Fan-texnika | 16:20 / 02.07.2019
41093
12 daqiqa o‘qiladi

Iyun oyining eng zo‘r smartfonlari reytingi

O‘tgan oyda CC seriyasining ilk qaldirg‘ochi Xiaomi CC9, ekran tirqishiga ega Samsung Galaxy M40, shuningdek, OPPO'dan dunyoda birinchi ekran osti kamerali smartfonlari xaridorlar e'tiboriga havola etildi.

Xiaomi Mi CC9

Xiaomi kompaniyasi CC9 yaratilgani haqida e'lon qildi — kompaniyaning yosh auditoriyaga moslashtirilgan smartfonlar yangi seriyasidagi birinchi model. Ushbu qurilma Mi 9 flagmanini eslatib yuboradi. Uning ko‘rinishi metall va shisha qorishmasi asosida jilolanib turadigan qilib yaratilgan.

Smartfonning asosiy o‘ziga xosligi — uning kameralari. Xiaomi Mi CC9'da ular 4ta: 32 Mp selfi-modul va 48, 16 va 12 Mp datchiklarga ega uch kamerali asosiy modul. Uskunaning old panelida barmoq skaneri mavjud bo‘lgan 6,2-dyuymli FHD+ ekran joylashtirilgan. Ichki tuzilmasi — Snapdragon 730 protsessori, 8 GB'gacha operativ va 256 GB'gacha ichki xotiraga ega bo‘ladi.

Texnik tavsif

  • Displey: 6,2 dyum, 2 340 × 1 080 piksel.
  • Protsessor: Snapdragon 730.
  • Xotira: 4GB dan 8 GBgacha tezkor, 64dan 256 GB doimiy xotira.
  • Kamera: asosiy — 48 + 16 + 12 Mp, frontal — 32 Mp.
  • Akkumulyator: 4 000 mA·s.
  • Operatsion tizim: Android 9.0 Pie (MIUI 10).

Xiaomi Mi CC9 korpusi rangi, narx va boshqa xususiyatlari haqidagi qo‘shimcha ma'lumotlar CC seriyasining bugun, 2 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan taqdimotida oydinlashadi.

Samsung Galaxy M40

Samsung taqdim etgan yangi Galaxy M40 smartfoni ekranida kamera tirqishiga flagman xohlagan, ammo unga ortiqcha pul sarflashni istamayotgan qiziquvchilarni o‘ziga jalb qiladi. Galaxy M40 ekrani hajmi 6,3-dyuym va u Full HD+'ni qo‘llab quvvatlaydigan IPS-displeydir. Uning chap burchagida 16-megapikselli selfi-kameraning yumaloq tirqishi mavjud.

Smartfonni ramkasiz deb atasa ham bo‘ladi: ekran uskuna old tomonining 91,8 foizini band qilgan. Bundan tashqari, Screen Sound texnologiyasi yordamida Galaxy M40 displey vibratsiyasi orqali hamsuhbatning ovozini yoqishi mumkin.

Smartfonning ichki qismida sakkiz yadroli Snapdragon 675 protsessor, 6 GB operativ xotira va ma'lumotlarni saqlashga mo‘ljallangan 128 GB sig‘im mavjud, uni fleshkardlar orqali 512 GB'gacha kengaytirish mumkin. Orqa tomoni — 32, 8 va 5 Mp sezish qobiliyatiga ega 3 asosiy kamera, shuningdek, barmoq izi skaneri. Akkumulyator sig‘imi 3 500 mA∙s'ni tashkil etadi.

Texnik tavsif

  • Displey: 6,3 dyum, 2 340 × 1 080 piksel.
  • Protsessor: Snapdragon 675.
  • Xotira: 4/6 GB tezkor, 64/128 GB doimiy.
  • Kamera: asosiy — 32 + 8 + 5 Mp, frontal — 16 Mp.
  • Akkumulyator: 3 500 mA·s
  • Operatsion tizim: Android 9.0 Pie (One UI).

