Light | 18:56 / 03.07.2019
51456
4 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi eng baland daraxtlar. Chinor nechanchi o‘rinda?

Daraxtlar tabiatning ajralmas bo‘lagi, zaminning nafas tizimidir. O‘rtacha bir daraxt o‘rtacha bir oilaning kislorodga bo‘lgan ehtiyojini qoplaydi. Demak bitta daraxtni qulatish bir oilani toza havodan mahrum qilmoq demakdir.

Bugun e'tiboringizga havola qilayotganimiz dunyoning eng yirik daraxtlari qat'iy hisobda turadi va qattiq qo‘riqlanadi. Sababi, insonning “qudratli” qo‘llari tabiatning bu mo‘jizalariga ham chang solish ehtimoli juda yuqori.

 

Avstraliya evkalipti. 150 metrli afsona

Hali aniq o‘lchovlar ko‘pchilikni qiziqtirmagan o‘n to‘qqizinchi asrda tasdiqlanmagan rekord qayd etilgan. 1872 yilda o‘z yurti bo‘ylab sayohatga chiqqan avstraliyalik 150 metrdan oshgan evkalipt daraxtini uchratganligini yozib qoldirgan. Ammo bu faktni aniq o‘lchovlar bilan isbotlab, rasman e'lon qilmagan. Keyinchalik yillar o‘tib, yigirmanchi asrda bu qadar baland daraxtni izlash besamar ketgan. Biroq Avstraliyaning Kvinslend hududidagi Bau-Bau tog‘ida Shoh Evkalipti aniqlangan va uning balandligi 99,4 metr ekanligini rasman tasdiqlangan.

Avstraliyaga qarashli orol bo‘lgan Tasmaniya hududida ikkinchi baland daraxt – Tsenturion nomini olgan bo‘lib, u Stiks daryosi vodiysida o‘sadi va balandligi 98,1 metrga teng.

Ammo har qancha baland bo‘lmasin bu daraxtlar kuchli o‘nlikka kira olishmagan. Kuchli o‘nlik bir hududda tarqalgan bir tur o‘rtasida shakllangan.

AQSh uchun Sekvoyya daraxtlari milliy ramz, asriy g‘ururlardan biri hisoblanadi. Cheroke hindularining yetakchisi Sekvoyye sharafiga nomlangan bu daraxtlar shu qadar e'zozlanadiki, ular yoniga kelgan sayyohlar qat'iy nazoratda turishadi.

Demak boshladik*:

10. Mendosino nomini olgan bu daraxt Kaliforniyaning Montgomeri Vuds hududida o‘sadi.  Balandligi 112,20 metr, diametri – 4,19 metr.

9. Paradoks nomli sekvoyya Rokfeller-Forestda o‘sadi. Balandligi  – 112,56 metr, diametri – 3,90 metr.

8. Navbatdagi sekvoyya nomi Rokfeller, u Gumboldt okrugida o‘sadi. Balandligi  – 112,60 metr.

7. Lauralin nomli ulkan daraxt ham Gumboldt okrugida. Balandligi  – 112,62 metr, diametri – 4,54 metr.

6. Oltinchi o‘rindagi sekvoyyaning nomi Orion. San-Mateo okrugidagi Redvud milliy bog‘idagi bu daraxtning balandligi  – 112, 63 metr, diametri – 4,33 metr.

5. Kuchli beshlikning quyi o‘rnini Milliy geografik jamiyat (NGS) nomini olgan, Redvud-Krik daryosi bo‘yidagi sekvoyya egallagan. Uning balandligi  – 112,71 metr, diametri – 4,39 metr.

4. Stratosfera giganti nomli sekvoyya 113,11 metr balandlikka ega.

3. Kuchli uchlikni Ikar nomli daraxt boshlab beradi. Balandligi  – 113,14 metr, aylanasi – 3,78 metr. Bu nomni u quyoshga intilgani uchun olgan.

2. Ikkinchi o‘rinni egallagan Gelios nomli daraxt ham Redvud-Krik daryosi bo‘yida ko‘kka bo‘y cho‘zgan. Balandligi  114,58 metr bo‘lgan bu ulkan daraxt 2006 yilda ham eng birinchi edi. Lekin taxtni bo‘shatishga majbur bo‘ldi.

1. 2006 yilning 25 avgustida Geliosdan yetakchilikni tortib olgan sekvoyya nomi Giperion. U daryoning narigi tomonida o‘sadi. Uning balandligi – 115,61 metr, diametri – 4.84 metr.

O‘zbekiston hududida ham baland daraxtlar, xususan, diametri juda ulkan, bo‘ylari baland chinorlar uchraydi. Ammo ularning aniq tasdiqlangan, balandligi yoki diametri bo‘yicha tasniflangan ro‘yxatini ko‘rmadik. Demak bu ham tabiatshunoslarimizga tadqiqot uchun yaxshi mavzu, yurtimizga kelayotgan sayyohlar uchun qiziqarli tomosha manbai bo‘lishi mumkin.

Foto: O‘zA
Foto: O‘zA
Foto: O‘zA

* daraxtlar muntazam o‘sib turgani uchun reytingda ham o‘zgarishlar ehtimoldan xoli emas.

Mavzuga oid