Jahon | 21:45 / 12.06.2019
19767
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonda Atamboyevni daxlsizlikdan mahrum qilish bo‘yicha komissiya tuzildi

Qirg‘iziston parlamenti deputatlari sobiq prezident Almazbek Atamboyevni daxlsizlikdan mahrum qilish bo‘yicha komissiya tashkil etishdi. 

Ta'kidlanishicha, parlament yig‘ilishida komissiyani tashkil etish taklif qilingan, ayni vaqtda u shakllantirilgan va yaqin orada o‘z ishini boshlaydi. Komissiya tarkibiga parlament fraksiyalari vakillari kirgan.

Qirg‘iziston qonunchiligiga ko‘ra, sobiq prezident 120 deputatning uchdan ikki qismi tegishli arizani imzolab, uni bosh prokuraturaga jo‘natsa daxlsizlikdan mahrum etilishi mumkin. 2019 yil bahorida deputatlar “Prezident faoliyati kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunga tuzatishlar kiritishib, unga ko‘ra sobiq prezidentlar ba'zi holatlarda jinoiy javobgarlikka tortilishlari mumkin.

Deputatlarning komissiya tuzishlariga esa Atamboyevning 8 iyunda Bishkekdagi namoyishdagi nutqi sabab bo‘lgan. Atamboyev bu nutqi davomida deputatlarni irodasizlikda, prezidentga to‘liq itoat qilishda ayblagan va ularni “mishiqilar” deb atagan.

Atamboyev Qirg‘izistonni 2011 yildan 2017 yilgacha boshqargan va birinchi prezidentlik muddatidan keyin lavozimini ko‘ngilli tarzda tark etgan ilk prezident bo‘lgan. Atamboyev 2 yil avval Qirg‘iziston prezidenti lavozimiga Sooronbay Jeenbekovni ilgari surish tashabbusini bildirgan. Biroq keyinchalik ular orasida ziddiyatlar vujudga kela boshlagan.

Qirg‘izistonda 1,5 yil ichida korrupsiyaga gumon bilan Atamboyevning yaqin atrofidan bir necha kishi, jumladan ikki sobiq bosh vazir, Bishkekning ikki meri, bir qator vazirlar, deputatlar hibsga olingan.  

Mavzuga oid