Light | 16:45 / 11.06.2019
45216
7 daqiqa o‘qiladi

2030 yilga xush kelibsiz: mening hech narsam yo‘q, biroq baxtliman

Daniya parlamenti a'zosi Ida Auken kelajakdagi hayotni qanday tasavvur etishi haqida esse yozdi

2030 yilga xush kelibsiz. Shahrimga, to‘g‘rirog‘i “shahrimizga” xush kelibsiz. Mening hech qanday mulkim yo‘q. Mashinam yo‘q. Uyim yo‘q. Hech qanday qurilma va kiyim-kechaklar ham yo‘q.

Foto: SmartCitiesWorld

Bu sizga g‘alati ko‘rinishi mumkin, biroq shahrimizning jozibasi ana shunda. Siz mahsulot deb hisoblagan barcha narsalar xizmatga aylandi. Biz transport, turar-joy, oziq-ovqat va kundalik hayotda zarur bo‘lgan barcha narsalarni olish imkoniyatiga egamiz. Bu buyumlarning bari asta-sekin bepul bo‘ldi, shuning uchun ham bizda biror narsani xarid qilish zaruriyati mavjud emas.

Dastlab axborot raqamli va barcha uchun bepul bo‘ldi. Keyin esa sof energiya ham bepul bo‘ldi. Bari tezda o‘zgara boshladi. Transport narxi keskin tushib ketdi. Avtomobilga ega bo‘lishning ma'nisi qolmadi, chunki bir necha daqiqa mobaynida haydovchisiz avtoulov yoki uzoqroq sayohatlar uchun uchadigan mashinani chaqirish mumkin.

Harakatlanish ancha tartibli ko‘rinishga ega bo‘ldi, chunki jamoat transporti avtoulovga qaraganda osonroq, tezroq va qulayroq. Hozirda tirbandliklar, havoning ichki yonish dvigatellari tomonidan ifloslantirilishiga xotirjam munosabat qilganimizga ishona olmayman. Nima haqida o‘ylagan ekanmiz?

Ba'zida velosipedda do‘stlarimnikiga boraman. Menga jismoniy mashqlar, velosipedda uchish yoqadi. Bu yoqimli sayohat. Qiziq, ayrim narsalar zavq-shavq beraveradi: sayr, velosipedda uchish, taom tayyorlash, rasm chizish va o‘simliklarni yetishtirish. Bu mantiqan to‘g‘ri va madaniyatimiz tabiat bilan yaqin munosabatlardan paydo bo‘lganini yodga soladi.

«Ekologik muammolar shu darajada uzoq bo‘lib ko‘rinadiki»

Shahrimizda ijara to‘lovi mavjud emas, chunki istalgan kishi zarur bo‘lganida bo‘sh joydan foydalanishi mumkin. Men bo‘lmaganimda mehmonxonamdan ishbilarmonlik uchrashuvlarini o‘tkazishda foydalanishadi.

Bir kuni o‘zim uchun taom tayyorlashga qaror qildim. Bu oddiy – kerakli oshxona qurilmasini bir necha daqiqalarda keltirishadi. Transport bepul bo‘lgani sababli uyda hech narsani saqlamay qo‘ydik. Spagetti pishirgich va tovalarni javonda saqlashning nima keragi bor, axir kerak bo‘lganida ularga buyurtma berish mumkin-ku.

Bu chiqindisiz iqtisodiyotni ham yengillashtirdi. Mahsulotlar xizmatga aylanganida xizmat ko‘rsatishi qisqa bo‘lgan buyumlarga qiziqilmaydi. Barcha narsalar barhayot, ta'mir qilsa bo‘ladigan, qayta ishlanadigan narsalardan yasaladi. Iqtisodiyotimizda materiallar tezroq o‘zgartiriladi, ulardan tezda boshqa yangi mahsulotlar yasash mumkin. Ekologik muammolar ancha uzoqda bo‘lib ko‘rinadi, chunki biz toza energiya va ishlab chiqarishning toza usullaridan foydalanamiz. Havo toza, suv toza va hech kim qo‘riqlanadigan hududlarga daxl qilishga botina olmaydi. Chunki ularning bari farovonligimiz uchun qimmatli. Shahrimizning barcha qismida yashil o‘simliklar va daraxtlar ko‘p. Nima uchun ilgari shahardagi bo‘sh yerlarni beton bilan to‘ldirganimizni tushuna olmayman.

