Sport | 23:16 / 03.07.2019
42399
10 daqiqa o‘qiladi

G‘ofur Rahimovning matbuot kotibi Umar Kremlevning ayblovlariga javob qaytardi

AIBA prezidenti lavozimidan muvaqqat iste'foga chiqqan G‘ofur Rahimovning bu mansabga qaytish huquqi bekor qilingani haqidagi xabarlar asossiz, deb bayonot berdi o‘zbekistonlik funksionerning matbuot kotibi Ziyovuddin Hojiniyozov.

Hojiniyozovga ko‘ra, AIBA Ijroqo‘mining o‘tgan hafta qabul qilgan qarorini Rossiya boks federatsiyasi bosh kotibi Umar Kremlev xato talqin qilgan.

«Umuman noto‘g‘ri. Bu – bo‘hton. Umar Kremlev o‘qimagani sababli nima gapirayotganini o‘zi bilmaydi. AIBA prezidenti lavozimidan vaqtinchalik chetlashib, qaytib kelish huquqi AIBA Ustavida belgilab qo‘yilgan. Ustavni esa faqat Kongress o‘zgartira oladi», – dedi Rahimovning rasmiy vakili Toshkentda jurnalist Ismat Xushevga bergan intervyusida.

Umar Kremlevning keskin bayonoti

Umar Kremlev / Foto: RIA Novosti

O‘tgan hafta jahon havaskor boksining bosh tashkiloti Ijroiya Qo‘mitasi Jyenevada navbatdan tashqari yig‘ilish o‘tkazib, AIBA Reglamentidan (AIBA Bylaw) 16-moddani chiqarib tashlashga qaror qilgan edi. Shundan so‘ng Ijroqo‘m a'zosi Umar Kremlev bayonot bilan chiqib, AIBA «butun boks olamini aldagan insondan qutulgani»ni iddao qilgandi.

«Bugun biz birlashib, jiddiy qarorni qabul qildik – qarzlarni yopishi va XOQ bilan til topisha olishini aytib, butun boks olamini aldagan insondan qutuldik.

G‘ofur Rahimov AIBA`ni bankrotlik yoqasiga keltirib qo‘ydi. U butun boks jamoatchiligidan uzr so‘rashi kerak.

Bugun u qayta olmasligi uchun Ustavdan tegishli bandni chiqarib tashladik va 15 noyabr kuni Kongress chaqirishga qaror qildik. Unda AIBA`ga yangi rahbariyatni saylaymiz», – degan Kremlevning so‘zlarini keltirgan edi Rossiya boks federatsiyasi rasmiy sayti.

Ijroqo‘m nimani o‘zgartirdi?

AIBA`ning Lozannadagi shtab-kvartirasi (Shveytsariya) / Foto: AIBA

Kremlevning bayonoti 27 iyunda – AIBA Ijroiya Qo‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tgan kuniyoq e'lon qilingan edi. Kecha, 2 iyul kuni AIBA rasmiy saytida tashkilotning muvaqqat prezidenti Muhammad Mustasanning bayonoti chiqdi. Unda G‘ofur Rahimovga AIBA Ijroqo‘mi nomidan tashkilot oldidagi xizmatlari uchun rahmat aytilgan va:

«U o‘z shaxsiy muammolarini hal qilish uchun o‘zi istamagan holda lavozimidan chetlashishga qaror qilgan ekan, Ijroqo‘m endilikda Reglamentdan 16-moddani chiqarib tashlashga qaror qildi», – deyilgan.

AIBA`ning ijro organi tomonidan tasdiqlanadigan Reglamentning 16-moddasi 3-qismida: «Agar vaqtincha iste'foga chiqqan prezident yangi prezident saylovi o‘tkaziladigan navbatdan tashqari Kongressga 90 kundan ko‘proq vaqt qolgan paytda o‘z lavozimiga qaytishni istasa, o‘zi saylangan vakolat muddatining qolgan qismida ham prezident sifatida ishlashda davom etish huquqiga ega bo‘ladi», deb qayd etilgan.

Boshqacha aytganda, mazkur normaga binoan, vaqtincha lavozimidan ketgan prezident yangi prezident saylanadigan navbatdan tashqari Kongressga 90 kundan kamroq vaqt qolgan bo‘lsa, mansabiga qayta olmaydi.

Biroq, G‘ofur Rahimovning matbuot kotibiga ko‘ra, ushbu bandning chiqarib tashlanishi amalda hech narsani o‘zgartirmaydi. boisi Reglament – qonunosti hujjati sanaladi va u Kongress emas, Ijroqo‘m tomonidan qabul qilinadi.

«AIBA`ning qonunosti hujjatlari bor. Bu hujjatlar Ustavda yozilgan moddalar tushunarliroq bo‘lishi uchun qo‘llaniladi. Ijroqo‘m ko‘rib chiqib, kerakli joylarini to‘g‘rilaydi – bu doimiy ravishda bo‘ladigan narsa.

Bu joyi olib tashlandimi, demak, Kongress 15 noyabrga belgilangan bo‘lsa, Rahimov 15 noyabr kuni ham qaytib kelishi mumkin. Endi cheklov yo‘q. Qonunosti hujjatida demokratik asosda bo‘lsin, deya cheklov qo‘yilgan edi», – deydi Ziyovuddin Hojiniyozov.

«Gapirilgan hamma gaplar – o‘zgartirish kiritildi, endi qaytib kela olmaydi, degan gaplarning hammasi asossiz. Prezidentni faqat Kongress olib tashlay oladi. AIBA Kongressi yig‘ilib, G‘ofur akaga keting, deb aytish huquqiga ega. AIBA`ning boshqa hech qaysi organi bunday qila olmaydi», – deya qo‘shimcha qildi u.