Hozircha smartfon faqatgina Hindistonda sotuvda. Uning narxi 290 dollarni tashkil etmoqda — ayni vaqtda ekrani kamerali tirqishga ega eng arzon smartfon bo‘lib turibdi.

Doogee S90 Pro 

Doogee kompaniyasi S90 Pro borasida anonslarni taqdim etdi — S90 modulidagi smartfonning yanada kuchliroq versiyasi. U telefon-transformerdir, ya'ni qo‘shimcha modullar yordamida uni portativ o‘yin qurilmasi, ratsiya, pauerbank va hattoki tungi kuzatuv uskunasiga aylantirish mumkin. Pro-versiya oldingisidan o‘zining kuchliroq protsessori, tez quvvat olish funksiyasi va 5G moduli bilan farq qiladi. Bundan tashqari, yangi kiritilgan mayda buyruqlar ham mavjud. Tasvirga olish modullari ichki magnitlar yordamida uskunaga mahkamlanadi.

Smartfon 6,18-dyumli Full HD+ displey bilan ta'minlangan. Frontal kamera va ovoz kuchaytirgich ekranning yuqori qismidagi tirqishga joylashtirilgan. Korpus IP68 standartiga muvofiq suv va havodan himoyalangan. Smartfon qirralari zarbaga chidamli qilib ishlangan, yerga tushganda sinmaydi, deb ta'kidlanadi.

Ichki joylashuv — MediaTek Helio P70 protsessori, 6 GB operativ va 256 GB ichki xotira, shuningdek akkumulyator 5 050 mA·s sig‘imli. Uskuna ichki xotira hajmini micro-SD formatidagi karta orqali 256 GB'gacha kengaytirish imkonini bera oladi. Umuman olganda, smartfon ekstremallar va sayohatchilarni qiziqtira oladi.

Texnik tavsif

  • Displey: 6,18 dyum, 2 246 × 1 080 piksel.
  • Protsessor: MediaTek Helio P70.
  • Xotira: 8 GB tezkor, 256 GB ichki.
  • Kamera: asosiy — 48 + 48 Mp, frontal — 16 Mp.
  • Akkumulyator: 5 050 mA·s.
  • Operatsion tizim: Android 9.0 Pie.

Yangilikning narxi va savdolar boshlanishi kuni haqida kompaniya keyinroq xabar qilishi aytilgan.

Blackview BV9700 Pro

Ekstremallar, sportchi va turistlar uchun yana bir smartfon bu safar Blackview kompaniyasi tomonidan taqdim etildi. Uning suv va zarbaga chidamli korpusi MIL-STD-810G harbiy standartlarga muvofiq sertifikatlashtirilgan va gadjetdan juda past va yuqori haroratli sharoitlarda ham birday foydalanish imkonini beradi.

Uskuna ekrani 5,84-dyumli, FHD+ IPS, 16-megapikselli kamera uchun kesimga ega. Orqa paneli — 16 va 8 Mp sezish qobiliyatiga ega ikkitalik kamera.

Smartfonning ichki tuzilishi — MediaTek Helio P70 protsessori, 6 GB operativ xotira va 128 GB ichki sig‘im. Uskuna 4 380 mA·s akkumulyatorga ega, simsiz quvvatlantirish tizimi mavjud va xotira hajmini fleshkard orqali 256 GB’gacha oshira oladi.

Texnik tavsif

  • Displey: 5,84 dyum, 2 280 × 1 080 piksel.
  • Protsessor: MediaTek Helio P70.
  • Xotira: 6 GB tezkor, 128 GB doimiy.
  • Kamera: asosiy — 16 + 8 Mp, frontal — 16 Mp.
  • Akkumulyator: 4 380 mA·s.
  • Operatsion tizim: Android 9.0 Pie.

Huawei Nova 5 Pro

Huawei kompaniyasi Nova 5 Pro'ni taqdim etdi — ushbu smartfonda barmoq izi datchiklariga ega ichki ekran va tomchi shaklidagi kesimda selfi-kamera mavjud.