Shoppingning o‘limi

Xaridlar? Bu nima ekanini eslay olmayman. Ko‘pchiligimizga bu foydalanish uchun buyum tanlashga aylandi. Ba'zida bu menga zavq beradi, boshqa vaqtlarda esa, buni men uchun algoritm bajarishini istayman. U ta'bimni menga qaraganda yaxshiroq biladi.

Sun'iy idrok va robotlar ishimizning ko‘p qismini bajara boshlagach, bizda yaxshi ovqatlanish, yaxshi uxlash va boshqa odamlar bilan birga o‘tkazish uchun vaqt paydo bo‘ldi. Endilikda ishimiz boshimizdan ortmaydi, chunki biz bajaradigan ish istalgan vaqtda bajarilishi mumkin. Aslida buni ish deb atash mumkin yoki mumkin emasligini bilmayman. Bu ko‘proq fikr yuritish, yaratish va rivojlanish uchun ajratiladigan vaqtga o‘xshaydi.

Bari ko‘ngil ochishga aylandi va odamlar murakkab muammolar haqida bosh qotirishni bas qilishdi. Vaqtni o‘ldirgandan ko‘ra ushbu texnologiyalardan yaxshiroq foydalanish kerakligini angladik.

«Ular shahar tashqarisida, turlicha yashaydilar»

Eng katta xavotirimiz – shahrimizda yashamaydigan odamlar. Biz yo‘qotgan odamlar. Bu texnologiyalarning bari ortiqcha deb hisoblagan odamlar. Sun'iy idrok va robotlar ishning ko‘p qismini o‘ziga olganida o‘zini keksa va befoyda deb bilgan odamlar. Siyosiy tizim tufayli xafa bo‘lgan va unga qarshi chiqqanlar. Ular shahar tashqarisida, turlicha yashaydilar. Ayrimlari o‘zini o‘zi ta'minlaydigan hamjamiyatlarga asos solishdi. Boshqalari esa XIX asrning mitti qishloqlaridagi tashlandiq va bo‘m-bo‘sh uylarida qolishdi.

Vaqti-vaqti bilan menda haqiqiy maxfiylik yo‘qligidan xavotirga tushaman. Har qanday joyga borganda u yerda qayd etilasiz. Belgilanmaydigan joyning o‘zi yo‘q. Men bajargan, o‘ylagan va orzu qilganlarimning bari qayerdadir qayd etilgan. Buni hech kim menga qarshi qo‘llamasligiga umid qilaman.

Umuman olganda, bu yaxshi hayot. O‘sish modeli qo‘llay olish imkonsiz bo‘lgan avvalgi hayotga qaraganda ancha yaxshi. Biz bilan juda dahshatli narsalar sodir bo‘lardi: hayot tarzi kasalliklari, iqlim o‘zgarishi, qochoqlar inqirozi, atrof-muhit holatining yomonlashuvi, aholi bilan to‘lib-toshgan shaharlar, suvning ifloslanishi, havoning ifloslanishi, ijtimoiy xavotirlar va ishsizlik. Biz o‘zgacha yashashni boshlagunimizga qadar juda ko‘p odamlarni yo‘qotdik.

Nima deb o‘ylaysiz, Daniya parlamenti a'zosi Ida Auken kelajakdagi hayot borasidagi tasavvurlari haqida fikrlaringiz qanday? Insoniyat 2030 yilga kelib ana shunday hayotga erisha oladimi?

Mavzuga oid