi “Xo‘ja Alambardor” masjidi imom-xatibi Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li sharhlab berdi.

Navos ibn Sam'ondan (r.a) rivoyat qilinadi:

“Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam: “Yaxshilik – bu husni-xulqdir. Gunoh esa ko‘ngling xotirjam bo‘lmagan va odamlar bilib qolishini istamaydigan ishingdir”, - dedilar. 

Ikkinchi hadisda shunday deyiladi:

Vobisa ibn Ma'baddan (r.a) rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallollohu alayhi vasallamning oldilariga keldim. U zot: “Yaxshilik haqida so‘rash uchun keldingmi?”, dedilar. Men “ha” dedim. U zot: “Qalbingdan so‘ra. Nafsing va qalbing xotirjam bo‘lgan narsa – ezgo‘likdir. Odamlar fatvo beraversalar ham ichingni g‘ash qilib, ko‘nglinga o‘rnashmagan narsa – gunohdir”, - dedilar. 

Mazkur hadis Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallamning qisqa so‘zlari orqali keng va ulkan ma'noni ifodalashlariga yorqin misol bo‘ladi. Payg‘ambarimiz alayhissalom bu hadisda amallarimiz yaxshi yoki yomonligini bilish uchun kerak bo‘ladigan eng kerakli bo‘lgan tarozini bayon qilganlar.Haqni tanish tug‘ma xislatdir. Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallamning ushbu so‘zlari inson haqni tanishi va unga rozi bo‘lish tabiati bilan yaratilganini ko‘rsatadi. Sog‘lom tabiat, albatta, haqni sevadigan bo‘ladi. 

Gunohning ikki alomati bor: ichki va tashqi. Ichki alomat – ko‘ngil o‘zi xotirjam bo‘lmagan ishdan iztirobga tushadi. Qiynaladi, undan qochishni istaydi. Tashqi alomat – inson musulmonligi tufayli nomaqbul ishini birodarlari ko‘rib qolishini istamaydi. Biroq bu yoqtirmaslik odatiy emas, diniy yoqtirmaslik bo‘ladi. Amallarimizga nazar tashlaylik. Agar unda mana shu ikki alomatni ko‘rsak, o‘sha amaldan yiroq bo‘lishimiz darkor ekan.

Inson imkon qadar olimlar oldiga borib, yaxshilik haqida, yaxshi amallar haqida so‘rab, o‘sha yaxshiliklarga amal qilish kerak ekan. Sahobalar bu borada barchamizga o‘rnak bo‘lishlari mumkin. Gohida inson bir olimning oldiga borganida, biror masalani so‘raydi. Lekin, ming afsuski, ba'zilar o‘zining foydasiga masalani hal etish uchun voqeani to‘liq yoritib bermaydi. Natijada olim odam uning foydasiga hukm chiqaradi. Mana shunday paytda inson o‘zini aldamasdan, qalbiga quloq tutsin. Uning qalbi, albatta, to‘g‘ri yo‘lga boshlaydi.

Mavzuga oid