Light | 14:50 / 15.06.2019
30086
5 daqiqa o‘qiladi

National Geographic fototanlovi: shaharlar, odamlar va tabiat

Bittagina surat ba'zan bir necha sahifalardagi so‘zlardan ko‘proq ma'no anglatadi, kuchliroq ta'sir qiladi. Olamga mashhur National Geographic nashri turli fototanlovlarni muntazam o‘tkazib turadi. Ana shularning navbatdagisi natijalari bilan tanishtiramiz.

National Geographic uyushtiruvchi eng yaxshi suratlar tanlovining «Shaharlar» yo‘nalishida suratkash Veymin Chu g‘olib bo‘ldi. U G‘arbiy Grenlandiyada joylashgan Upernavik baliqchilar shaharchasini kadrga muhrlagan.

Foto: WEIMIN CHU

Muzliklar bilan qoplangan dunyoning eng yirik orolida aholi juda kam yashaydi. Upernavik shaharchasida ham bor-yo‘g‘i mingga yaqin aholi bo‘lsada, shaharcha aholi soni jihatdan Grenlandiyada o‘n uchinchi o‘rinni egallaydi.

«Shaharlar» bo‘yicha ikkinchi o‘rin Yassen Todorovga nasib qildi. U suratini «Aviatsiya asrida» deb nomlagan.

Foto: JASSEN TODOROV

San-Fransisko xalqaro aeroportini yuqoridan turib suratga olgan Yassen Todorovning o‘zi ham samolyotni boshqarib ketayotgan bo‘lgan.

Yo‘nalishdagi uchinchi o‘rinni Bangladesh poytaxti Dakka shahridagi ommaviy ibodat manzarasini kadrga tushirgan Sandipani Chattopadxyay egalladi.

Foto: SANDIPANI CHATTOPADHYAY

«Odamlar» yo‘nalishida birinchi o‘rinni Xuayfen Li muallifligidagi «Shou boshlanmoqda» surati egallagan. Unda Xitoyning Lichen uezdidagi mahalliy aktyorlarning grim jarayoni aks etgan.

Foto: HUAIFENG LI

Bu yo‘nalishning ikkinchi o‘rnida «Har kunlik mashqlar» nomli surat bilan Yoshiki Fudzivara g‘olib bo‘lgan. Unda Hongkongdagi Choy Xun Xaus istirohat bog‘ida badantarbiya qilayotgan keksa kishi suratga olingan.

Foto: YOSHIKI FUJIWARA

Bu yo‘nalishda «Otlar» degan surat bilan Xose Antonio Zamora uchinchi o‘rinni egallagan.

Foto: JOSE ANTONIO ZAMORA

Har yili Ispaniyada avliya Antoniy bayrami arafasida otlar uchun Las Luminarias tanlovi o‘tkaziladi. XVII asrdan buyon davom etib kelayotgan bu an'anaga ko‘ra otlar bilan olov ustidan sakraladi va shu tarzda poklanish mumkinligiga ishoniladi.

«Odamlar» nominatsiyasida rag‘batlantiruvchi mukofotni «Kayfiyat» surati bilan Navin Vatsa egallagan

Foto: NAVIN VATSA

«Dehlidagi Jamna daryosi bo‘yida olgan bu suratimga e'tibor bersangiz bola chuqur o‘yga tolganiga hayron bo‘lasiz. Hatto minglab chag‘alaylarning ovozi ham uning o‘y surishiga xalal berolmaydi», – deydi muallif.

«Tabiat» yo‘nalishida birinchi o‘rinni «Mehrli ko‘zlar» atalgan surat bilan Tamara Blazkes Xayk egallagan.

Foto: TAMARA BLAZQUEZ HAIK

«Chiroyli oqbosh kalxat Ispaniyaning Monfrague milliy bog‘ida uchib yuribdi. Uning ko‘zlariga qarab turib «shu o‘laksaxo‘r qush bexosiyat bo‘ladi», deb aytish mumkinmi?», – deydi muallif.

Bu yo‘nalishning ikkinchi o‘rnini «Tushlarni ovlovchi» surati bilan Denni Sepkovski egalladi.

Foto: DANNY SEPKOWSKI

«To‘lqin cho‘qqiga chiqqanida va yo‘qolishidan oldin qanday manzara bo‘ladi? Men bu savolga bir yil javob izladim va Havayidagi Oaxu orolida olgan suratim bilan javob berishga harakat qilaman», – degan muallif suratini ta'riflarkan.

Uchinchi o‘rinni qora delfinning ajoyib holatini kadrga muhrlagan Skott Portelli band etgan.

Foto: SCOTT PORTELLI

«Qora delfinlar Yangi Zelandiyaning Kaiokura yarim oroli bo‘ylab oziq ilinjida to‘da-to‘da bo‘lib suzib yurishadi. Ularning suv yuzasiga chiqishini ko‘rish juda maroqli», – deydi Portelli.

«Tabiat» yo‘nalishida rag‘batlantiruvchi mukofotni «Alp qiroli» surati bilan Yonas Shafer egallagan va o‘z suratini to‘lqinlanib shunday ta'riflagan:

«Tog‘ echkilariga qarang — ularning baquvvat shoxlari qirolliklaridan darak emasmi?»

Foto: JONAS SCHAFER

Suratlar National Geographic Travel Photo Contest 2019 tomonidan taqdim etilgan.

Mavzuga oid