Uskunaning OLED-matritsali FHD+ ekrani 6,39 dyum, 32 Mp selfi-kamera uchun kesimga ega. Ekran tebranishlar chastotasini moslashtirish uchun DC Dimming ichki funksiya bilan ta'minlangan.

Nova 5 Pro'ning orqa panelida 4 modulli kamera o‘rnatilgan: 48 Mp asosiy,16 Mp katta burchakli va makrotasvirlar va kenglik tiniqligini aniqlovchi 2 Mp'li ikki sensor .

Smartfonning«yuragi» bo‘lib Kirin 980 protsessori xizmat qiladi. Bundan tashqari, Nova 5 Pro 8 GB operativ va 128 yoki 256 GB doimiy xotiraga ega bo‘ladi.

Texnik tavsif

  • Displey: 6,39 dyum, 2 340 × 1 080 piksel.
  • Protsessor: Kirin 980.
  • Xotira: 8 GB tezkor, 128/256 GB doimiy.
  • Kamera: asosiy — 48 + 16 + 2 + 2 Mp, frontal — 32 Mp.
  • Akkumulyator: 3 500 mA·s.
  • Operatsion tizim: Android 9.0 Pie (EMUI 9.1).

8 GB operativ va 128 GB doimiy xotiraga ega Huawei Nova 5 Pro'ning narxi 2 999 yuan (≈ 435 AQSh dollari). Pro-versiyadan tashqari, smartfon Nova 5 i Nova 5i dizayni o‘xshash modifikatsiyalarga ega, ammo ularda ichki tuzilma nisbatan biroz kuchsiz.

Ulefone Power 6

Barcha zamonaviy smartfonlarning asosiy muammosi — energiya sarfi kattaligidadir. Hozirgi kundagi har qanday gadjetning bir marta quvvat to‘ldirishi o‘rtacha faollikdagi foydalanish davomida bir kundan ortiq xizmat qilmaydi. Ulefone ishlab chiqaruvchilari bu muammoni hal qilishga urinishdi va Power 6'ni taqdim qilishdi — hamyonbop, lekin 6 350 mA·s uzoq muddatli akkumulyator va MediaTek Helio P35 quvvat tejovchi protsessorga ega smartfon. Uskuna to‘ldirilgan bir quvvat bilan 4 kun ishlay oladi.

Smartfon boshqa jihatlari bilan hayratga solmaydi. Budjet tipidagi ichki tuzilma: katta e'tibor berilmagan protsessor, 4 GB operativ va 64 GB ichki sig‘im. 256 GB’gacha hajmdagi SD-kartani qo‘llab-quvvatlaydi. Uskuna korpusi yupqa va 6,3-dyumli ekran, yuz skaneri orqali xavfsizlik tizimiga ega 16 Mp selfi-kamera va 16 va 2 Mp sensorli asosiy kameralar. Barmoq izi skaneri datchiklari ham mavjud. Yana bir kichik afzalligi — smartfon bevosita to‘lovlar uchun NFC moduli bilan jihozlangan.

Texnik tavsif

  • Displey: 6,3 dyum, 2 330 × 1 080 piksel.
  • Protsessor: MediaTek Helio P35.
  • Xotira: 4 GB tezkor, 64 GB doimiy.
  • Kamera: asosiy — 16 + 2 Mp, frontal — 16 Mp.
  • Akkumulyator: 6 350 mA·s.
  • Operatsion tizim: Android 9.0 Pie.

Ulefone Power 6 narxi 199 AQSh dollari etib belgilangan.

HTC U19e

HTC kompaniyasining yangi smartfoni 6-dyumli AMOLED hech qanday kesim va tirqishlarsiz 2 160 × 1 080 piksel hajmdagi ekran bilan ta'minlangan, HDR10'ni qo‘llab-quvvatlaydi va Corning Gorilla Glass himoya shishasiga ega. Smartfon yarimshaffof orqa panel bilan jihozlangan bo‘lib, u orqali ichki tuzilmalarni ko‘rish mumkn.