Umar Kremlev kim, u G‘ofur Rahimovni nega ayblamoqda?

Foto: AIBA

Tojik millatiga mansubligi va avvalgi familiyasi Lutfulloyev bo‘lgani aytiladigan Umar Kremlev 2017 yilda Rossiya boks federatsiyasi bosh kotibi lavozimiga kelguniga qadar promouterlik kompaniyasini boshqargan. Rossiya boksi kuni, Xalqaro boks kuni kabi sanalarning belgilanishi uning nomi bilan bog‘lanadi. Rossiya oldidagi xizmatlari uchun bir qator medallar bilan taqdirlangan.

Kremlev 2018 yil noyabrida AIBA`ning Moskvadagi Kongressida tashkilot Ijroqo‘mi a'zoligiga saylangan edi. Bu bilan u AIBA Ijroqo‘miga kirgan ilk rossiyalikka aylangan. 2019 yil boshida esa Kremlev Yevropa boks konfederatsiyasi birinchi vitse-prezidenti lavozimiga ham saylangan. U AIBA`da Marketing komissiyasi raisi hamdir.

G‘ofur Rahimovning matbuot kotibi Ziyovuddin Hojiniyozovga ko‘ra, Umar Kremlev aynan Rahimovning qo‘llovi bilan AIBA rahbariyatidan joy olgan:

«Uning o‘z niyatlari bo‘lgan, ya'ni AIBA Ijroqo‘miga kirib oldi. Moskvada kimning obro‘si bilan o‘tganini bilasiz. Hech kim tanimasa uni, qanday qilib o‘tadi? G‘ofur aka senga yordam beraman, qo‘llab-quvvatlayman, o‘sgin, deb olib keldilar, u esa sotqinlik qildi».

Kremlev o‘tgan yilgi Moskva Kongressi oldidan bergan intervyularining birida: «G‘ofur Rahimov boks uchun ko‘p ish qildi – bankrotlikni to‘xtatdi, hakamlikda tartib o‘rnatmoqda», deb aytgan. Uning o‘sha vaqtdagi fikriga ko‘ra, Rahimov – «haqiqiy yetakchi», u bilan «boksda shubhasiz kelajak bor».

Rossiyalik sport menejyerining o‘zbekistonlik hamkasbiga munosabati bir yil ham o‘tmay tubdan o‘zgarganini Rahimovning matbuot kotibi quyidagicha izohlaydi:

«Bu yil Yekaterinburgda ham erkaklar, ham ayollar o‘rtasida Jahon chempionati bo‘ladi. Bu – Rossiya tarixida birinchisi. Avvaliga ikkala musobaqa ham Olimpiadaga saralash turniri deb belgilangan edi. Lekin XOQ bilan munosabatlar keskinlashgani ortidan jahon chempionatlari Olimpiadaga yo‘llanma bermaydigan bo‘ldi.

Shu narsa unga alam qildimi... Jahon chempionati bo‘ladi deb, o‘zining firibgarlik ishlari bilan shug‘ullangan bo‘lishi, pul olib qo‘ygan bo‘lishi mumkin. Achchiq qilib, G‘ofur akaga tuxmat qilishga o‘tdi», – dedi Ziyovuddin Hojiniyozov.

AIBA muvaqqat prezidenti Muhammad Mustahsan ham Kremlevning yuqoridagi ayblovlari ortida shaxsiy adovat turibdi, degan fikrda.

«Ba'zi shaxslar o‘zi va shaxsiy kun tartibini bizning sport turidan ustun qo‘yganini aqlga sig‘mas narsa, deb hisoblayman», – dedi Mustahsan.

AIBA Kremlev ustidan tekshiruv boshlagan

O‘rtada - Umar Kremlev, o‘ngda - Vladimir Prodivus / Foto: ruspekh.ru

Umar Nazarovich G‘ofur Ahmedovichga nisbatan ilgari surgan ayblovlaridan so‘ng AIBA`da uning o‘ziga nisbatan intizomiy ish ochildi.

Intizom komissiyasi Kremlev tomonidan prezident Rahimovning obro‘si va ishbilarmonlik nufuziga putur yetkazadigan, axloqqa zid hamda asossiz bayonotlar bo‘yicha surishtiruv boshlagan.

Kremlev, shuningdek, Ijroqo‘m a'zoligiga nomzodini ilgari surganida sudlangani to‘g‘risidagi ma'lumotlarni yashirishda ham gumonlanmoqda. AIBA Nizomiga asosan, ilgari sudlangan shaxslar Ijroqo‘m a'zoligiga saylanishi mumkin emas.

OAVdagi xabarlarga ko‘ra, Umar Kremlev 2004 va 2007 yillarda Rossiyada ikki marta sudlangan. O‘sha paytda u tug‘ilgan paytida olgan Lutfulloyev familiyasida bo‘lgan, sudlardan keyin uni o‘zgartirib, Kremlevga aylangan.

Umar o‘ziga nisbatan ochilgan intizomiy ishni G‘ofur Rahimov tomonidan javob yurishi sifatida baholamoqda.

Intizom komissiyasi Kremlevdan tashqari Ukraina boks federatsiyasi prezidenti Vladimir Prodivus va Belarus boks federatsiyasi vitse-prezidenti Emiliya Gruyevaga nisbatan ham tekshiruv boshlagan. Ular Kremlev bilan birga vaqtinchalik prezident Muhammad Mustahsanga ishonchsizlik bildirishgan edi.

Mavzuga oid