Jamiyat | 20:31 / 08.06.2019
23613
5 daqiqa o‘qiladi

Yunusoboddagi YTH bo‘yicha brifing o‘tkazildi

Yunusobod tuman IIB majlislar zalida 4 iyun kuni sodir bo‘lgan mudhish yo‘l transport hodisasi bo‘yicha brifing o‘tkazildi. Ushbu brifing jabrlanuvchilarning oila a'zolari, jurnalistlar va IIV mas'ul xodimlari ishtirokida bo‘lib o‘tdi.

Tadbir jabrlanuvchilarning oila a'zolarining ruhiy holatlari hisobga olinib kameradan foydalanilmadi.

Yig‘ilish YTH oqibatida vafot etgan A.G. xotirasiga hurmat sifatida bir daqiqa sukut saqlash bilan boshlandi.

Yig‘ilishda mas'ul shaxslar sifatida Toshkent shahar IIBB tergov bo‘limi rahbari polkovnik Zafar Alimov, Yunusobod tumani IIO FMB boshlig‘i polkovnik Olim Saidov, Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tumani sudi sudyasi Abbosxon Shomahmudov va Yunusobod tumani IIO FMB tergov bo‘limi boshlig‘i Sardor Mirzarahimov qatnashdi.

«Avvalo aytishimiz kerakki, vafot etgan o‘smir Yunusobod tumani aholisining bir vakili, bir farzandi edi. Biz bu yerga ikkiyuzlamachilik yoki shunday boshqa maqsadda yig‘ilganimiz yo‘q. Biz hozirgi holatga to‘g‘ri baho berish uchun yig‘ildik.

Ma'lum qilamizki, mazkur jinoyat ishi qonun doirasida olib boriladi va aybdorga qonuniy jazo beriladi. Voqea yuzasidan 5 iyun kuni jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, gumonlanuvchi so‘roq qilingan. So‘ngra, uy qamog‘i qo‘llandi. Sud-trasologik ekspertizasi tayinlangan va natijasi bo‘yicha xabar beramiz. Tergov jarayonlarida har 10 kunda sizlarga (jabranuvchilarga) ma'lumot berib boramiz. Sizning hozirgi holatda advokat olish huquqingiz bor. Ish bo‘yicha hujjatlar bilan tanishishingiz mumkin. Har qanday vaqt, 24 soat siz uchun tayyormiz», deydi polkovnik Alimov.

Brifing ishtirokchilari ayni vaqtda ijtimoiy tarmoqlarda kurakda turmas fikrlar bildirishdan tiyilish kerakligini aytishdi.

Brifingda YTH qurboni, marhum A.G.ning otasiga so‘z berildi.

«Men o‘zimni tutishga harakat qilaman. Farzandimizni endi hech kim qaytara olmaydi. Bu biz uchun og‘ir musibat bo‘ldi. Bizning tushunmagan joyimiz: nega o‘sha ayol hodisaning ertasi kuni ham bemalol ko‘chada yurishi, ishga borishi, shifoxonaga ham kelishini qanday tushunish mumkin? Vaholanki, bu ayol bizning farzandimiz uchun, qilgan ishi uchun ibodat bilan mashg‘ul bo‘lishi kerakmasmidi? Bular mening shunchaki savollarim, xolos. Kimnidir ayblash, kimgadir biz uchun bunday qilib ber deyish emas.

Shuningdek, hozirgi kunda ko‘chalarimizda avtomobillar juda tezlik bilan harakatlanmoqda. Mahallaning ichimi yoki boshqa joymi farqi yo‘q. Biz bolamizni yo‘qotdik, boshqalar yo‘qotmasin. Men hozir sizlar bilan o‘z hislarimni bo‘lishyapman, xolos. Biror talab qo‘ymayapman. Bizga hozir juda ham og‘ir», deydi marhumning otasi.

«Biz hozir faqat qonun doirasida harakat qilamiz. Qilgan xatti-harakatiga baho berib, tegishli chora ko‘rish. U ayolning ko‘nglida nima bor, buni o‘zi biladi. Lekin, ota-ona sifatida shuni aytish mumkinki, qonuniy jazo bor va boshqa jazo ham bor. Bu vijdon, ko‘ngil bilan bog‘liq», deya javob berdi polkovnik Alimov.

Yig‘ilish davomida hodisa oqibatida jarohatlangan bola S.Ya.ning oila a'zolari bola tibbiy muolaja qilinmagani, shunchaki yotish buyurilganiga norozilik bildirdi. IIV xodimlari bu bo‘yicha tekshiruv o‘tkazilishini ma'lum qilishdi.

Shuningdek, ma'lumot o‘rnida gumonlanuvchi ayol 1999 yili haydovchilik guvohnomasi olgani aytib o‘tildi. Ma'lum qilinishicha, ayol o‘rtada 8 yil mashina haydamagan, halokatdan 6 oy oldin avtomobil minishni boshlagan.

Bosh prokuratura matbuot xizmati mazkur ish prokuraturaning alohida nazoratida ekanini ma'lum qildi.

4 iyun kuni Yunusobod tumanining 11-mavzesida soat 18:30da «Neksiya-3» avtomobili haydovchisi mavze ichidagi yo‘l chetida turgan 12 yoshli A.G., S.I. va S.Ya.ga kelib urilgan, ulardan biri A.G voqea joyida vafot etgandi. S.I. olgan tan jarohatlari bilan kasalxonaga yotqizilgan, shifokorlar uning holatini barqaror deb baholashgan. Uchinchi bola - S.Ya., ambulator sharoitida ko‘rikdan o‘tkazilib, so‘ng uyiga javob berilgan.

O‘smirni bosib ketgan 42 yoshli Larisa T.ga Jinoyat kodeksining 266-modda 2-qismi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘lishiga sabab bo‘lsa) bo‘yicha ayblov e'lon qilinib, ayblanuvchiga uy qamog‘i tayinlangan

Mavzuga oid