HTC U19e sakkiz yadroli Qualcomm Snapdragon 710 chipiga, 6 GB operativ va 128 GB ichki xotiraga ega. SD-karta orqali uni yana kengaytirish mumkin. 20 va 12 Mp'li ikki karra yaqinlashtiruvchi va 4K-tasvirli asosiy kamera joylashtirilgan. Selfi-kamera foydalanuvchi ko‘z qorachig‘i va yuzini taniy oladigan ikkilik 24 va 2 Mp modulda.

Bundan tashqari, HTC U19e smartfonida BoomSound Hi-Fi kuchli stereodinamikalari, Bluetooth 5.0 va NFC modullari o‘rnatilgan.

Texnik tavsif

  • Displey: 6 dyum, 2 160 × 1 080 piksel.
  • Protsessor: Snapdragon 710.
  • Xotira: 6 GB operativ, 128 GB doimiy.
  • Kamera: asosiy — 20 + 12 Mp, frontal — 24 + 2 Mp.
  • Akkumulyator: 3 930 mA·s.
  • Operatsion tizim: Android 9.0 Pie (HTC Sense).

Yangi smartfonning bahosi qariyb 490 AQSh dollariga teng.

LG W30 PRO

LG kompaniyasi W Series deb nomlangan smartfonlar seriyasi anonsini taqdim etdi — batareyka sig‘imi va tomchi ko‘rinishidagi kesimi bilan farq qiladi. Seriyaning katta moduli LG W30 PRO sakkiz yadroli Qualcomm Snapdragon 632 protsessori va 6,21-dyumli HD+ displeyi va qo‘llab-quvvatlashi bilan e'tiborni tortadi. Stereo Pulse Sound texnologiyasi orqali smartfonning butun yuzasi rezonansli karnay uchun radiator sifatida ishlatiladi.

LG W30 PRO orqa panelida 13, 8 va 5 Mp datchikli 3tali asosiy, old tomonda 16 Mp modulli shaklan tomchini eslatuvchi frontal kamera joy olgan. Uskuna 4 GB operativ va 64 GB ichki xotiraga va microSD orqali sig‘imni kengaytirish xususiyatiga ega. Old panelda barmoq izi skaneri mavjud.

Texnik tavsif

  • Displey: 6,21 dyum, 1 520 × 720 piksel.
  • Protsessor: Snapdragon 632.
  • Xotira: 4 GB tezkor, 64 GB doimiy.
  • Kamera: asosiy — 13 + 8 + 5 Mp, frontal — 16 Mp.
  • Akkumulyator: 4 000 mA·s.
  • Operatsion tizim: Android 9.0 Pie.
  • LG W30 PRO narxlari borasida hozircha ma'lum qilinmagan.

Ekran osti kamerali OPPO

Va nihoyat buni uddalashdi. Ekrandagi kamera kesimlari va tirqishlarini yoqtirmaydiganlar uchun OPPO kompaniyasi maxsus smartfon taqdim etdi — endi frontal kamera shundoqqina smartfon ekrani ostida joylashadi. Bundan keyin filmlar yoki fotosuratlar tomoshasiga hech narsa xalaqit qilmaydi: OPPO displeyni butunlay ramkasiz ishlab chiqish yo‘lini o‘ylab topdi.

Ekranosti frontal kamerasi (USC) displey prototipiga jipslashtirilgan. Ushbu texnologiya bir vaqtning o‘zida ekranda ma'lumotlarni aks ettirish va kameradan foydalanish imkonini beradi: suratga olish, yuzni tanish orqali ekranni qulflash, video-qo‘ng‘iroqlar amalga oshirish. Ekranning selfi-modul o‘rnatilgan qismi displeyning qolgan joylari bilan bir xil ishlaydi, biroq kamera ishga tushgan vaqtda yorug‘likni tutish uchun shaffof holatga keladi.

OPPO prototipining texnik tavsiflari hali noma'lum va kompaniya USC texnologiyali ushbu seriyani qachon ommaga taqdim qilishi ham so‘roq ostida qolmoqda.

Mavzuga oid